Odatmi yo jinoyat: qirg‘iz deputatlar qiz o‘g‘irlash mavzusida tortishib qoldi
19 oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamentida chorva mollarini o‘g‘irlaganlik uchun 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlash masalasi muhokama qilindi. Qirg‘iziston jinoyat kodeksini muhokama qilgan deputatlar unga chorva o‘g‘irlaganlik uchun alohida modda qo‘shmoqchi. Muhokama davomida qiz o‘g‘irlash va mol o‘g‘irlash taqqoslandi.
So‘zga chiqqan deputatlardan biri Meykinbek Abdaliyev chorva o‘g‘irlash og‘ir jinoyat ekani, ammo qiz o‘g‘irlash shunchaki odat ekanini aytdi.
Boshqa bir deputat Doston Bekeshev qoramol o‘g‘irlaganlik uchun uzoq muddat qamoq jazosi tayinlashga qarshi chiqdi. U inson va hayvon hayotini taqqoslab bo‘lmasligini aytgan.
«Odatda odam o‘g‘irlansa, unga 7-10 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi. Mol o‘g‘irlash uchun esa 12 yillik qamoq jazosi taklif qilinmoqda. Bu to‘g‘ri emas, axir inson hayoti qadrliroq-ku. Uylanish uchun bo‘lsa ham qiz o‘g‘irlaganlarga 7 yil beriladi, mol o‘g‘rilariga esa 8 yil, bu ortiqcha sanksiya. Axir shafqatsizlarcha odam o‘ldirganlik uchun ham shunday jazo nazarda tutilgan», degan deputat Bekeshev.
Qoramol o‘g‘irlash uchun jazoni kuchaytirish tarafdorlaridan biri bo‘lgan deputat Abdaliyev esa qiz o‘g‘irlash shunchaki qirg‘izcha odat ekanini aytdi.
«Siz qiz o‘g‘irlash haqida gapirdingiz, xafa bo‘lmang-u, bu odat, ota-bobolarimiz shunday qilgan. Hayvon o‘g‘irlanadi, odam esa olib qochiladi. uni qaytib sotishmaydi, unga uylanishadi», degan deputat Abdaliyev. Bekeshev esa qiz bolani uning ixtiyoriga qarshi o‘g‘irlab ketishsa, bu odat emas, jinoyat ekanini aytdi.
Ma’lumot uchun Qirg‘iziston qonunchiligiga ko‘ra, nikohdan o‘tish maqsadida odam o‘g‘irlash uchun (agar bu holat isbotlansa) 5 yilgacha qamoq jazosi tayinlangan. O‘g‘irlangan odam voyaga yetmagan bo‘lsa, 7-10 yilgacha qamoq jazosi belgilanadi.
Qiz o‘g‘irlash
Qiz olib qochish Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ommalashgan odat hisoblanadi. Unga ko‘ra, kuyov va do‘stlari qizni olib qochib kuyovning uyiga olib borishadi. U yerda kuyov «o‘lja bilan qaytishini» kutib turgan yaqinlari kelinni unga tegishga ko‘ndirishga urinadi. Odatda o‘g‘irlab ketilgach uyga qaytishni nomus bilgan qizlar erga tegishga rozi bo‘ladi.
Bugungi kunda bu udum odatda kelin bo‘lmishning roziligiga ko‘ra amalga oshiriladi. Ya’ni kelin va kuyov o‘zaro turmush qurishga rozi bo‘lgach, qiz olib qochiladi. Lekin hamon qizlarni roziligisiz olib qochish holatlari kuzatilib turadi. Aslida eski odatda ham qizning o‘zi rozi bo‘lmagan holatda uni o‘g‘irlash qirg‘izlarda zo‘rlash deb qabul qilinib, qoralangan.
Qirg‘izistonda hozir ham har yili yuzlab qizlar olib qochiladi. Lekin barcha holatlar ham yaxshilik bilan tugamaydi. Masalan, 2018 yil may oyida noma’lum erkak 19 yoshli Burulay Turdaliyevani zo‘rlik bilan mashinasiga o‘tqizib uyiga olib ketmoqchi bo‘ladi. Yo‘lda uni militsiya to‘xtatib, bo‘linmaga olib ketadi. Erkak bo‘linmada qizni pichoqlab o‘ldirib, keyin o‘zini ham o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Erkak tirik qoladi va 20 yilga qamaladi.
