Jahon | 20:55 / 04.10.2023
18351
13 daqiqa o‘qiladi

Rossiya-Ukraina mojarosi: «Kollektiv g‘arb»dan tashqaridagi davlatlar qaysi tarafda?

Rossiya-Ukraina urushini go‘yoki qiyomat qoyim bo‘lgandek tasvirlayotganlar ham anchagina. Bundaylar faqat o‘z mavjudligi uchun kurashayotgan Ukrainadagina emas. Yoki propagandachilari «agar yutqazsak, butun mamlakatni Haagadagi sud kutmoqda», deya auditoriyaga «lag‘mon osayotgan» Rossiyadagina ham emas.

Foto: Volodimir Zelenskiyning telegram kanali

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina nafaqat o‘zi, balki butun dunyodagi erkinlik va demokratiya uchun kurashayotganini bot-bot takrorlaydi. GFR kansleri Olaf Shols ham shu fikrda. G‘arblik sharhlovchilarning katta qismi sivilizatsiyalashgan dunyo va varvarlarning to‘qnashuvi haqida gapirishadi. Rossiyalik ayrim muxolifatchilar ham buni tasdiqlashadi: Putin «butun sivilizatsiyalashgan dunyo» bilan urushmoqda, deb.

Putin va uning safdoshlari «jahondagi davlatlarning katta qismi» Amerika gegemoniyasi va adolatsiz dunyo tartibidan norozi ekani, shu sababli Rossiya tomonida ekanini takrorlashni yaxshi ko‘rishadi.

Lekin shu yerda qiziq vaziyat kuzatiladi. Sentyabr oyi oxirlarida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi yig‘ilishida Rossiya-Ukraina urushi bir yil avvalgidan ko‘ra kun tartibidan kamroq joy oldi. Diplomatlar Rossiyaning harbiy jinoyatlari va xalqaro jinoyat huquqining nozik tomonlaridan ko‘ra, Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyoning bir qismidagi davlatlarning e’tirozlari oshib borayotganini jon-jon deb muhokama qilishdi.

Ko‘plab qashshoq davlatlar Rossiyaning Ukrainadagi tajovuzi fonida ularni qiynayotgan muammolar ikkinchi planga o‘tib ketganidan hafsalasi pir bo‘layotganiga aniq-tiniq shama qila boshlashdi.

Soddaroq qilib aytganda, «jahonning barcha davlatlari» Ukrainaning o‘z mustaqilligi uchun kurashida uni qo‘llab-quvvatlayotgani ko‘p ham to‘g‘ri ta’kid emas. Bu ta’kidning aksi — «jahonning barcha davlatlari» Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani noto‘g‘ri bo‘lgani kabi.

Nega ko‘plab davlatlar Rossiya-Ukraina mojarosida tomonlardan birini tanlashga shoshilmayapti. Jurnalist Denis Levin buni tahlil qilib chiqdi.

Jahonning barcha davlatlari

Ko‘plab davlatlar uchun Rossiyaning Ukrainaga bosqini — bu Sharqiy Yevropada ro‘y berayotgan, ularning rivojlanish istiqbollari, tengsizlikka qarshi kurash, iqlim inqirozi va hokazolarga bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yiroqdagi mojaro.

Rossiya-Ukraina urushida (tuproq va loy kechib) to‘g‘ridan to‘g‘ri bor-yo‘g‘i ikki davlat ishtirok etmoqda, urush esa cheklangan hududda bo‘lmoqda. Yevropada bunaqasi uzoq vaqtdan buyon birinchi marta kuzatilayotgani rost. Agar «yevropaga xoslik» omili olib tashlansa — bu shunchaki jahonda yuzlab sodir bo‘layotgan regonal mojarolardan biri. O‘sha Afrika davlatlariga bu sof jo‘g‘rofiy jihatdan yaqinroq — Efiopiyadagi markaziy hokimiyat va ayirmachilar o‘rtasidagi urush, Sudanning Darfuridagi navbatdagi keskinlashuv kabi: o‘sha qochqinlar, o‘sha yetkazish zanjirlarining uzilishi, o‘sha «tashqi o‘yinchilar»ning qo‘shilishi va murakkab diplomatik manyovrlari bilan.

Yana Mali, Chad, Markaziy Afrika Respublikasi, Suriya, Afg‘oniston, Yaman, arab-isroil mojarosi, Tayvan atrofidagi taranglikning oshib borishi va hokazo vaziyatlar bor.

Ukrainadagi urush — so‘nggi o‘n yilliklarning eng qonli mojarolaridan biri. Agar yarim millionga yaqin yo‘qotishlar bilan bog‘liq eng yuqori baholashlar inobatga olinsa ham bu so‘nggi yillarning rekordi emas. Darfurda 2022 yil so‘nggiga kelib o‘lganlar soni 600 mingdan oshgan. To‘qsoninchi va nolinchi yillar chegarasida Kongoda bo‘lgan fuqarolik urushida 4 millionga yaqin inson halok bo‘lgan.

