Transport vaziri Ilhom Mahkamov tirbandlik va yo‘l-transport hodisalari kuzatilayotgan yo‘llarda «svetoforsiz estakadalar» qurish bo‘yicha uch yillik dasturni qabul qilish to‘g‘risidagi topshiriq yuzasidan tushuntirish berdi

Gazeta.uz’ning yozishicha, «svetoforsiz estakadalar» «viloyatlararo magistral yo‘llar, butun respublikani kesib o‘tuvchi yo‘llarda» qurilishi rejalashtirilgan.

«Estakadalar deganda [shaharlar ichidagi] yo‘l o‘tkazgichlar yoki ko‘priklar nazarda tutilmayapti, gap burilish yoki qayrilish yo‘l o‘tkazgich orqali amalga oshirilishi uchun harakatni chapga burilishsiz tashkil qilish haqida ketyapti. Shunday yechimlar bor. Hatto shaharlarda ham, Toshkentda ham — «betonka»da yoki boshqa joylarda… Shu nazarda tutilyapti», — dedi transport vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari loyihachilar va olimlar keyinchalik bunday estakadalar qurish bo‘yicha takliflar kiritishi uchun O‘zbekiston bo‘ylab yo‘llarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, «tirbandlik kuzatiladigan, mashinalar yig‘iladigan va yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘ladigan o‘choqlarni» aniqlash topshirig‘ini bergan. Barchasi ilmiy asoslangan tarzda bo‘ladi, dedi Ilhom Mahkamov.

Misol tariqasida u Toshkent-Samarqand yo‘lini keltirdi, bu yerda tirbandlik ko‘p, shu sababdan shaharlar orasidagi qatnov vaqti ko‘paygan. «Uning o‘tkazuvchanligini kichik hududlar bilan oshirsa bo‘ladi. Burilishlarni olib tashlash va yuk mashinalari faqat o‘ng tarafda harakatlanib, ikkinchi va uchinchi qatorlarni egallamaydigan sharoit yaratish mumkin», — dedi vazir.

«Ya’ni, agar magistral yo‘l bo‘lsa-yu, unda qayrilishlar bo‘lsa, bu holatda avtomobillar qayrilayotgan vaqtda harakatga xalal beradi va avariyaviy vaziyatlarni yuzaga keltiradi. Buning o‘rniga, aytaylik, o‘ng tomonda yo‘lni aylanib kesib o‘tuvchi bo‘lak bo‘ladi, xuddi shu bo‘lakning davomida chapga burilish yoki qayrilish bo‘ladi. Gap keyinchalik boshqa joylarda tirbandlikni keltirib chiqaradigan chorrahalar yoki yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi haqida ketayotgani yo‘q.

Hamma joyda shtab tashkil etilib, inventarizatsiya boshlandi. Birinchi navbatda magistral yo‘llar. Aniqlaydigan muammoli nuqtalarimizdan kelib chiqib, qancha yo‘l belgilari kerak, qayerda belgilar yetishmayapti, standartga ko‘ra qayrilishlar qayerda bo‘lishi kerak, qayerda yo‘qligi bo‘yicha vazifalarni belgilab olamiz. Shundan kelib chiqib, bu estakadalar bo‘yicha yechimlar loyihalari tayyorlanadi, agar gap aynan estakadalar haqida ketayotgan bo‘lsa», — dedi vazir.

Toshkent va boshqa shaharlar bo‘yicha, hozirda Transport vazirligi shaharlar chegaralarining qaysi qismida yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar qurilishi mumkin bo‘lishi bo‘yicha mezonlarni ishlab chiqmoqda.