Jahon | 08:01 / 09.10.2023
23467
3 daqiqa o‘qiladi

BAA HAMASning Isroilga hujumi va odamlar garovga olinishini qoralab chiqdi

BAAning pozitsiyasi mintaqadagi aksariyat arab davlatlari bayonotlaridan keskin farq qiladi.

Foto: REUTERS/Ronen Zvulun

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Tashqi ishlar vazirligining 8 oktyabr, yakshanba kuni e’lon qilgan bayonotiga ko‘ra, HAMASning Isroil shahar va qishloqlariga uyushtirgan hujumlari, shuningdek, aholi punktlariga raketa hujumlari «jiddiy va shiddatli keskinlik»ni yuzaga keltirdi.

«Vazirlik isroillik tinch aholi o‘z uylaridan garovga olingani haqidagi xabarlardan hayratda. Tinch aholi vakillari hamisha xalqaro humanitar qonunlarga muvofiq to‘liq himoyaga ega bo‘lishi va hech qachon mojaro obektiga aylanmasligi kerak», — deyiladi mamlakat TIVning WAM davlat agentligi tomonidan e’lon qilingan bayonotida.

Idora «zo‘ravonlik avjiga chiqqani tufayli isroilliklar va falastinliklarning o‘limi» munosabati bilan hamdardlik bildirdi va har ikki tomonni keskinlikni yumshatishga chaqirdi. «Xalqaro hamjamiyat muloqot, hamkorlik va birgalikda yashashga qaratilgan davom etayotgan mintaqaviy sa’y-harakatlarni izdan chiqarishga qaratilgan zo‘ravonlik urinishlariga qarshi qat’iyatli bo‘lishi kerak», deya qo‘shib qilgan BAA TIV va «vaziyatni yumshatish» hamda Isroil va Falastin hududlarida «tinchlikni tiklash uchun barcha mintaqaviy va xalqaro hamkorlar bilan yaqin aloqada bo‘lishini» bildirdi.

Aksariyat arab davlatlari Isroilni aybladi

2020 yilda Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgan birinchi Fors ko‘rfazi davlatiga aylangan BAAning pozitsiyasi mintaqadagi aksariyat arab davlatlari izohlaridan keskin farq qiladi. Ulardan ba’zilari, xususan, Eron va Suriya 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumini ochiqdan ochiq qo‘llab-quvvatladi, ba’zilari esa vaziyatning keskinlashishida Isroilning o‘zini aybladi.

Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Iroq, Qatar va Ummon o‘z bayonotlarida HAMAS hujumi «davom etayotgan okkupatsiya va Falastin xalqini qonuniy huquqlaridan mahrum qilish natijasi» ekanini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, Saudiya Arabistonining bayonoti biroz vazmin bo‘ldi – unda «ikki tomon o‘rtasidagi keskinlashuvni zudlik bilan to‘xtatish, tinch aholini himoya qilish va o‘zini nazoratda ushlash» talab qilingan. G‘arb davlatlarining aksariyati Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

Mavzuga oid