AQSh Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi
Qorabog‘dagi shu paytgacha og‘ir humanitar vaziyat yanada og‘irlashadi va mintaqada tinchlik o‘rnatish istiqbollariga putur yetadi, dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken.
Qo‘shma Shtatlar Qorabog‘dagi harbiy harakatlardan qattiq xavotirda va ularni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiradi, dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 19 sentabr, seshanba kuni kechqurun e’lon qilgan bayonotida.
«Bu harakatlar Qorabog‘dagi humanitar vaziyatni yomonlashtirib, tinchlik istiqboliga putur yetkazmoqda. Biz allaqachon aytib o‘tganimizdek, nizolarni kuch ishlatish yo‘li bilan hal etishni qabul qilib bo‘lmaydi, bu mintaqada munosib tinchlik va adolat qaror topishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarga ziddir», - deb ta’kidlaydi AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari. «Biz jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, Boku va Qorabog‘ aholisi vakillari o‘rtasida muloqot o‘rnatishga chaqiramiz», - dedi Blinken.
Armaniston va Ozarboyjon rahbarlari bilan muzokaralar
Keyinroq AQSh Davlat departamenti vakili Mettyu Miller xabar qilganidek, Entoni Blinken 19 sentabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga telefon qilgan.
Amerika diplomatiyasi rahbari Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan ham telefon orqali muloqot qildi. «Davlat kotibi muammoning harbiy yechimi yo‘qligini, tomonlar Boku va Qorabog‘dagi etnik armanlar o‘rtasida hal etilmagan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun muloqotni qayta boshlashi kerakligini ta’kidladi», dedi Davlat departamenti vakili.
Shu bilan birga, Entoni Blinken Aliyevning harbiy harakatlarni to‘xtatish va Ozarboyjon vakillari bilan Qorabog‘ aholisi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini ta’kidladi, dedi Miller. O‘z navbatida, AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari ushbu rejani tezroq amalga oshirish zarurligini bildirgan.
Qorabog‘dagi operatsiya
19 sentabr kuni ertalab Ozarboyjon Qorabog‘da «aksilterror tadbirlari»ni e’lon qildi va tan olinmagan respublika hududini, jumladan, uning poytaxti Stepanakertni o‘qqa tuta boshladi. Shu bilan birga, Boku arman qo‘shinlarini olib chiqib ketish va mintaqada «rejim o‘zgarishini» talab qilishini bildirdi. Ayni paytda, Yerevan Qorabog‘ hududida arman harbiylari yo‘qligini da’vo qilib, Ozarboyjonni «etnik tozalash»da ayblaydi.
Shu kuni kechqurun Yerevanning markaziy maydonida norozilik namoyishlari boshlandi, uning ishtirokchilari Armaniston bosh vaziri Pashinyanning siyosati Qorabog‘dagi hozirgi vaziyatga olib kelganini da’vo qildi.
Rossiyaning Yerevandagi elchixonasi yonida navbatdagi aksiya bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilganlar Qorabog‘da joylashgan Rossiya tinchlikparvar kuchlaridan mintaqa aholisini Ozarboyjondan himoya qilishni talab etgan.
Moskvaning Qorabog‘da bo‘layotgan voqealarga munosabati
Armaniston hukumati Rossiya tinchlikparvar kuchlari choralar ko‘rishini kutmoqda, dedi Nikol Pashinyan.
O‘z navbatida, Moskva ham Bokuni, ham Yerevanni qon to‘kilishini to‘xtatishga, diplomatiyaga qaytishga va tinchlikparvar kuchlar xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi.
Mavzuga oid
02:48
Saylov boshlandi, ko‘p ovoz olib ham yutqazish mumkin bo‘lgan saylov
00:26
Tramp atrofida aylanayotgan Amerika siyosati: nega bunday bo‘ldi?
21:46 / 05.11.2024
«Tramp prezident bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi vaziyat qiyinlashadi» - Kamoliddin Rabbimov
18:53 / 05.11.2024