“Taşxislaşni osonlaştiradi, ammo unga töliq işonmaslik kerak” – tibbiyotda sun’iy intellekt samarasi va xavflari haqida
|23:21 / 30.10.20254 61418 min
Hozirda ayrim xususiy klinikalar va davlat şifoxonalarida taşxislaş, bemor kuzatuvi va reabilitatsiya jarayonlariga sun’iy intellekt sinov tariqasida tatbiq etilmoqda. Bu yangi texnologiyaning mahalliy şaroitga moslaşuvi, bemor ma’lumotlarini himoya qiliş va javobgarlik masalalarini kun tartibiga çiqaradi. Kun.uz muxbiri ayni mavzuda xalqaro kompaniyada dasturçi sifatida faoliyat yuritayotgan va tibbiyotda tahlil natijalariga köra taşxislaşni osonlaştirişga qaratilgan startap ustida işlayotgan yoş tadqiqotçi Dildora Ğaniyeva bilan suhbatlaşdi.
Dildora Ğaniyeva
Sun’iy intellekt (SI) tibbiyot va texnologiya rivojlangan mamlakatlarda kasalliklarni prognoz qiliş, retsept yoziş va hatto dori vositalarini işlab çiqişda qöllanyapti. Soğliqni saqlaş vazirligi bergan ma’lumotlarga köra, 2025 yil boşidan Dermatovenerologiya va kosmetologiya markazida kasalliklarni SI yordamida taşxislaş yölga qöyilgan. Bu özi qançalik samarali va SI tibbiyotdagi aynan qaysi jarayonlarda nimalarni özgartiradi?
— Sun’iy intellekt tibbiyotda eng köp foyda berayotgan yönalişlardan biri bu — taşxis qöyiş. Negaki aqlli texnologiya minglab ma’lumotlarni bir zumda tahlil qilib, inson közi ilğamaydigan kasallik belgilarini aniqlay oladi. Masalan, u rentgen yoki MRT suratlaridagi juda kiçik özgarişlarni ham topiş qobiliyatiga ega. Mazkur jihat şifokorlarga kasallikni erta bosqiçda biliş va davolaşni öz vaqtida boşlaş imkonini beradi. Natijada bemorlarning soğayiş ehtimoli oşadi, davolaniş muddati esa qisqaradi.
Yana bir katta afzalligi xatoliklarni kamaytirişda közga taşlanadi. Har qança tajribali bölmasin, şifokor – inson: demak, u çarçaydi yoki e’tiborsizlik qilib ayrim jihatlarni şunçaki ilğamay qolişi mumkin. Sun’iy intellekt esa ma’lumotlarga asoslanib iş köradi va hissiyotlarga berilmaydi. Şu bois, u tahlilni barqaror va aniq bajaradi.
Bundan taşqari, sun’iy intellekt tibbiyotda faqat taşxis bilan çeklanmayapti. U kasallik xavfini oldindan prognoz qiliş, bemorga mos retsept tuziş, hatto yangi dorilar işlab çiqişda ham faol iştirok etmoqda. Ilgari laboratoriyalarda yillab davom etgan tajribalar endi bir neça oy, hatto haftalar içida amalga oşirilişiga erişilyapti.
Bemorni kuzatiş va reabilitatsiya bosqiçida ham sun’iy intellekt texnologiyalari muhim ahamiyatga ega. Masalan, aqlli bilaguzuklar yoki mobil ilovalar yordamida bemorning yurak urişi, qon bosimi, qand miqdori, uyqu sifati kabi körsatkiçlarini doimiy ravişda ölçab boriş imkoniyati mavjud. Bu qurilmalarda töplagan ma’lumotlar sun’iy intellekt orqali tahlil qilinadi va agar özgariş yoki xavfli belgi aniqlansa, şifokorga avtomatik signal yuboriladi. Şu yöl bilan yurak xurujlari, insult yoki boşqa oğir holatlarning oldini oliş mumkin böladi. Bunday tizimlar, ayniqsa, surunkali kasalliklarga çalingan, uyda davolanayotgan yoki reabilitatsiya bosqiçida bölgan bemorlar uçun juda foydali.
