Jahon | 08:59 / 29.09.2023
4965
4 daqiqa o‘qiladi

NATO rahbari Kiyevga e’lon qilinmagan tashrif bilan bordi

Ukraina prezidenti Yyens Stoltenberg bilan muzokaralar chog‘ida NATOni yaqinlashib kelayotgan qish sharoitida energetika infratuzilmasini himoya qila olish uchun mamlakat havo mudofaasini kuchaytirishga yordam berishga chaqirdi.

Foto: PRESIDENT.GOV.UA

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg 28 sentabr, payshanba kuni e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi va u yerda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida Ukraina rahbari NATOni yaqinlashib kelayotgan qish sharoitida Ukrainaning energetika infratuzilmasini himoya qila olishi uchun mamlakat havo mudofaasini kuchaytirishga yordam berishga chaqirdi

NATO bosh kotibi hamkor davlatlardan bunday ta’minotni ko‘paytirish uchun harakat qilishga va’da berdi. «Biz energetika infratuzilmamiz va fuqarolarimiz hayotini himoya qilish uchun qishdan birga o‘tishimiz kerak», — dedi Zelenskiy Stoltenberg bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida. 

NATOga a’zo bo‘lish - faqat vaqt masalasi

O‘z navbatida, Shimoliy Atlantika alyansi rahbari Ukraina «NATOga har qachongidan ham yaqinroq» ekanini aytdi. Uning eslatishicha, Vilnyusdagi sammitdan so‘ng alyans barcha a’zolari Ukraina NATOga a’zo bo‘lishiga rozilik bergan. Bundan tashqari, bu yo‘l NATOga a’zolik bo‘yicha harakat rejasini bekor qilish orqali bir bosqichga qisqartirildi, u yangi mamlakatning ittifoqqa qo‘shilishi yo‘lidagi majburiy qadamdir. «Ikkinchidan, biz NATO doktrinasi va jihozlarini to‘liq qabul qilgan holda, Ukraina qurolli kuchlarining ittifoqchilar bilan to‘liq o‘zaro hamkorligini ta’minlash dasturini kelishib oldik. Bu har yili yuzlab million yevroga teng bo‘lgan katta yordam paketining bir qismidir. Uchinchidan, siyosiy aloqalarimizni misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarib, Ukraina-NATO kengashini tuzdik», — dedi Stoltenberg. 

Prezident Zelenskiy bunga javoban, uning mamlakatining NATOga a’zo bo‘lishi «vaqt masalasi» va Ukraina «bu vaqtni yaqinlashtirish uchun» hamma narsani qilayotganini aytdi.

«Rossiyaning jahon arenasidagi roli tobora pasayib boryapti» 

Stoltenberg matbuot anjumanida so‘nggi tashrif chog‘ida tomonlar faqat Ukraina qarshi hujumining boshlanishini muhokama qilganini, biroq bugun Ukraina qurolli kuchlari oldinga siljiganini aytdi. NATO rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari shiddatli jang qilmoqda, ammo «asta-sekin yerdagi ustunlikni qo‘lga kiritmoqda». Ukrainaliklar o‘z oilalari va ozodligi uchun kurashmoqda, «Moskva o‘zining imperiyacha o‘y-xayollari uchun kurashmoqda», - deya Stoltenbergning so‘zlarini keltiradi AFP agentligi. 

Alyans bosh kotibi, shuningdek, «Rossiyaning jahon arenasida roli tobora kamayib borayotgani, u xalqaro bozorlardan uzilib qolgani, xalqaro sammitlarda ishtirok etmayotgani», Eron va Shimoliy Koreya kabi rejimlardan qurol olishga harakat qilayotganini ta’kidladi. «Ukraina NATOga a’zo barcha davlatlar va Ukraina mudofaa bo‘yicha aloqa guruhiga kiritilgan boshqa davlatlar tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlanadi», dedi u. 

Mavzuga oid