O‘zbekiston | 16:25 / 08.02.2025
2414
3 daqiqa o‘qiladi

200 million tup daraxt, Orolda yuz ming gektar «yashil maydon» va salomatlik yo‘laklari – 2025 yil uchun «yashil rejalar»

O‘zbekistonning ekologik qiyofasini yaxshilashda asosiy urg‘u yashil maydon va o‘rmonzorlarni ko‘paytirish, sog‘lomlashtirish yo‘laklari qurishga qaratiladi. Shuningdek, ekofaollar va biznes vakillarining tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi. Ijro uchun bosh mas’ullar bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov.

Foto: Kun.uz

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2025 yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish borasida rejalar belgilandi.

Xususan:

  • aholi uchun barpo etilayotgan piyodalar va alohida velosiped yo‘laklari bo‘yida daraxtlar va o‘simliklarni ekish orqali «Soyali sayr ko‘chalari» tarmog‘i yaratilishi, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari qurilishi;
  • yomg‘ir va oqova suvlardan samarali foydalanish, mahallalardagi daraxtlarni zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar orqali sug‘orish tizimini joriy etish natijasida yashillik darajasi oshirilishi;
  • «Yashil makon» umummilliy loyihasi va «Mening bog‘im» loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi, «yashil bog‘lar» va «yashil jamoat parklari»da quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlardan foydalanilishi;
  • Orol dengizi tubida 100 ming gektar «yashil maydon» barpo etilishi va Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlar 2,1 million gektarga yetkazilishi;
  • o‘rmon bilan qoplangan maydonlar 4,1 million gektarga yetkazilishi va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar 14,5 foizgacha kengaytirilishi hamda ularning ekoturizm, ko‘chatchilik va dorivorchilik yo‘nalishlaridagi foydalanilmayotgan zaxiralari aniqlanib, ularning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilishi va aholining daromadlari oshirilishi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining tanlangan hududlarida sho‘r va suvsizlikka chidamli o‘simliklar (galofit) bog‘lari tashkil etilishi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida davlat «in-vitro» laboratoriyalari tashkil etilishi, shuningdek, xususiy «in-vitro» laboratoriyalarini barpo etishga tadbirkorlik sub’yektlariga kreditlarni ajratish uchun xalqaro moliya institutlaridan kamida 30 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar jalb etilishi;
  • jamoatchilik, ekofaollar va biznes vakillarining tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash akseleratsiya tizimi joriy etilishi ta’minlanishi nazarda tutilgan.

Prezident farmonida belgilangan ushbu rejalarni sifatli va o‘z vaqtida ijrosini ta’minlashga mas’ul etib bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov va hududlar hokimlari belgilandi.

Mavzuga oid