Fransiya Senatida konservatorlar ko‘pchilik o‘rinni saqlab qoldi
Qisman saylovlardan keyin «Respublikachilar» Senatda ustunlik qilishda davom etmoqda. Le Penning «Milliy birlashuv»idan uch nomzod g‘alaba qozondi, prezident Makronning partiyasi o‘z pozitsiyasini yaxshilay olmadi.
Konservativ «Respublikachilar» partiyasi 24 sentabr, yakshanba kuni Fransiya Senatiga (parlament yuqori palatasi) qisman saylovlar natijasida o‘z a’zolarining qariyb yarmini parlamentda saqlab qoldi. Ikkinchi kuch sotsialistlar bo‘ldi, ulardan hozir Senatda 64 nafar vakil bor.
Koalitsiya tarkibida Milliy assambleyada (mamlakat parlamenti quyi palatasi) ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning «Uyg‘onish» partiyasi yuqori palataga saylovlarda o‘z pozitsiyasini yaxshilay olmadi. Hukumatning yagona nomzodi, fuqarolik masalalari bo‘yicha davlat kotibi Soni Bakening Fransiyaning xorijdagi hududi bo‘lgan Yangi Kaledoniyadan Senatga saylovda mag‘lub bo‘lgani bunga yaqqol misol.
Yaqinda Fransiya parlamenti tergov komissiyasi Kremlning vakili deb atagan Marin Le Penning o‘ng qanot populistik «Milliy birlashuv» partiyasi uch mandat olgan holda Senatga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Senatning yarmi qayta saylandi
Fransiyaning 40 ga yaqin departamentlarida 348 senatordan 170 nafari qayta saylandi. Senatning qolgan 178 a’zosi 2026 yilda qayta saylanadi. Milliy assambleyaga saylovlardan farqli o‘laroq, fransuz senatorlari shahar merlari, viloyat va shahar kengashlari tomonidan saylanadi. Tarixiy jihatdan ularda konservatorlar va sotsialistlar kuchli. Makron 2017 yilda tashkil etilgan «Uyg‘onish» partiyasini mintaqaviy darajada haqiqiy siyosiy kuchga aylantira olmadi.
Quyi palata bilan solishtirganda, Senat qonunchilik masalalarida faqat ikkinchi darajali rol o‘ynaydi. Milliy assambleya a’zolari Senatdagi ovoz berishni bekor qilishi mumkin.
Mavzuga oid
23:35 / 15.11.2024
Fransiya prokuraturasi madaniyat vazirini sudga topshirishni talab qildi
20:58 / 12.11.2024
Fransiyadagi yirik ommaviy axborot vositalari X ijtimoiy tarmog‘ini sudga berdi
17:50 / 06.11.2024
Makron Tramp g‘alabasidan keyin Fransiya va Germaniya maqsadlarini aytdi
21:44 / 05.11.2024