Ukrainadagi urush qurbonlar borasida rekordchi emas. Darfurdagi urushda 4 mln kishi o‘lgan. Foto: ktpress.rw

«Yevropaga xoslik»dan tashqari, Rossiya-Ukraina urushi yana bir muhim farqqa ega: bu yadroviy barqudrat davlatning agressiyasi. Hattoki shu ham unikal hodisa emas. Dam-badam keskinlashib turadigan Hindiston va Pokiston mojarosi ham ikki yadroviy badqudrat davlatning mojarosidir. Isroil va Eron qarama-qarshiligi ham yadroviy va besh daqiqasi kam yadroviy davlatning ziddiyati. «Tayvan masalasi»ga ega Xitoy ham yadroviy barqudrat davlat. KXDR ham. So‘nggi 20 yil ichida Iroq va Afg‘onistonga bostirib kirgan AQShniku, gapirmasa ham bo‘ladi.

«G‘arbdan bo‘lmaganlar» Rossiya agressiyasiga boshqacha qarashadimi?

Ha.

Zamonaviy dunyoviy tartib — g‘arbliklarga xos siyosiy fikr mahsuli. BMT yoki, aytaylik, Xalqaro jinoyat sudi asosan Foma Akvinskiydan tortib Rafael Lemkingacha bo‘lgan yevropalik nazariyotchilar va amaliyotchilar ishlab chiqqan xalqaro huquq an’analariga tayanadi. O‘zi xalqaro siyosat va huquq sub’yekti sifatida suveren milliy davlat g‘oyasi ham kelib chiqishi g‘arbga xos, o‘sha Afrika realliklariga har doim ham mos kelavermaydi.

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy agressiyasini qabul qilish turlichaligi zamonaviy xalqaro siyosat qoidalarining turlicha talqinlaridan kelib chiqadi. Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan ko‘plab davlatlar Rossiyaning harakatlarini «xalqaro huquqni poymol qilish» deb tushuntirishadi. Formal jihatdan shunday ham: o‘ylab topilgan sabab bilan qo‘shni davlatga bostirib kirish BMT Nizomiga zid va jinoyat hisoblanadi.

Muammo shundaki, so‘nggi o‘tgan yillar tarixidan bunday argument g‘arbdan bo‘lmagan davlatlar uchun u qadar ishonarli emas. Ulkan hududda aralashib yashovchi klanlarga emas, qat’iy chizib berilgan chegaralarda yashovchi millatlarga bo‘linish mahalliy urf-odatlarga zid keladi. Gap yana shundaki, zamonaviy dunyo tartibini buzayotganlarga sanksiya joriy etayotgan va hattoki humanitar intervensiya boshlayotgan g‘arb davlatlari ko‘pincha o‘zlari belgilagan qoidalarni ham buzishadi — 2003 yilda AQSh o‘ylab topilgan bahona bilan Iroqqa bostirib kirganini bunga misol qilish mumkin. Guantanamodagi qamoqxona ham yaxshi misol.

2003 yilda AQSh Iroqqa bostirib kirgan edi. Foto: theguardian.com

O‘zini jahon qozisi deb o‘ylaydigan g‘arbdagi ayrim davlatlar xalqaro javobgarlikdan qochishga harakat qilishadi. AQSh hamon Xalqaro jinoyat sudi asosida yotuvchi Rim statutini imzolamagan. Kelib chiqadiki, xalqaro jinoyat huquqlari me’yorlari va BMT sudlari yurisdiksiyasi eng qurollangan g‘arb demokratiyasiga taalluqli emas.

Xullas, Jo Baydenning Rossiya xalqaro huquqni buzayotgani to‘g‘risidagi bayonotlari formal jihatdan to‘g‘ri, lekin ishonchga sazovor emas. G‘arbdan bo‘lmagan davlatlarning o‘zini tortishiga Rossiyaning Ukrainaga harbiy agressiyasi tojovuzkor imperialistik siyosat ko‘rinishi sifatida tanqid ostiga olinayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Yana o‘sha gap, tanqid o‘z holicha legitim — muammo tanqid kimning og‘zidan yangrayotganida! Efiopiya va Viyetnam uchun Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi AQShning Iroqqa yoki Fransiyaning Maliga bostirib kirishidan qanday farqlanadi?

Demak, g‘arbdan bo‘lmagan davlatlar Rossiya tomonidami?

Yo‘q, ularning barchasi o‘z holicha.

Rossiya bilan urushda Ukrainani aniq va birtomonlama qo‘llab-quvvatlashni rad etish, g‘arblik ittifoqdoshlar bilan birdamlik yo‘qligi g‘arbdan bo‘lmagan davlatlarning har biri uchun alohida sabablarga ega. «G‘arbdan bo‘lmaganlar» — monolit emas. Aytaylik, Lotin Amerikasida an’anaviy ravishda aksilamerikachilik kuchli, Afrikaning ko‘plab davlatlari esa tomonlardan biriga tarafdor bo‘lishi uchun tashqi dunyodan mahsulot olib kirishiga bog‘lanib qolgan. Ularni o‘xshash diplomatik pozitsiya birlashtirib turadi: ular o‘z aholisi uchun taxmin qilib bo‘lmas oqibatlar keltirib chiqarishi sababli mojaroning yanada avj olishidan manfaatdor emas.

Mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga oid ko‘plab loyihalarning bir qismi urush kontekstini zarracha tushunmasdan yozilgan, buni g‘arbdan bo‘lmagan davlatlarning diplomatik instinkti yuzaga chiqqani bilan tushuntirish mumkin. Ya’ni, ularga ko‘ra, agar qayerdadir qurolli mojaro boshlansa — uni eng avvalo to‘xtatish kerak, so‘ngra qolgan hamma narsa qandaydir yo‘llar bilan hal qilinadi.

Ukraina tashabbusi bilan Jiddada o‘tkazilgan sammitda Rossiya bosqinini siyosiy yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlash borasida o‘z pozitsiyasini yetkazish uchun 40 ta davlat ishtirok etdi. Ularning yarmi Hindiston, Xitoy, Braziliya, Janubiy Afrika Respublikasi kabi g‘arbdan bo‘lmagan davlatlar. Aynan shu davlatlar AQSh va Yevropadan farqli o‘laroq Rossiya bilan aloqalarni saqlashmoqda, birinchi navbatda Xitoy va Hindiston Rossiyaning muhim iqtisodiy hamkorlari bo‘lib turibdi. Iqtisodiy aloqalar tufayli Hindiston va Xitoy Rossiyaga real ta’sir o‘tkazish richaglariga ega. Rasmiy Kiyev bu davlatlarni o‘z tomoniga o‘tkazibgina qolmasdan, ularning kelgusidagi muzokara jarayonlarida ishtirok etishidan ham manfaatdor.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Jiddada. Foto: middleeasteye.net

Xitoy hokimiyatining Rossiya harbiy bosqiniga munosabati o‘ta spetsifik. Mamlakat urush avj olishi va davom etishidan manfaatdor emasligi aniq: bu jahon iqtisodiyoti va yetkazib berish zanjirlariga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Xitoy o‘zining tinchlik tashabbusi bo‘yicha loyiha tayyorladi, Rossiya-Ukraina urushini siyosiy yo‘l bilan hal qilishda vositachilik qilishga ham tayyorligini bildirdi. Lekin bu holatda, Xitoy ham xuddi Rossiya kabi AQShning dominantligidan xoli, «ko‘pqutbli» xalqaro tizim yaratilishi tarafdori.

Hindistonning pozitsiyasi yanada murakkab. Mamlakat hukumati Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llagani ham yo‘q, uni qoralamadi ham. Hindiston uchun G‘arb bilan ham, Rossiya bilan ham savdo aloqalari o‘ta muhim (2021 yildan 2022 yilgacha Rossiyaning Hindistonga narxi tushirilgan nefti importi 5 barobarga o‘sgan). Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bir necha bor ixtiloflashayotgan tomonga qo‘shilmaslik borasidagi azaliy hind an’analariga havola qilib, Rossiya va Ukrainani muzokaralar o‘tkazish va siyosiy yechim topishga chorladi.

Lekin mamlakat hukumati ancha yillardan buyon halqaro tizim Hindistonga nisbatan adolatsiz tuzilganini bot-bot takrorlab keladi. Bu jahonning aholisi eng ko‘p va zich joylashgan davlati, eng katta demokratiya, aholisi yosh (o‘rtacha yosh — 28) hamda etnik va madaniy jihatdan turli-tuman bo‘lgan davlat hisoblanadi. Boz ustiga, yadroviy davlat. Nega, aytaylik, Buyuk Britaniya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘la turib, Hindiston unaqa emas? Ayni paytdagi holat balkim Ikkinchi jahon urushi tugagan yillarda ma’noga ega bo‘lgandir, chunki o‘shanda hali mustaqil Hindistonning o‘zi bo‘lmagan. Biroq oradan 80 yil o‘tdi, juda ko‘p narsalar o‘zgargan.

Kreml mana shunday xafagarchiliklar bilan o‘ynashmoqda va Putinni yangi «aksilmustamlakachilik harakati» yetakchisi, deb e’lon qilmoqda. Lekin bu harakat muvaffaqiyatsizlikka uchrashi tayin. G‘arbdan bo‘lmagan davlatlar uchun «kollektiv g‘arb»ga real muqobil yaratish «birinchi dunyo»ning bir qismi bo‘lishga intilayotgan Ukraina hududlarini egallab, okkupatsiya qilishni anglatmasligi kundek ravshan. Ularning nuqtayi nazariga ko‘ra, ham g‘arb koalitsiyasi, ham Rossiya — har biri o‘z usuli bilan imperialistik ekspansiyasini davom ettirayotgan agressorlardir.

Shubhasiz, Rossiya-Ukraina mojarosi bir yarim yildan buyon G‘arb diqqat markazida turibdi. Biroq butun jahon siyosati va iqtisodiyoti faqat shu vaziyatga bog‘liq emas, dunyo hech qachon Rossiya tarafdorlari va Ukraina tarafdorlariga bo‘linishni istamaydi. Xuddi Hidiston va Pokiston tarafdorlariga bo‘linishni istamaganidek.

Mavzuga oid