Osiyo o‘yinlari kundaligi. Balandlikka sakrashdagi qo‘shhokimlik, marradagi yiqilish va Jalolovning nokauti
O‘zbekiston vakillari kun davomida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza qo‘lga kiritishdi, delegatsiya hisobidagi jami medallar soni 50 taga yetdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi
3 oktyabr kuni kuni Hangjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasida navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Kun davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari 10 ta sport turida ishtirok etdi. Xususan, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yengil atletika, velosport turlarida medallar uchun kurash olib borildi.
Kun yakuniga kelib O‘zbekiston nomiga yana 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallar qo‘shib qo‘yildi.
Veloshosse
Veloshossening shaxsiy poyga dasturida ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi a’zosi Olga Zabelinskaya oltin medalni qo‘lga kiritdi. 18.3 km masofaga kechgan poygada u 24:36.99 daqiqa natija ko‘rsatdi - marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelgan yaponiyalik Yeri Yonamine 59,60 soniyaga ortda qoldi, uchinchi o‘rinni qozog‘istonlik Rinata Sultanova egalladi.
Erkaklar o‘rtasidagi poygada ishtirok etgan Aleksey Fomovskiy esa marraga oltinchi bo‘lib yetib keldi. Bu poygada oltin medalni qozog‘istonlik Aleksey Lutsenko qo‘lga kiritdi.
Zabelinskaya 4 oktyabr kuni ham ayollar o‘rtasidagi yo‘l poygasi dasturida medal uchun bahslarda qatnashadi. Bu poygada O‘zbekistondan yana bir vakil - Yanina Kuskova ham bor.
Eshkak eshish
Baydarka va kanoeda eshkak eshish jamoasi vakillari bugun ham 6 ta dasturda medallar uchun bellashishdi va shundan 4 tasida sovrindor bo‘lishdi.
Dastlab kanoeda 200 metr masofaga poygada Shohsanam Sherzodova Xitoy, Tailand va Qozog‘iston vakillaridan keyin marraga to‘rtinchi bo‘lib yetib keldi.
Baydarkada 500 metr masofaga poygada esa Madinaxon Ashrafxonova yettinchi o‘rinni egalladi.
1000 metrga kanoechi yigitlar o‘rtasida kechgan poygada Shohmurod Xolmurodov hamda Nurislom To‘xtasin o‘g‘li juftligi raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirib, marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Qozog‘iston va Hindiston vakillari egalladi.
Nurislom 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida bronza medaliga ega chiqqandi, bu safar esa sherigi bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
500 metrga kanoeda suzish poygasida qatnashgan to‘rtlik (Ibragimov, Onufriyev, Amriddinov, Haydarov) beshinchi bo‘ldi.
Baydarkada eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi yana bir medal qo‘lga kiritdi.
500 metrga kechgan dasturda Shahrizoda Mavlonova, Arina Tanatmisheva, Yekaterina Shubina hamda Yuliya Borzova kvarteti marra chizig‘ini uchinchi bo‘lib kesib o‘tdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Birinchi va ikkinchi o‘rinlar Xitoy va Koreyaga nasib etdi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish bahslarining so‘nggi startida ham O‘zbekiston jamoasi medalga ega chiqdi. Unda ayollar o‘rtasida 200 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftlik bahslari bo‘lib o‘tdi. Mazkur dasturda startga chiqqan Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova juftligi bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Sportchilar bu natija uchun shu qadar jahd bilan harakat qilishdiki, marraga yetib kelinganida ulardan biri suvga qulab tushdi.
Shu tariqa, baydarka va kanoeda eshkak eshish bahslar yakunlandi. Musobaqa davomida o‘zbekistonlik eshkakchilar 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 6 ta medal bilan umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Kamondan otish
Kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi Amirxon Sodiqov Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini tugatdi. Chorak finalda janubiy koreyalik Vuseok Li bilan bahs olib borgan sportchi 2:6 hisobida imkoniyatni boy berdi. 1 oktyabr kuni saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan Amirxon Sodiqov 2 oktyabr kuni nimchorakfinalda viyetnamlik raqibini 7:3 hisobida mag‘lub etgandi.
