Jahon | 14:34 / 05.10.2023
6725
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Yevropa siyosiy hamjamiyati sammitida qatnashish uchun Ispaniyaga bordi

Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, sammit doirasida umumiy formatlarda ishlash va muhim ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 5 oktyabr, payshanba kuni Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammitida ishtirok etish uchun Ispaniyaga bordi.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u hozirda Ispaniyaning Granada shahrida bo‘lib turibdi.

«Granada, Ispaniya. Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti. Ukraina boshqa davlatlar qatori qit’ada xavfsizlik va barqarorlik uchun bizning umumiy Yevropa uyimizda ishtirok etadi», — deb yozdi Zelenskiy Telegram-kanalida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit doirasida umumiy formatlarda ishlash va muhim ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

«Biz uchun, ayniqsa qish oldidan, havo mudofaasini kuchaytirish muhim va hamkorlar bilan yangi kelishuvlar uchun asos mavjud. Biz ularni tasdiqlash va amalga oshirishga tayyorlanyapmiz», — dedi Zelenskiy.

Yana bir muhim mavzu, Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yevropada mavjud xavfsizlik arxitekturasini mustahkamlash, xususan, mintaqaviy xavfsizlik jihatlari bo‘ladi.

«Ukrainaning muhim takliflari bor. Qora dengiz mintaqasi va global oziq-ovqat xavfsizligi, navigatsiya erkinligini himoya qilish bo‘yicha birgalikdagi ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kun Ukraina va butun Yevropa uchun samarali bo‘lishi kerak», — deya xulosa qildi prezident.

Avvalroq Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel YeIga a’zo davlatlar rahbarlariga 6 oktyabr kuni Granadada bo‘ladigan norasmiy uchrashuvga taklifnoma yuborgan edi.

Sammitda YeI oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ittifoqning kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari haqida fikr yuritish jarayonini boshlash rejalashtirilgan.

Xususan, Mishel ta’kidlaganidek, muhokamalar davomida 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan strategik kun tartibiga ham to‘xtalib o‘tish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid