O‘zbekiston | 09:37 / 30.09.2023
2562
2 daqiqa o‘qiladi

Oroldagi artemiya tsistalarini yig‘ish uchun kvotalar E-auksion orqali beriladi 

Kvotalarni E-auksion orqali sotishdan kelib tushgan mablag‘larning kamida 50 foizi Mo‘ynoq tumani va qolgan qismi boshqa tumanlardagi ekologik muammolarni hal etishga yo‘naltiriladi. 

“Orol dengizidagi artemiya tsistalarini yig‘ish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2024 yil 1 yanvardan boshlab, Orol dengizidagi artemiya tsistalarini yig‘ish uchun kvotalar E-auksion elektron savdo platformasi orqali beriladi.

E-auksion elektron savdo platformasida onlayn-auksionni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan E-auksion elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom asosida amalga oshiriladi.

Belgilanishicha:

  • Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan artemiya tsistalarini yig‘ishga doir ruxsatnoma beriladi;
  • Orol dengizidagi artemiya tsistalarini yig‘ish ishlari kalendar yilining 16 iyul–31 mart muddatlarida amalga oshiriladi;
  • har yili aprel–may oylarida Orol dengizining akvatoriyasi qirg‘og‘ida artemiya tsistalarining zaxira miqdori aniqlanadi;
  • Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan artemiya tsistasini yig‘ishga doir kvota tasdiqlanadi.

Belgilab o‘tilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining mahalliy budjetiga artemiya tsistalarini yig‘ish uchun kvotalarni E-auksion elektron savdo platformasida onlayn-auksion orqali sotishdan kelib tushgan mablag‘larning kamida 50 foizi Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani va qolgan qismi boshqa tumanlardagi ekologik muammolarni hal etishga yo‘naltiriladi. 

Mavzuga oid