Trampolin
Trampolinda sakrash bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi Mirshohid Hasanboyev Osiyo o‘yinlarining finaliga chiqdi. U saralashda 56.400 ball jamg‘arib, beshinchi natija ko‘rsatgandi. Medallar uchun bahsda esa 53.220 ball bilan to‘rtinchi bo‘ldi.
Futbol
Osiyo o‘yinlarida debyut ishtirokini o‘tkazayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi yarimfinalda qaqshatqich mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu bosqichda jahonning kuchli jamoalaridan biri KXDRga qarshi bahs olib borgan O‘zbekiston vakillari 0:8 hisobida imkoniyatni boy berishdi.
Endi jamoa Xitoy va Yaponiya juftligida mag‘lub bo‘lgan jamoa bilan 6 oktyabr kuni bronza medali uchun maydonga chiqadi.
Suvga sakrash
3 metrdan suvga sakrash bo‘yicha bugungi bahslarda Vyacheslav Kachanov hamda Igor Myalin saralash bosqichidan o‘tishgandi. Ammo final bosqichida Kachanov 370.50 ball bilan 6, Myalin 301.25 ball bilan 11-o‘rinni egalladi. G‘oliblik 542.30 ball to‘plagan xitoylik Vang Jongyanga nasib etdi, ikkinchi o‘rinni ham xitoylik sportchi egalladi, Janubiy Koreya vakili bronza medal oldi.
Shaxmat
Jamoaviy dasturda ishtirok etayotgan shaxmatchilar bugun beshinchi tur uchrashuvlarini o‘tkazishdi. Yigitlar jamoasi Xitoy vakillari bilan 2:2 hisobi qayd etdi, ayollar jamoasi Hongkong vakillarini 4:0 hisobida mag‘lub etishdi.
Bungacha yigitlar jamoasi 1-turda Qirg‘izistonni 3:1 hisobida yenggan, 2-turda Hindiston vakillari bilan 2:2 o‘ynagan, 3-turda Viyetnam vakillarini 3:1 hisobida mag‘lub etishgan, 4-turda Eronga 1.5-2.5 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Hozircha jamoa hisobida 11,5 ochko jamg‘arilgan.
Qizlar jamoasi esa dastlabki turlarda Xitoy va Filippinga qarshi bahslarda 2:2 o‘ynashgan, 3-turda viyetnamliklarga 1,5-2-5 hisobida yutqazgan, 4-turda Janubiy Koreya vakillarini mag‘lubiyatga uchratishgandi - 4:0. Hozircha jamoa hisobida 13,5 ochko jamg‘arilgan.
4 oktyabr kuni, 6-tur doirasida yigitlar jamoasi Mo‘g‘uliston, qizlar jamoasi Hindiston vakillariga qarshi dona suradi.
Yengil atletika
Balandlikka sakrash bo‘yicha bahslarda eng yuqori ikki o‘rin ham o‘zbekistonliklarga nasib qildi.
Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi Safina Sa’dullayeva va Osiyo o‘yinlarining uch karra g‘olibi Svetlana Radzivil 1.86 metr balandlikdan o‘tib, mos ravishda oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikni qozog‘istonlik Nadejda Dubrovskaya yakunlab berdi. Ushbu uch yengil atletikachi ham bir xil natija qayd etdi, ammo balandlikdan birinchi bo‘lib o‘tgani evaziga o‘zbekistonlik sportchilar shohsupadagi yuqori o‘rinlarni egallashdi.
Boks
Boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi a’zosi Nigina O‘ktamova turnirda bronza medal bilan kifoyalandi. -54 kg vazn toifasi vakili bo‘lgan O‘ktamova nimchorak finalda filippinlik Magno Irishni, chorakfinalda yaponiyalik Rinka Kinoshitani mag‘lub etgandi, ammo yarimfinalda KXDR vakili, jahon chempioni Cholmi Pang bilan bahs olib borib, imkoniyatni boy berib qo‘ydi va Osiyo o‘yinlarini bronza medal hamda Parij-2024 Olimpiadasining yo‘llanmasi bilan yakunladi.
