Prezident o‘zbek tili bayrami munosabati bilan vatandoshlarni tabrikladi
Tabrikda O‘zbekistonda ta’lim 7 tilda olib borilayotgani, lotin grafikasi asosidagi alifboni takomillashtirish ishlari davom etayotgani qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi.
Prezident o‘zbek tili asrlar sinovidan bezavol o‘tib kelayotgan buyuk va bebaho ma’naviy boylik ekanini, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasini biz milliy o‘zligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorug‘ kelajakni ta’minlashning eng muhim omili ekanini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyevning qayd qilishicha, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati zamon talablari asosida tashkil etilib, barcha sohalarda davlat tilida ish yuritish sifatini yaxshilash, xususan, axborot-kommunikatsiya yo‘nalishida uni faol qo‘llash borasida ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Alisher Navoiy qomusi”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”, “Falsafa” qomusiy lug‘ati, “O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasi”, “Islom ensiklopediyasi”, “Ma’naviyat: asosiy tushunchalar lug‘ati”, “Pedagogika: ensiklopediya”, “Tarix atamalari lug‘ati”, “Adabiyotshunoslik lug‘ati”, “Yuridik atamalar lug‘ati” kabi 40 dan ziyod fundamental kitoblar nashr etilgani bu yo‘ldagi muhim qadam ekani ta’kidlandi.
Shular qatorida o‘zbek tilining elektron milliy korpusi va dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish, o‘zbek tilini Internet tarmog‘ida ommalashtirish va munosib o‘rin egallashini ta’minlash, davlat tilini o‘rgatishga hamda matn tahririga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish bo‘yicha ham jiddiy ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Prezident lotin grafikasi asosidagi alifboni takomillashtirish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.
«Ushbu masala yuzasidan xalqimiz, jamoatchiligimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif va tavsiyalar jiddiy o‘rganilib, muhokamadan o‘tganidan so‘ng tegishli qonun loyihasini yana bir bor ko‘rib chiqib, parlamentga kiritish maqsadga muvofiqdir», dedi u.
Tabrikda aytilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim 7 tilda olib borilmoqda. Respublikadagi mavjud 1453 ta ommaviy axborot vositasi hamda yuzlab veb-saytlar orqali qoraqalpoq, rus, qozoq, tojik, turkman, koreys, turk, arab, ingliz, nemis va boshqa tillarda ham materiallar e’lon qilinmoqda.
«Biz O‘zbekistonni tenglik, do‘stlik va bag‘rikenglik diyoriga aylantirish maqsadida turli millatga mansub fuqarolarimizning til sohasidagi huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Fursatdan foydalanib, o‘zbek tilining haqiqiy fidoyisi va do‘sti bo‘lgan barcha zahmatkash va jonkuyar insonlarga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman», deyiladi tabrik yakunida.
Mavzuga oid

00:20
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga amaliy tashrifi yakunlandi

20:20 / 31.03.2025
O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari Xo‘jand qal’asini tomosha qildi

18:54 / 31.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Xo‘jandda Sadir Japarov bilan uchrashuv o‘tkazdi

12:58 / 31.03.2025