07:48 / 13.09.2023
4841

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etildi

Malaka toifasi berish bo‘yicha attestatsiyalar joriy yilning 16 sentabridan boshlanadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari, kasbiy mahoratini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish funksiyalarini amalga oshiruvchi Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etildi.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilangan:

- tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakalarini baholash va ularga malaka toifalarini berish, bu borada mutaxassislar bilimi, ko‘nikmalari va qobiliyatlarini obektiv baholashning zamonaviy uslublarini joriy qilish;

- tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining o‘z malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishida ko‘maklashish;

- attestatsiyalarni o‘tkazish va malaka toifalari berish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy asoslarni ishlab chiqish va takomillashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali uning shaffofligini ta’minlash;

- tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga qo‘yiladigan amaldagi talablarni tahlil qilish va zamonaviy malakaviy talablarni hamda ularni ro‘yxatdan o‘tkazishning normativ-huquqiy bazasini yaratishda ishtirok etish.

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi olish bo‘yicha hujjat topshirish va attestatsiyadan o‘tkazishning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizim asosida tashkil etish tartibi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra:

- malaka toifasini berish bo‘yicha attestatsiyalarning onlayn tartibi joriy yilning sentabridan boshlab, sinov tariqasida vrach va farmatsevtlarga, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga bosqichma-bosqich joriy etiladi;

- malaka toifasi berish bo‘yicha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish va ularga elektron sertifikatlar rasmiylashtirilishini yo‘lga qo‘yish uchun “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish va ularga sertifikat berish” yagona axborot tizimi (tibtoifa.ssv.uz) yaratildi va 2023 yil 11 sentabrdan tajriba sinov tariqasida joriy etiladi.

Endilikda malaka toifasi berish bo‘yicha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjatlari faqat elektron shaklda tibtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

Bunda, hujjat topshirish uchun har bir tibbiyot va farmatsevtika xodimi Yagona identifikatsiya tizimi (OneID)da id.egov.uz havolasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

Malaka toifasi berish bo‘yicha attestatsiyalar joriy yilning 16 sentabridan boshlanadi.

Top