AQSh prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi chog‘ida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

«Urush uchun faqat Rossiya javobgar. Faqat Rossiya uni darhol tugatishga qodir va faqat Rossiya tinchlik yo‘lida to‘g‘onoq bo‘lib turibdi. Chunki Rossiya tinchlik uchun so‘rayotgan narx bu — Ukrainaning taslim bo‘lishi, Ukraina hududlari va bolalari. Rossiya dunyo charchab qolishiga va Ukrainaga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishiga yo‘l qo‘yilishiga ishonadi. Lekin men bir savol beraman: agar biz tajovuzkorni tinchlantirish uchun BMT Nizomining asosiy tamoyillaridan voz kechsak, har qanday davlat o‘zini himoyalangandek his qiladimi? Agar biz Ukrainaning parchalanishiga yo‘l qo‘ysak, birorta davlatning mustaqilligi ta’minlanadimi? Javob: yo‘q. Biz kelajakdagi ehtimoliy tajovuzkorlarni tiyib turish uchun hozirdanoq bu tajovuzga qarshi turishimiz kerak», dedi Bayden.

Bir yarim yildan ko‘proq vaqt davomida AQSh Kongressi Ukrainaga 110 milliard dollardan ko‘proq yordam paketini tasdiqlagan. Bunga quyidagilar kiradi:

  • 49,6 milliard dollar harbiy yordam;
  • 28,5 milliard dollar iqtisodiy yordam;
  • 13,2 milliard dollar humanitar yordam;
  • 18,4 mlrd dollar – AQSh mudofaa sanoati salohiyatini oshirish uchun.

Joriy yilning 9 avgust holatiga ko‘ra, Oq uy tomonidan ajratilgan mablag‘ning 91 foizi sarflab bo‘lingan. Ayni paytda Bayden ma’muriyati Kongressdan qo‘shimcha 24 milliard dollar, jumladan, harbiy yordam uchun 14 milliard dollar pul ajratishni so‘ramoqda. Biroq amerikaliklar, ayniqsa konservatorlar orasida keyingi xarajatlarni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasaygan.

BBC statistik raqamlar orqali AQSh emas, balki Norvegiya Ukrainani eng ko‘p darajada qo‘llab-quvvatlayotgan davlat ekanini tahlil qildi.

Kim Ukrainani qanday qo‘llab-quvvatlayapti?

Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam bo‘yicha oxirgi statistik raqamlar iyul oyining oxirida e’lon qilingan. O‘sha paytda alohida davlatlar kesimida olinganda, Qo‘shma Shtatlar eng ko‘p mablag‘ ajratganini ko‘rish mumkin – 80 mlrd dollar.