20:25 / 30.09.2023
16313

1882 yildan buyon bunaqasi bo‘lmagan. Nyu-Yorkda jiddiy toshqin

Bir haftadan buyon tinmayotgan yomg‘irlar sabab AQShning Nyu-York shahrida suv toshqinlari kuzatilmoqda. Shahar meri favqulodda holat e’lon qilgan, gubernator esa inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan holatlardan ogohlantirgan.

Foto: Hiroko Masuike/The New York Times

Yomg‘irlarni shaharga yopirilgan «Ofeliya» to‘foni olib kelgan. Sinoptiklarning hisoblashicha, AQSh tarixida 1882 yildan buyon sentabr oyida bu qadar ko‘p yomg‘ir yog‘magan. Oy boshidan buyon shaharga 350 mm yog‘ingarchilik tushgan. Ba’zi joylarda bir kunning o‘zida 180 mm miqdorda yog‘ingarchilik kuzatilgan bo‘lib, bu bir oylik normadan ikki baravar ko‘p degani.

Hozircha o‘lim yoki jiddiy jarohatlanish bilan bog‘liq holat qayd etilmagan bo‘lsa-da, mahalliy hukumat odamlarni jiddiy xavflardan ogohlantirmoqda. Hozirgacha qutqaruvchilar olti marta odamlarni suv to‘lgan yerto‘lalardan olib chiqqan.

Shahar meri Erik Adams maktablarni yopmaslikka qaror qilgan, ammo u odamlarni suv to‘planishi mumkin bo‘lgan joylardan uzoq turishga chaqirgan. Shtat gubernatori Keti Xokul bu yog‘ingarchilikni xavfli va hatto inson hayoti uchun xatar keltirib chiqaradigan deb atadi. U Nyu York, Long-Ayland va Xadson-River-Vellidagilarni ehtiyot bo‘lishga, imkon qadar balandroq joylarda qolishga chaqirdi.

Nyu-York politsiyasi magistral ko‘prik yoki tunnellardan o‘tadigan bo‘lsa, unga olib boradigan yo‘llarni yopishga majbur bo‘layotganini aytgan. Shahardagi 4 ta metro yo‘nalishi to‘laligicha yopilgan, yana 12 tasida ba’zi bekatlar ishlamayapti. Gap millionlab odamlar foydalanadigan asosiy yo‘nalishlar haqida ketmoqda. Avtobus yo‘nalishlari ham cheklovlar bilan ishlamoqda.

Mahalliy La-Guardiya va Kuins aeroportlari A terminallari vaqtincha yopilishini e’lon qildi. Jon Kennedi nomidagi aeroport esa uchish-qo‘nish yo‘lagida 100 mm yog‘ingarchilik tushgani sabab reyslar kechikishi va ba’zi holatlarda bekor qilinishi mumkinligini ma’lum qilib, yo‘lovchilardan jadvalni tez-tez tekshirib turishni so‘ragan.

Nyu-York markaziy parkidagi hayvonot bog‘ida saqlanayotgan dengiz sheri suv toshqinidan foydalanib o‘z joyidan qochib ketib, boshqa dengiz sherlariga qo‘shilib oldi. 29 sentabr kuni Nyu-Yorkdagi mahalliy «Reyndjers» va «Aylanders» jamoalari o‘rtasidagi milliy hokkey ligasi o‘yini qoldirildi.

Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: AP
Foto: Twitter
Foto: AP
Foto: Reuters
Foto: AP
Foto: AP
Foto: The Independent
Foto: The Independent
Foto: Reuters
Foto: AFP
Foto: ABC news
Foto: Getty Images
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Mavzuga oid
Top