Mavzuga oid
Yana bir muhim yönaliş — tibbiy hujjatlarni avtomatlaştiriş. Sun’iy intellekt bu borada şifokorlarga katta yordam bermoqda. U tovuşni matnga aylantiradi, bemorning tarixini tartiblaydi, tahlil natijalarini joylaştiradi va statistik ma’lumotlarni avtomatik tayyorlaydi. Şifokor endi har bir taşxisni qölda yozib çiqişga vaqt sarflamaydi: tizim hammasini özi töldiradi,mutaxassis esa faqat tekşirib, tasdiqlaydi. Bu tibbiyot xodimiga bemor bilan köproq vaqt ötkaziş, muloqotni yaxşilaş va insoniy yondaşuvni kuçaytiriş imkonini beradi.
Sun’iy intellekt öz bazasida mavjud ma’lumotlar asosida sörovlarga javob beradi. Özbek tilida esa raqamli baza yetişmovçiligi masalasi bor. Mazkur holat sun’iy intellektning taşxisni töğri qöyiş va tibbiy masalalarda asosli maslahat beriş qobiliyatiga aks ta’sir körsatmaydimi? Sun’iy ong bergan ma’lumotlarga qay darajada işonsa böladi?
— Mazkur texnologiyaning işonçliligi, ayniqsa, özbek tili kabi raqamli resursi çeklangan tillarda hali ham muhokamada. Boisi sun’iy intellektning “aql” darajasi bevosita unga yuklangan ma’lumotlar bazasiga boğliq, qançalik köp, töliq va sifatli manba bölsa, natija şunçalik aniq çiqadi.
Bugungi kunda ingliz, xitoy yoki ispan tillarida tibbiy ma’lumotlar bazasi nihoyatda boy, şuning uçun sun’iy intellekt uşbu tillarda bemor belgilarini aniqroq tahlil qiladi, statistik xulosalar çiqaradi va ehtimoliy taşxislarni yaxşiroq beradi. Ammo özbek tilida bu imkoniyat hali töliq şakllanmagan. Ma’lumotlar bazasining çeklanganligi, terminologik nomuvofiqliklar, tibbiy hujjatlarning yagona elektron tizimda saqlanmasligi kabi omillar natijaga bevosita ta’sir körsatadi.
Agar texnologiyani öqitişda işlatilgan ma’lumotlar inglizça yoki boşqa tillarga asoslangan bölsa, özbekça tibbiy sörov(prompt) kiritilganda sun’iy intellekt mahalliy atamalar, klinik yozuv uslubi yoki madaniy kontekstni notöğri tuşunişi mumkin. Tizim avtomatik tarjima orqali işlasa, klinik ma’no yöqoladi. Masalan, “qand” va “glyukoza” kabi sözlar aralaşib, noaniq javob çiqişi ehtimoli mavjud. Oqibatda, u tibbiy yozuvlarni notöğri tarjima yoki talqin qiladi. Belgilarni yangliş baholab, xato tavsiya berişi ehtimoli oşadi. Mahalliy kasalliklar, diagnostika protokollari yoki dori nomlarini tanimasligi mumkin.
Texnik jihatdan qaraganda, SI işonçliligi bir neça omillarga boğliq: ma’lumotlar töplamining sifati va hajmi, modelni örgatişdagi tarafkaşlik (bias), natijani izohlaş qobiliyati, şuningdek yangi virus yoki genetik özgarişlarga moslaşiş darajasi. Agar model eski ma’lumotlar asosida işlasa, u yangi holatlarda xatoga yöl qöyadi.
Şuning uçun şifokorlar orasida ham bu tizimdan faqat yordamçi vosita sifatida foydalaniş fikri kuçli, ya’ni sun’iy intellekt taşxis qöyişda emas, balki mavjud ma’lumotlarni tahlil qiliş, öxşaş holatlar bilan soliştiriş va ehtimoliy tavsiyalar berişda işonçliroq natija körsatadi. Özbek tilida ham tibbiy ma’lumotlar bazasini boyitiş, terminlarni yagona standartga keltiriş va sun’iy intellekt modellarini şu tilga moslaştiriş ustida iş olib borilsa, natijalar sifat jihatidan yuqoriga kötariladi. Hozirça tibbiyotda u bergan ma’lumotlarga töliq tayanib bölmaydi.
Sun’iy intellekt qaysi kasalliklarni aniqlaşda yaxşiroq samara bermoqda?
