Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu amerikaliklar prezidentini samolyot trapida shaxsan kutib oldi.
Baydenning samolyoti hali havodaligida uning tashrifi jadvali o‘zgartirildi: G‘azodagi shifoxonaga yo‘llangan tungi zarbadan keyin Iordaniya hukumati Oq uy rahbari, Misr prezidenti, Falastin muxtoriyati rahbari va Iordaniya qiroli ishtirokida 18 oktyabr kuniga belgilangan to‘rt tomonlama sammitni bekor qildi.
«Endi urushni to‘xtatishdan boshqa narsa haqida gaplashishdan ma’no yo‘q», — dedi Iordaniya TIV rahbari Ayman Safadiy sammit bekor qilinishini aytarkan.
Baydenning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi prezident Isroil uchun og‘ir pallada o‘z ittifoqchisi oldiga bormasligi mumkin bo‘lmagani haqida gapirdi.
Shu bilan birga, Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Oq uy rahbari do‘st sifatida kelgan bo‘lsa ham, u Isroil rahbariyatiga qator qiyin savollar, xususan G‘azodagi amaliyot va tinch falastinliklar bo‘yicha savollarni bermoqchiligini aytgan.
BBC’ning AQSh davlat departamentidagi muxbiri Barbara Plett-Asherning qayd etishicha, shifoxonadagi hodisa —Isroilga borib, Omanda arab davlatlari yetakchilari bilan muloqot o‘tkazishni rejalashtirgan amerikaliklar prezidenti uchun ehtimoliy ssenariylardan eng yomoni bo‘ldi.
Al-Ahli shifoxonasidagi portlashda kim aybdor?
Binyamin Netanyahu bilan birga qo‘shma matbuot anjumani vaqtida AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azodagi shifoxonaga berilgan zarba bo‘yicha Isroilning versiyasini qo‘llab-quvvatlagan.

«Kecha G‘azodagi shifoxonada ro‘y bergan portlashdan chuqur qayg‘udaman va g‘azablandim, — dedi Bayden Netanyahuning yonida turib. — Ko‘rganlarimga asoslanib aytishim mumkinki, buni siz emas, boshqa jamoa qilganga o‘xshaydi. Ammo bunga ishonmaydigan odamlar ko‘p. Demak, biz hali qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘p».
Avvalroq Isroil hodisa bo‘yicha tekshiruvi natijalarini taqdim etgandi, unga ko‘ra, TsAHAL bu zarbaga aloqador emasligi, shifoxona hududiga qulagan raketa esa falastinliklarning «Islom jihodi» guruhi tomonidan uchirilgani ma’lum qilingandi. G‘azodagilar esa shifoxonaga isroillik harbiylar aviazarba yo‘llaganini aytgan.
















