Jahon | 09:21 / 20.09.2023
5758
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilishga chaqirdi

BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlagan AQSh prezidenti Xavfsizlik kengashi a’zolari tarkibini kengaytirishni taklif qildi va butun dunyoni Ukrainaga yordam berish uchun birlashishga chaqirdi. 

Foto: Timothy A. Clary/AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden 19 sentabr, seshanba kuni BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlab, BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilishga chaqirdi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. Unga ko‘ra, iqtisodiy jihatdan kichikroq davlatlar xalqaro institutlarda ko‘proq ta’sir va salmoqqa ega bo‘lishi kerak. Shuning uchun, dedi Bayden, BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish, doimiy va doimiy bo‘lmagan a’zolarni kiritish zarur. «Biz taraqqiyotga va kengashda konsensusga to‘sqinlik qiladigan blokadalarni yengib o‘tishimiz kerak», dedi Bayden. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘zining kirish so‘zida ham tashkilot Xavfsizlik kengashini isloh qilishga chaqirdi. «Dunyo o‘zgardi, lekin bizning institutlarimiz o‘zgarmadi. Agar institutlar dunyoni hozirgidek aks ettirmasa, biz hozirgi muammolarni samarali hal qila olmaymiz. Ular yechim o‘rniga muammolarning bir qismiga aylanishi mumkin. Ko‘p tomonlama tuzilmalarni 21-asrning iqtisodiy va siyosiy voqeligiga asoslangan holda o‘zgartirish vaqti keldi», dedi Guterrish. 

Bayden butun dunyoni Ukrainaga yordam berishga chaqirdi

Jo Bayden, xuddi bir yil oldingi kabi, o‘z nutqining bir qismini Ukraina urushiga bag‘ishladi. «Rossiya dunyo charchashi va Ukrainadagi voqealar uchun choralar ko‘rmasligini kutmoqda. Lekin men sizga savol bermoqchiman: agar biz uni tinchlantirish uchun BMT Nizomi asosiy tamoyillaridan voz kechsak, boshqa a’zo davlatlarning yetarlicha himoyaga ega ekaniga ishonchi qoladimi?» - deya AQSh prezidenti yig‘ilish ishtirokchilariga murojaat qildi.

«Agar biz Ukrainaning bo‘linishiga yo‘l qo‘ysak, biron bir davlatning mustaqilligi ta’minlanadimi? Javob - yo‘q. Ertaga boshqa potensial tajovuzlarning oldini olish uchun bugun bunga qarshi turishimiz kerak», - dedi Bayden.

Braziliya prezidenti urushni «muloqot» orqali tugatishga chaqirdi

Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva ham Ukrainadagi urush mavzusiga to‘xtalib, «muloqot» orqali harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi. Urush, dedi u, «Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining maqsadlari va tamoyillariga rioya qilishni ta’minlashda jamoaviy muvaffaqiyatsizlikni» ko‘rsatdi. «Agar u muloqotga asoslanmasa, hech qanday yechim doimiy bo‘lmaydi», dedi da Silva.

20 sentabr, chorshanba kuni Braziliya prezidenti Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasida ishtirok etgan Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi.

Mavzuga oid