Jahon | 22:17 / 14.10.2023
14611
3 daqiqa o‘qiladi

Kongress AQSh hukumatiga Xitoy va Rossiyaga qarshi bir vaqtdagi urushga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qildi

Kongress fikriga ko‘ra, Xitoy va Rossiya tahdidlari 2027-2035 yillarda kuchayadi, shu tufayli «mamlakat tayyor bo‘lishi uchun qarorlar hozir qabul qilinishi kerak».

Foto: AP

AQSh Kongressining Strategik rejalashtirish komissiyasi 145 sahifalik hisobot tayyorladi, unda Amerika rasmiylariga Xitoy va Rossiyaga qarshi bir vaqtdagi urushga tayyorgarlik ko‘rish tavsiya etildi, deb yozdi Reuters.

Qayd qilinishicha, Qo‘shma Shtatlar bir vaqtning o‘zida ikkita urushda ishtirok eta oladi, chunki tilga olingan ikki davlat harbiy kuchlarini «maksimal darajada muvofiqlashtirishi» mumkin.

Demokratlar partiyasi raisi Medlin Kridon hisobotga bag‘ishlangan brifingda AQSh mudofaa xarajatlarini oshirishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident va Kongress «mudofaa xarajatlarini oshirish - AQSh, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlar ishtirokida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yadroviy urushning oldini olish uchun to‘lash kerak bo‘lgan kichik narx ekanini» xalqqa yetkazishi kerak.

«Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari bir vaqtning o‘zida ikkala dushmanni ham tiyish va mag‘lub etishga tayyor bo‘lishi kerak. AQSh boshchiligidagi xalqaro tartib va u targ‘ib qilayotgan qadriyatlar Xitoy va Rossiya avtoritar rejimlari tahdidi ostida», deyiladi hisobotda.

Kongress komissiyasi Qo‘shma Shtatlarga oddiy qurollarni ishlab chiqarish, harbiy ittifoqlarni mustahkamlash va yadroviy qurollarni modernizatsiya qilish dasturlarini kengaytirishni taklif qildi.

Hisobotda aytilishicha, Amerika davlati «budjet muammolariga» qaramay «bu sarmoyalarni sarflashi lozim».

Komissiya Xitoy va Rossiya tahdidlari 2027-2035 yillarda kuchayishiga ishonadi, shu tufayli «mamlakat tayyor bo‘lishi uchun qarorlar hozir qabul qilinishi kerak».

AQSh Kongressi ushbu komissiyani 2022 yilda tuzgan. Unga Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan olti nafardan vakil kirgan. Komissiyaning maqsadi uzoq muddatli tahdidlarni baholash va mamlakatning oddiy va yadroviy kuchlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tavsiyalar berishdan iborat.

Mavzuga oid