— SI tibbiy tasvirlarni tahlil qilişda ya’ni rentgen, KT, MRT, dermatoskopiya va oftalmologik suratlarda yaxşiroq natija körsatadi. Çunki bu sohada raqamli, aniq va bir xil formatdagi ma’lumotlar köp. Sun’iy intellekt yuz minglab suratlarni soliştirib, inson közi ilğamaydigan darajada kiçik özgarişlarni aniqlay oladi. Misol uçun, öpka nodullari, mammogrammada boşlanğiç ösimtalar, diabetik retinopatiyaning dastlabki belgilarini erta bosqiçda topa oladi. Şu bilan bir qatorda, patologik slaydlarni tahlil qilişda ham SI mikroskop ostidagi mikroorganizmlarni örganib, saraton hujayralari mavjudligi va ularning bosqiçini aniqlaşda yordam beradi.
Kardiologiya yönalişida SI yurak faoliyatini kuzatiş böyiça yangi imkoniyatlar yaratdi. U EKG yoki yurak monitorlaridan olingan ma’lumotlar orqali aritmiyalar, yurak ötkazuvçanligi buzilişlari, hatto “simptomsiz” işemiyani erta bosqiçda aniqlay oladi. Bunga qöşimça ravişda, doimiy monitoring qurilmalari, masalan, aqlli bilaguzuklar yoki Holter apparatlari yordamida yurakdagi özgarişlar tahlil qilinib, xavfli holatlar haqida şifokorga avtomatik ogohlantiriş yuboriladi.
Laboratoriya va genomika sohasida SI kasallik xavfini oldindan başorat qilişda foydali. U DNK yoki ARN ma’lumotlarini tahlil etib, ma’lum genetik variantlar bilan boğliq kasalliklar xavfini aniqlaydi. Ayniqsa, saraton turlarining genetik subtiplarini ajratişda bu texnologiyadan foydalaniş qöl keladi. Şu bilan birga, surunkali kasalliklarni kuzatişda ham SI öziga xos ahamiyatga ega. Misol uçun, diabet, gipertoniya yoki yurak yetişmovçiligi bilan oğrigan bemorlarda sensorlardan olinadigan ma’lumotlar doimiy tahlil qilinadi va özgarişlar yuz bersa, tizim şifokorni ogohlantiradi. Bu esa oğir holatlarning oldini olişga kömaklaşadi.
Biroq, tibbiyotdagi hamma sohada ham sun’iy intellekt mukammal emas. U hali psixiatriya va ruhiy kasalliklarni aniqlaşda ança nönoq. Çunki ruhiy holatni baholaş aksar hollarda sub’yektiv, madaniy va şaxsiy omillarga boğliq. SI ba’zi nutq yoki mimika özgarişlarini tahlil qilişi mumkin, ammo töliq taşxis uçun jonli psixiatrning bahosi zarur. Şuningdek, noyob va kam uçraydigan kasalliklarda ma’lumotlar yetarli bölmagani sababli SI ularni örganolmaydi yoki notöğri taxmin qiladi.
Köp tizimli (multisystem) kasalliklar va klinik kontekstni talab qiladigan holatlar ham sun’iy intellekt uçun murakkablik qiladi. Masalan, fibromialgiya yoki autoimmun kasalliklar singari turli belgilar bilan keçadigan xastaliklarda model yagona xulosa çiqara olmaydi. Şuningdek, SI bemorning jismoniy körikdagi holatini, masalan, palpatsiya paytida aniqlanadigan özgarişlarni his qilolmaydi: bunday taşxislarda şifokor sezgisi va tajribasi hal qiluvçi kuçini saqlab qoladi.
Sun’iy ong notöğri taşxis qöysa yoki uning tavsiyasi bemorga zarar yetkazsa, javobgarlik kimning zimmasida böladi?
— Avvalo bir haqiqatni aytib ötiş kerak: hozirgi qonunlar va sud amaliyoti SIni “javobgar” deb hisoblamaydi. Javobgarlik, odatda, inson yoki taşkilotlarga: şifokor, şifoxona, işlab çiquvçi yoki xizmatni joylaştirgan (deploy qilgan) taşkilotga yuklanadi. Xalqaro tajribada qaysi tomon javobgar bölişi voqea şaroiti, qonunçilik va şartnomalar hamda tizim qanday işlatilganiga qarab aniqlanadi.
Şifokor (yoki klinik xodim) javobgarligi. Aksariyat mamlakatlarda tibbiy amaliyotda yakuniy qaror va javobgarlik şifokorning zimmasida qoladi. Agar şifokor SI taklifini “neytral” yordam sifatida qabul qilib, öz klinik bahosini qöymasdan unga töliq suyansa va oxirida natija zarar keltirsa, bu parvarişlaş standarti (standard of care)ga zid hisoblanadi va şifokor tibbiy beparvolik uçun javob beradi. Şu sababdan, köplab soğliqni saqlaş organlari şifokorlarga SI tavsiyalarini tekşirişni, inson nazorati (human-in-the-loop)ni saqlaşni tavsiya qiladi.
