Sentyabr oxirida “Tolibon” rasmiylari va o‘nga yaqin davlatning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari Moskva formatidagi 5-uchrashuvga yig‘ildi. Xo‘sh, toliblar bilan bu kabi muloqotlardan foyda bo‘lyaptimi, ular bilan nimalar gaplashilyapti, Afg‘onistonda kimning qanaqa manfaati bor? “Geosiyosat”ning navbatdagi sonida o‘zbek ekspertlari shu haqda so‘z yuritdi.

Suhbatdoshlarimiz – siyosatshunoslar Sayfiddin Jo‘rayev, Kamoliddin Rabbimov va Suhrob Bo‘ronov.

— Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyatning ustuvor kun tartibidan tushib qolgani qaysi omillar bilan bog‘liq?

Sayfiddin Jo‘rayev: So‘nggi 3 yil ichida Afg‘oniston muammosiga munosabat o‘zgargani yo‘q, lekin e’tiborning pastga tushishi bo‘ldi. Birinchi sabab, albatta, dunyodagi o‘zgarishlar, Ukraina krizisi, AQSh-Rossiya tirashuvi, Xitoyning o‘sib kelishi kabi masalalar fonida qolib ketayotgandek. Ikkinchi sabab esa Afg‘onistonning o‘zidagi jarayonlar, ya’ni ma’lum darajada o‘zgarishlar bor: terrorizmga qarshi kurash, butun mamlakatni boshqarish. Lekin jahon hamjamiyati qo‘ygan talablarning katta qismi bajarilmasdan qolib ketyapti. Uchinchi bir sabab esa Afg‘onistondagi bo‘layotgan ishlar dunyoning boshqa davlatlariga uncha ta’sir qilmay qo‘ydi. Ammo qo‘shni davlatlar uchun, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun Afg‘oniston masalasi doimiy kun tartibida. Prezidentimiz ham BMTda Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan qoldirib bo‘lmaydi, dedi. Umuman, Afg‘oniston Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hudud, kun tartibidan tushmaydi baribir.

Dunyoda hech qachon bo‘shliq bo‘lib qolmaydi, o‘zaro bog‘liq. Oxirgi bir necha oy, ayniqsa so‘nggi bir haftada Afg‘oniston masalasi yana ko‘tarilyapti. AQSh kongressida ham bu muammo ko‘tarildi. Rossiya tomonidan ham shunday harakatlar bo‘lyapti, Davlat dumasida ko‘rildi bu masala. Bu degani har davlat o‘z manfaati tomonidan yana Afg‘oniston muammosini ko‘taryapti.

Sayfiddin Jo‘rayev

Kamoliddin Rabbimov: Afg‘oniston masalasida dunyoda geosiyosiy charchoq bor. AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistonda 20 yil urushdi. Oldiga 3 vazifa qo‘ygandi: «Tolibon»ni yo‘qotish, G‘arbga moyil bo‘lgan siyosiy tizimni o‘rnatish va dunyoviy davlatga aylantirish. Lekin birortasiga ham erishilmadi.