2021 yil 5 aprel kuni 26 yoshli qirg‘izistonlik Ayzada Kanatbekovani o‘g‘irlab ketishadi. Ikki kun o‘tib esa qiz va uni o‘g‘irlagan 36 yoshli erkak Zamirbek Tenizbayevning jasadi topiladi. Tergovga ko‘ra, ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgach, erkak avval qizni o‘ldirib, keyin o‘z joniga qasd qilgan.
Qiz o‘g‘irlash masalasi shu kunlarda Qozog‘istonda ham kun tartibiga chiqqan. Qozog‘iston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Igor Lepexa mamlakatda qiz o‘g‘irlash uchun jazoni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qozog‘istondagi bu odatni ko‘p marta tanqid qilgan.
«Ularga bu an’ana ekanini tushuntirib berolmaysiz. To‘g‘risini aytishimiz kerak, ba’zi urf-odatlar insonlarimizning ayrim konstitutsion huquqlarini cheklab qo‘yadi», degan vazir o‘rinbosari.
Qozog‘istonda qiz olib qochish bo‘yicha ish ochilsa, bu holat mahalliy jinoyat kodeksining 126-moddasi – «Noqonuniy ozodlikni cheklash» moddasi bilan malakalanadi. Bu uchun 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.
18 oktyabr kuni Qozog‘istonning Taraz shahrida qiz o‘g‘irlagan ikki kishi 7 yilga qamalgandi. Rasmiy axborotga ko‘ra, 2022 yil J. ismli shaxs Tarazda yashovchi qiz bilan tanishadi. Bir necha uchrashuvdan keyin qiz u bilan ortiq ko‘rishishni istamaydi. Shunda yigit do‘sti bilan qizni o‘g‘irlab mashinasida shahardan chiqib ketishga urinadi.
Qizning baqirganini eshitgan qo‘shnilar politsiya chaqirishadi. Tezkor xodimlar yigit va do‘stini shahardan chiqishda qo‘lga olishadi. O‘shanda sudga oshirilgan ish 18 oktyabr kuni J. va do‘stiga 7 yillik qamoq jazosi tayinlanishi bilan tugadi.
Chorva o‘g‘irlash
Chorva mollarini o‘g‘irlash uchun jazoni kuchaytirish masalasi ham Qirg‘izistonda bejizga ko‘tarilgani yo‘q. Bu jinoyatlarning oldini olish uchun har qancha harakat qilinmasin, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda chorva o‘g‘irlash holatlari to‘xtamayapti. Qishloq joylarida, yaylovlarda yashaydigan qirg‘iz va qozoqlar uchun esa chorva asosiy moddiy boylik hisoblanadi.
Qozog‘iston jinoyat kodeksida chorva mollarini o‘g‘irlaganlik uchun alohida modda bor. 2022 yil may oyida Qozog‘istonning uchta hududida chorva o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan katta jinoiy guruh aniqlangan va ularga 12 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligi aytilgandi.
Jinoiy guruh umumiy hisobda 167 ta chorva mollarini o‘g‘irlagan. Surishtiruv davomida esa ularga tegishli og‘ilxonalarda yana 67 ta o‘g‘irlangan ot borligi aniqlangan. Guruh a’zolari «Chorva o‘g‘irlash» moddasidan tashqari «Jinoiy guruh tashkil qilish» moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarni ham sodir etganlikda gumonlangani uchun jazo keskinroq bo‘lishi aytilgandi.
2020 yilgi ma’lumotga ko‘ra, Qirg‘izistonda umumiy hisobda 3 ming bosh chorva mollari o‘g‘irlangan. Ulardan faqat 1475 tasini egasiga qaytarishga muvaffaq bo‘lishgan.Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi chorva o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan 56 ta jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ygan.
Mavzuga oid
13:40 / 24.11.2024
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi
13:51 / 23.11.2024
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonda sezildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024