Şifoxona yoki soğliqni saqlaş taşkiloti (deployer) javobgarligi. Agar taşkilot notöğri, sinovdan ötmagan yoki moslaştirilmagan SI tizimini joriy qilgan, xodimlarni yetarli öqitmagan yoki tizimni xavfsiz tarzda nazorat qilmagan bölsa, taşkilotga e’tiborsiz (beparvo) tanlov (negligent selection/retention) yoki ekspluatatsiya javobgarligi yuklanişi mumkin, ya’ni klinika yoki şifoxona SI vositasini tanlaş va uning integratsiyasiga oid majburiyatlarni buzgan bölişi ehtimoli böladi.
Işlab çiquvçi (vendor) javobgarligi. SI mahsuloti texnik xato, notöğri örgatilgan model, xavfsizlik nuqsoni yoki marketingdagi da’volar bilan mos kelmaydigan natija bergan bölsa, işlab çiqaruvçi mahsulot mas’uliyati (product liability) yoki kontrakt şartlariga köra javob beradi. Yevropa Ittifoqi singari hududlarda AI va tibbiy mahsulotlar uçun joriy etilgan yangi me’yorlar işlab çiqaruvçilarning majburiyatini kuçaytirmoqda. Ayni paytda Özbekistonda sun’iy intellektni tibbiyotda qöllaşga doir alohida qonun yoki hujjat mavjud emas. Bemor hayoti oldidagi mas’uliyatni hisobga olib, tibbiyotda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etiş va qöllaş böyiça umumiy siyosat hamda strategiyalar işlab çiqiş zarur deb hisoblayman.
Tibbiyotda ma’lumotlarning maxfiyligi – eng muhim omillardan biri. SI işlaşi uçun esa ulkan hajmdagi bemorlar ma’lumotlari kerak böladi. Şu nuqtai nazardan, Özbekistonda tibbiy ma’lumotlar xavfsizligi va ularni raqamlaştiriş jarayoni qay darajada himoyalangan? Bemorlarning şaxsiy ma’lumotlari bilan işlaşda qanday mexanizmlar joriy etilişi kerak deb hisoblaysiz?
- Haqiqatan, bemorlarning ma’lumotlari eng nozik va muhim resurslardan biri hisoblanadi. Tibbiyotda ularning maxfiyligi va xavfsizligiga ham axloqiy, ham huquqiy majburiyat sifatida qaraladi. Sun’iy intellekt (SI) tizimlari samarali işlaşi uçun esa ulkan hajmdagi bemor ma’lumotlarini tahlil qilişi zarur.
Özbekistonda “Şaxsga doir ma’lumotlar töğrisida”gi va “Fuqarolar soğliğini saqlaş töğrisida”gi qonun tibbiy ma’lumotlarning maxfiyligini himoya qiliş uçun umumiy huquqiy asos yaratadi. Uşbu qonunlar bemorlarning şaxsiy ma’lumotlariga ruxsatsiz kirişni taqiqlaydi, tibbiy xodim va taşkilotlar ma’lumotlarni faqat belgilangan maqsadlarda işlatişi kerakligini belgilaydi. Biroq ma’lumotlar raqamlaştirilganda ularni himoya qiliş uçun texnik va taşkiliy çoralar talab etiladi.
Texnik himoya çoralariga şifrlaş, autentifikatsiya tizimlari, kiriş huquqlarini boşqariş va ma’lumotlar bazasini muntazam zaxiralaş kiradi. Masalan, har bir şifokor yoki tibbiy xodim faqat öziga ruxsat berilgan bemor ma’lumotlariga kira olişi lozim, tizimga ulaniş esa individual login va parol, ba’zan ikki bosqiçli autentifikatsiya orqali amalga oşirilişi zarur. Şu bilan birga, barça tranzaksiyalar va ma’lumotlar özgartirilişi bazada qayd qilinişi kerak, bu nazorat imkonini beradi.