Ma’lumot uchun, ayni vaqtda 20 yoshda bo‘lgan Nigina O‘ktamova 2021 yil Polshadagi turnirda g‘olib bo‘lib, o‘zbekistonlik ayol bokschilar orasida ilk jahon chempioni bo‘lgan, 2022 yil Dubaydagi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida, 2023 yil Dehlidagi jahon chempionatida ham g‘olib chiqqandi.
Boks bo‘yicha Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov g‘alabali yurishini davom ettirmoqda. -51 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan sportchi chorakfinalda pokistonlik Zohayb Rashidni musobaqadan chiqarib yubordi (5:0).
Hasanboy Do‘smatov uchun bu turnirdagi uchinchi jangi bo‘ldi. Bungacha u janubiy koreyalik Jo Seheong (5:0) hamda qozog‘istonlik Saken Bibossinovni (4:1) mag‘lub etgandi. Do‘smatov yarimfinalga chiqish orqali amalda musobaqa medalini naqd qildi. U 4 oktyabr kuni final uchun yaponiyalik Tomoya Tsuboiga qarshi jang qiladi.
-57 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Abdumalik Xalokov ham yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
U chorakfinalda Tokio-2020 Olimpiadasi finalchisi, filippinlik Karlo Palamni musobaqadan chiqarib yubordi (5:0) va o‘zi uchun shohsupadan joy naqd qildi. U oldingi bosqichlarda taypeylik Cheng Vey Li (5:0) hamda viyetnamlik Van Duong Nguyeng to‘sig‘idan o‘tgandi.
Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov Osiyo o‘yinlari finaliga yo‘l oldi. Eng og‘ir vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Jalolov yarimfinalda xitoylik Bayikevuzi Danabiyekeni 1-raundning ilk daqiqasidayoq nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratishga erishdi. Bu orqali u Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasini ham hal qildi, bu uning faoliyatidagi uchinchi Olimpiada bo‘ladi.
Jalolov turnirdagi birinchi jangida ham tojikistonlik Muhammad Abrordinovni nokautga uchratgandi. U endi 5 oktyabr kuni azaliy raqibi, qozog‘istonlik Qamchibek Qo‘nqaboyevga qarshi oltin medal uchun jang qiladi.
***
Kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 14 taga, kumush medallar soni 15 taga, bronza medallar soni 21 taga yetdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston jami 50 ta medal bilan umumiy reytingda Hindistondan keyingi 5-o‘rinda bormoqda.
Tavsiya etamiz
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi bojxona urushi: kim yutadi?
Jahon | 12:46 / 17.04.2025
Yaponiyadan Italiyagacha – pulli yo‘llar haqidagi taassurotlar
Jahon | 21:50 / 16.04.2025
Turkiyaga aldov yo‘li bilan chaqirilgan voyaga yetmagan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi
Jamiyat | 17:05 / 16.04.2025
Go‘sht narxi oshishi: qo‘shni mamlakatlarda vaziyat qanday?
Iqtisodiyot | 20:36 / 15.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ucell mobil abonentlar soni bo‘yicha 10 millionlik marradan o‘tdi
O‘zbekiston | 16:59
-
Markaziy bank Telegram orqali tarqalayotgan firibgarlikdan ogohlantirdi
Jamiyat | 16:34
-
Shakarga aksiz to‘lovi bekor qilinadi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi
O‘zbekiston | 16:32
-
8 ta viloyatda sel-suv toshqini xavfi bo‘lishi e’lon qilindi
Jamiyat | 16:21
Mavzuga oid

08:07 / 06.04.2025
Bahodir Jalolov ukrainalik raqibni mag‘lub etdi

18:48 / 12.02.2025
O‘zbekiston 26 yildan so‘ng qishki Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi

12:39 / 06.02.2025
Jalolovning Spilmondga qarshi jangi bekor bo‘ldi

20:49 / 02.12.2024