Qancha mablag‘ sarflangani yashirilgan kinofestival, poytaxtda narxi oshadigan ichimlik suvi, Rossiya gazi importi bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar muhokamasi, rekord summadagi «oltin raqam», soliq to‘lovchiga aylangan blokdagi TikTok va yakunlanayotgan haftaning boshqa iqtisodiy yangiliklari – «Iqtisodiy taymlayn»da.

O‘zbekiston Rossiya gazining importi bo‘yicha yangi shartnomalar muhokamasini boshladi

O‘zbekiston 7 oktyabrdan Rossiya gazining importini boshladi. 2 yillik shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston 2 mlrd 800 mln kubmetr rus tabiiy gazini sotib oladi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston tomoni «Gazprom» bilan o‘rta va uzoq muddatli shartnoma muhokamasini boshlab yuborgani haqida ma’lum qildi.

«Uzoq muddatli hamkorlik doirasida Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berish O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi, aholi va energiya resurslariga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda kuz-qish mavsumida gaz defitsitining bir qismini ta’minlab beradi. Prezidentimizning rasmiy tashriflari doirasida «Gazprom» bilan o‘rta va uzoq muddatli shartnoma muhokamasini ham boshladik», dedi vazir Mirzamahmudov «O‘zbekiston» 24 telekanaliga bergan intervyusida.

Ma’lumot uchun, Rossiyadan gaz uzatish O‘rta Osiyo – Markaz magistral quvurlari tarmog‘i orqali teskari tartibda yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tarmoq orqali keladigan Rossiya gazining bir qismi Qozog‘istonning Shimoliy hududlariga, asosiy qismi esa O‘zbekistonga yo‘naltiriladi. 

Qancha mablag‘ sarflangani noma’lum Toshkent kinofestivali

50 dan ortiq mamlakatdan 300 dan oshiq san’at va madaniyat vakillari kelgani aytilgan XV Toshkent xalqaro kinofestivali yakuniga yetdi. Festivalga kelganlar qatorida jahon kinosi yulduzlari Kevin Speysi, Sami Nasiri, Frederik Difentallarni ko‘rish mumkin edi. Tadbir yakunlariga bag‘ishlangan anjumanda Kun.uz muxbiri festivalga qancha sarf-xarajat qilingani yuzasidan Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqovga savol bilan yuzlandi. Amaldor Toshkent kinofestivaliga budjetdan avvalgilariga nisbatan uch barobar kam pul olingani haqida gapirdi, ammo umumiy summani ochiqlamadi.