Qimmatga tushgan liposaksiya: blogerni kimlar operatsiya qildi?
Instagram’da Kokosh taxallusi bilan tanilgan 33 yoshli bloger ayol Toshkentdagi "Med Consultant" klinikasida o‘tkazilgan operatsiyadan so‘ng og‘ir ahvolga tushib qoldi. Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida bemor va uning yaqinlari bilan bog‘landi.

Instagram’da Kokosh taxallusi bilan tanilgan 33 yoshli bloger Komila Abduqodirova Toshkentdagi Med Consultant klinikasida o‘tkazilgan operatsiya oqibatida og‘ir ahvolga tushib qolgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Bu liposaksiya va abdominoplastika operatsiyasi jarayonida pediatr, stomatolog va tajribasiz talaba ishtirok etgani aytildi. Bir oydan buyon davom etib kelayotgan, uch marotaba qaytadan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan vaziyatda bemorga kasallik tarixi ochilmagani iddao qilinmoqda. Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida bemor va uning yaqinlari bilan bog‘landi.
“Men ham bilmay qoldim, chiqayotgan ma’lumotlar mana shu 25 kun davomida bo‘lgan holatlar. Men bu jarohatni gematoma deb o‘ylaganman, menga shunday aytishgan. Tanish shifokorlar buning nekroz (tirik organizmdagi hujayralarning nobud bo‘lishi) ekanligini aytishdi. Shunday keyin bo‘lgan janjallar infeksiya tushmasligi uchun apparatni qo‘yish uchun edi. Afsuski bu apparat ham 4 soatdan beri ishlamayapti”, - dedi Komila Abduqodirova.
Komilaning qarindoshi Nihola Rajabovaga ko‘ra, bemorning bundan keyingi reabilitatsiyasi uchun klinika yordam berishni istamayapti:
“Operatsiya jarayonida 2-kurs talabasi, hech qanday hujjati yo‘q ordinator Doston ham ishtirok etgan. Operatsiya 8 soat davom etgan. Shifokorning qon bosimi oshib operatsiyaga qatnasha olmasdan stomatolog shifokorni taklif qilgan ekan. Uning hech bir hujjati va bu klinika bilan shartnomasi bo‘lmagan. Ya’ni bu klinikada ishlamaydigan shifokor va shogirdlari – talabalar operatsiya qilgan bo‘lib chiqdi.
Hattoki jag‘ini operatsiya qilishganda jarohat yetkazib qiyshaytirib qo‘yishgan, hozir gapirganda qiynalyapti.
Malakasi, tajribasi yo‘q shifokorlar singlimizni og‘ir ahvolga keltirib qo‘ygan. Komilaning reklamalari ortida klinikaga kelgan qiz 20 mln pul to‘lab operatsiya qildirgan, ammo shifokorlar unga bu operatsiyani YouTube kanalidan ko‘rib, birinchi marta qilayotganni aytishgan.
Singlimning oyoqqa turib ketishi uchun ancha muddat kerak ekan, klinika esa yordam berishni hoxlamayapti. Bu yerda sanitariya qoidalariga umuman rioya qilinmas ekan. Afsuski shifokorlar og‘ir holatdagi bemorning oldida qo‘lida sigaret bilan kirib o‘tirishadi”, - deydi u.
Med Consultant xususiy klinikasi bu amaliyotni bepul o‘tkazganini, yuzaga kelgan holat esa bemorning operatsiyadan keyingi tavsiyalarga rioya qilmaganligi oqibatida kelib chiqqanini ma’lum qilgan. Klinikadan izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Chunki u yerda Sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari va prokuratura organlari tekshiruvi ketayotgan ekan. Shu sabab ichkariga kirishga hech kimga ruxsat berishmadi.
Aytish kerakki, so‘nggi vaqtda O‘zbekistonda abdominoplastika operatsiyasi ommalashmoqda. 2020-2023 yillar oralig‘ida plastik xirurgiya sohasidagi bunday operatsiyalar soni O‘zbekistonda 30-40% ga oshgan. Ayrim tibbiy klinikalar faoliyati o‘rganib chiqilganda haftasiga 3-4 marotaba shunday amaliyotlar o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning dekabr oyida 45 yoshli aktrisa Halima Ibragimova ham shunday operatsiyadan keyin vafot etgan edi.
Mavzuga oid

10:43 / 09.05.2025
Media sohasini tartibga soluvchi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

19:27 / 21.04.2025
Farg‘onadagi xususiy klinikaga burun operatsiyasi uchun borgan departament xodimi vafot etdi

17:46 / 15.04.2025
Jonni xatarga qo‘yib... “Oshqozon”siz ozish orzusi haqida

14:40 / 14.03.2025