AQSh MXA sobiq xodimi Rossiya foydasiga josuslik qilishga uringanini tan oldi
AQSh Milliy xavfsizlik agentligining sobiq xodimi Jarex Sebastyan Dalke o‘z mamlakatiga qarshi bir qator jiddiy qonunbuzarliklarda aybdor deb topildi. Uni umrbod qamoq jazosi kutmoqda.
AQSh Milliy xavfsizlik agentligida (MXA) qisqa muddat ishlagan kibermutaxassis Rossiya foydasiga josuslik qilishga uringanini tan oldi. Amerika Qo‘shma Shtatlari Adliya vazirligi 23 oktyabr, dushanba kuni 31 yoshli Jarex Sebastyan Dalke AQSh okrug sudida oltita band bo‘yicha aybini tan olganini ma’lum qildi.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, Dalke Amerika Qo‘shma Shtatlarining milliy mudofaasi haqidagi maxfiy ma’lumotlarni xorijiy hukumat agentiga uzatishga urinishda ayblanmoqda. MXAda to‘rt haftadan kamroq vaqt ishlagandan so‘ng, Dalke o‘tgan yilning iyun oyi oxirida oilaviy sabablarga ko‘ra ishdan ketdi. Razvedka xizmatidagi qisqa muddatli faoliyati davomida u maxfiy hujjatlarni chop etishga muvaffaq bo‘lgan. Ishni tugatgandan so‘ng, u ixtisoslashtirilgan onlayn xizmatlar orqali ularni Rossiya agenti deb hisoblagan shaxsga taklif qilgan, deb xabar berdi Adliya vazirligi. Aslida, u AQSh Federal tergov byurosining (FTB) maxfiy agenti bo‘lgan.
Hujjatlar bevosita AQSh maxfiy ma’lumotlariga tegishli
Avvalroq Dalke maxfiy agentga AQShning mudofaa qobiliyati, ma’lum kriptografik dasturni yangilash rejalari va nomi oshkor etilmagan xorijiy davlatning harbiy qudratini baholashga oid uchta o‘ta maxfiy hujjatlardan ko‘chirmalarni bergani ma’lum bo‘lgan edi. Dalke sudda shifrlangan elektron pochta manzilidan uchta maxfiy hujjatdan parchalarni Rossiya Federatsiyasi agenti deb hisoblagan shaxsga yuborish uchun foydalanganini tan oldi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil avgust oyi oxirida Dalke «Rossiya agenti»dan o‘zida bo‘lgan barcha ma’lumotlar evaziga 85 ming dollarni kriptovalutada so‘ragan. Uning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar Rossiya uchun foydali bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, sobiq MXA xodimi aslida FTB tomonidan taqdim etilgan ko‘rsatmalarga amal qilgan holda, qo‘shimcha maxfiy ma’lumotlarni Denverdagi «agent»ga o‘tkazishni tashkil qilgan. O‘tkazilgan fayllardan biri rus tilidagi xat bo‘lib chiqdi, unda Dalke do‘stlik va o‘z harakatining umumiy foydasi haqida yozgan.
Dalke 28 sentabr kuni FTB tomonidan fayllarni uzatish paytida hibsga olingan. Boshqa narsalar qatorida, u maxfiy agentga 230 ming dollardan ortiq qarzi borligini aytgan. Ammo prokurorlarning ta’kidlashicha, sobiq AQSh razvedkachisi shunchaki Rossiyaga xayrixoh bo‘lgan. Hukm 2024 yil 26 aprelga belgilangan. Dalke josuslik to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin, agar u aybiga iqror bo‘lsa, bu muddat qisqartiriladi.
Mavzuga oid
10:05
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
21:19 / 16.11.2024
Tramp Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibini tayinladi
15:52 / 16.11.2024
Amerikalik olimlar bioorganizmlarning “uchinchi holati”ni aniqladi
15:12 / 16.11.2024