Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Volodimir Zelenskiy Kanadada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi
Ottavada Ukraina prezidentini Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo rasman kutib oldi. Bu - Zelenskiyning Ukrainaga urushi boshlanganidan keyin Kanadaga birinchi tashrifi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 22 sentabr, juma kuni Kanadada ushbu mamlakat bosh vaziri Jastin Tryudo tomonidan rasman qabul qilindi.
Zelenskiy Kanada poytaxti Ottavadagi parlament binosiga keldi. Ottavada u Tryudo bilan muzokaralar olib bordi va parlamentda nutq so‘zladi. U Kanadaga Ukrainaga Rossiyadan himoyalanishda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu qo‘llab-quvvatlash «minglab odamlarning hayotini saqlab qolishimizga imkon berdi», deb ta’kidladi Ukraina prezidenti.
Volodimir Zelenskiyning parlamentga tashrifi chog‘ida Jastin Tryudo o‘z mamlakati Ukraina uchun zirhli transport vositalari, jumladan, tibbiy evakuatorlar («medevaklar») ishlab chiqarish uchun uch yil davomida qo‘shimcha 650 million Kanada dollari (taxminan 482 million AQSh dollari) ajratishini ma’lum qildi. «Ukrainaliklar sovg‘a qilingan samolyotlardan maksimal darajada foydalanishi uchun» F-16 qiruvchi samolyotlarida ukrainalik uchuvchilar va texniklarni o‘qitish maqsadida instruktorlar ham yuboriladi.
Keyinroq Ukraina prezidenti Torontoga yo‘l oldi, u yerda Kanada iqtisodiyoti va Ukraina jamoatchiligi vakillari bilan uchrashadi.
Tryudo Zelenskiyning tashrifini «Kanada uchun juda hayajonli kun» deb atadi. U Zelenskiyning kanadaliklar «kuchli va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayotganiga» shaxsan guvoh bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lganidan mamnunligini bildirdi. Zelenskiy Kanadaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.
«Men ukrainaliklardan juda ko‘p iliq so‘zlar va minnatdorchiliklar olib keldim. Kanada ajoyib mamlakat. U go‘zal ekanligini bilaman, lekin hozir uni ko‘rishga vaqtim yo‘q. G‘alabadan keyin bu yerga qaytamiz, balki bolalarimiz bilan», - dedi Zelenskiy.
Zelenskiyning Kanadaga urush boshlanganidan beri birinchi tashrifi
Bu Volodimir Zelenskiyning 2022 yil fevralida Rossiya harbiylarining Ukrainada harbiy harakatlari boshlanganidan beri Kanadaga birinchi tashrifi va uning Shimoliy Amerika safaridagi uchinchi to‘xtash joyi. 18 sentabr kuni Zelenskiy BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka bordi, bir kun oldin esa Vashingtonga tashrif buyurdi va u yerda AQSh Kongressi a’zolari bilan uchrashdi hamda Oq uyda AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan qabul qilindi.
22 sentabrga o‘tar kechasi kutilmaganda Kanadada qo‘shimcha to‘xtash e’lon qilindi.
Zelenskiyning joriy safari maqsadlaridan biri - urushdan charchagan skeptiklarni uning yo‘nalishi to‘g‘riligiga ishontirish va hozirda Moskva bilan muzokaralar nima uchun mumkin emasligini tushuntirish. Bu safar Zelenskiy avvalgi xorijiy tashriflarga qaraganda kamroq keskin bayonotlar berdi hamda g‘arb ittifoqchilarining Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamidan minnatdor ekanini ko‘p bora ta’kidladi.
Mavzuga oid
17:15 / 04.07.2026
Zelenskiy Putinni Konstantinovka bo‘yicha yolg‘on bayonot berishda aybladi
20:57 / 02.07.2026
Zalujniy Zelenskiyga saylovda qatnashmoqchiligini aytdi
11:19 / 29.06.2026
JCh kundaligi. 1/8 finalning ilk ishtirokchisi ma’lum, Koreya lagerida mojaro, Kabo-Verde sardorida muammo
09:35 / 29.06.2026