Taşkiliy jihatdan bemor ma’lumotlariga kiriş jarayoni qat’iy tartibga solinişi lozim. SI tizimlarini tatbiq qiladigan tibbiyot markazlari öz xodimlarini ma’lumotlar xavfsizligi böyiça öqitişi, maxfiylik siyosatini işlab çiqişi va favqulodda vaziyatlarda çoralar rejasini belgilaşi zarur.
Kelgusida, bemorlarning şaxsiy ma’lumotlari bilan işlaşda qöllanişi lozim bölgan mexanizmlar quyidagilarni öz içiga olişi lozim:
Ma’lumotlarni anonimlaştiriş/ ma’lumotlarni kodlaş orqali şaxsiy identifikatorlarni yaşiriş;
Har bir kiriş va özgariş uçun audit izini saqlaş;
SI tizimining tahlil natijalari inson nazorati ostida bölişi, ya’ni tizim tavsiyasi şifokor tomonidan tasdiqlanişi;
Ma’lumotlar bazasi va serverlarning xavfsizligi hamda şifrlanişi;
Tizimni notöğri işlaşdan yoki kiberhujumlardan himoya qiliş çoralarini muntazam yangilab boriş.
SI tizimlari asosan xorijiy tajriba asosida yaratiladi va jarayonda öşa mamlakatlarning klinik standartlariga tayaniladi. Özbekiston şaroitida esa iqlim, genetika, hayot tarzi va kasalliklar statistikasi boşqaça. Sizningça, SI tizimlarini mahalliy şaroitga moslaştiriş uçun qanday işlar qilinişi kerak?
- Sun’iy intellekt (SI) tizimlari tibbiyotda yuqori samaradorlik bilan işlaşi uçun katta hajmdagi ma’lumotlar va tajriba asosida öqitiladi. Köpinça, bu tizimlar xorijiy mamlakatlarda işlab çiqiladi va u yerning klinik standartlari, diagnostika protokollari, demografik xususiyatlari, iqlim şaroitlari, genetik tarkibi va hayot tarzi kabi omillarga tayanadi. Şu sabab, ularning tizimlarini Özbekistonga bevosita tatbiq etiş xavfli bölişi mumkin, çunki iqlim, genetik profil, hayot tarzi va kasallik statistikasi farq qiladi.
Avvalo, tizimni mahalliy şaroitga moslaştirib, aqlli tizimlarga örgatiş uçun mintaqaviy bemorlar ma’lumotlarini yiğiş zarur. Bunga faqat diagnostika natijalari yoki tahlillar emas, demografik ma’lumotlar, hayot tarzi, genetik xususiyatlar va kasalliklar tarixi kabi parametrlar ham kiradi. Şu yöl bilan tizim mahalliy aholining xususiyatlarini hisobga olgan holda tahlil qila oladi.
Mahalliy bazani yaratişda şaxsiy ma’lumotlar himoyasi birinçi örinda turişi lozim. Ma’lumotlar anonimlaştirilişi, şifrlanişi va ruxsatsiz kirişdan himoyalanişi kerak.
Bundan taşqari, Özbekistondagi diagnostika va davolaş standartlari tizimga kiritilişi lozim. Masalan, qand kasalligi yoki yurak-qon tomir kasalliklari taşxisida xorijiy standartlar bilan mahalliy protokollar farq qilişi mumkin. Tizimni mahalliy protokollar asosida sozlaş ijobiy natijaga erişişda yordamlaşadi.
SI tizimlarini mahalliy şaroitga moslaştirişda faqat dasturçilar emas, tibbiyot mutaxassislari, epidemiologlar va genetika böyiça olimlar iştirok etişi muhim. Ular tizim tomonidan berilgan natijalarni tahlil qiladi, xatoliklarni aniqlaydi va modelni mahalliy şaroitga sozlab, qayta öqitişga yordam beradi.
Moslaştirilgan tizimni, avvalo, çeklangan hududlarda sinovdan ötkaziş lozim. Sinov jarayonida tizimning aniqlik darajasi, notöğri taşxis ehtimoli va bemor xavfsizligi tekşiriladi. Şu bilan birga, tizim amaliyotga joriy etilgaç, uni muntazam monitoring qiliş va yangilab turiş talab etiladi.
Mahalliylaştiriş jarayonida davlat organlari tibbiyot standartlari, ma’lumotlarni himoya qiliş qoidalari va SI tizimlari uçun litsenziya va sertifikatlaş mexanizmlarini işlab çiqişi zarur. Şu tarzda, tizimning qonuniy va xavfsiz işlaşi ta’minlanadi.