Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
KUBA – katta o‘yin ichidagi kichik davlat | MAYDON
Toshkent dahalariga o‘xshash manzaralar yashiringan olis Gavana. AQSh biqinida joylashsa-da, Rossiyani tanlagan Kuba bugun yana global diqqat markazida. Ko‘chalarida haligacha sovet mashinalari yurgan bu davlat endi katta o‘yin sahnasiga qayta chiqyapti. Chunki Donald Tramp Kubani qo‘lga kiritish haqida ochiq gapirdi. Navbat Kubagami? Suriya, Venesuela, Erondan keyingi bosim ortida Rossiyani zaiflashtirish rejasi bormi yoki bundan ham kattaroq o‘yin ko‘zlanganmi? Va bu holat Markaziy Osiyo uchun qanday saboq bo‘lishi mumkin? SUBYEKTIV ijodkorlaridan yana bir loyiha — MAYDON’da katta mavzu qisqa daqiqalarda tahlil qilinadi.
Kuba haqida...
Kuba bir qarashda tushunarsiz manzara. Eski limuzinlar. Rangli retro mashinalar. Yevropacha art-deko binolar va bir vaqtning o‘zida — sovetcha beton uylar. Salsa, rumbaga raqsga tushayotgan quvnoq odamlar va qashshoqlik.
O‘rtacha oylik maosh 6000 peso, aniqrog‘i 3 mln so‘m atrofida. Bu miqdorni dollarda aytish biroz noqulayroq. Chunki Kubada rasmiy va “ko‘cha bozori” kursi o‘rtasida katta farq bor. Xuddi bir paytlar bizda ham bo‘lganidek. Lekin bu pulning xarid quvvati 11 million aholi uchun juda past, narxlar esa tez o‘sib boryapti. Xo‘sh, sabab nima? Bu kambag‘al davlat nega kuchli mamlakatlar diqqat markaziga chiqyapti? Bunga javobni biroz avvalroqdan izlaymiz.
Ikki xil Kuba
Poytaxt Gavana 1959 yilgacha Lotin Amerikasining eng boy shaharlaridan biri edi. Amerika biznesi, kazinolar, turizm, qimmat mehmonxonalar va, albatta, mashinalar. Lekin bu boylik hammaga tegishli emasdi. Kuba elita va kambag‘allikka bo‘lingan katta farqli davlat edi.
1959 yilda hokimiyatga kelgan Fidel Kastro amerikaliklarga tegishli aktivlarni milliylashtirdi, SSSR bilan savdo va siyosiy aloqani kuchaytirdi. Moskvadan neft, pul, texnika kela boshladi. Evaziga Kuba shakar berdi. Bu davrda mamlakatda pul kam, tanlov kam, boylar kam, lekin barqarorlik bor edi. Ta’lim va tibbiyot yaxshi. Ishsizlik esa unchalik bilinmagan.
Bu ittifoqqa qarshi bo‘lgan Vashington rasmiy Gavanaga bosqichma-bosqich iqtisodiy jazolar qo‘lladi. Keyin bu sanksiyalar to‘liq embargoga aylandi. AQSh Kubaga nisbatan dunyodagi eng uzoq davom etgan sanksiya rejimlaridan birini qo‘lladi.
1990-yillarda SSSRning parchalanishi Kubani og‘ir ahvolga soldi. Iqtisodiyot 35 foizgacha qisqaradi. Yoqilg‘i, oziq-ovqat yetishmovchiligi boshlandi.
Bir tarafdan sanksiyalar, yopiqlik, yaxshi sherikdan ayrilish... Bugungi Kuba — aynan shu voqeliklarning natijasi. Ha, u yerda odamlar bugun maxsus talon orqali kam tanlovli oziq-ovqat olishlari, eski binolardan foydalanishlari yoki rivojlanishda juda-juda sekin bo‘lishlari mumkin. Lekin yana bir haqiqat bor. Kuba tibbiyoti kuchli. U yerda shifokorlar nafaqat o‘z xalqini, balki boshqa davlatlar aholisini ham davolaydi. Ko‘cha va uylarida musiqa to‘xtamaydi. Odamlar qiyinchiliklarga qaramay san’at bilan yashashadi. Bugungi Kuba iqtisodiyoti turizm, pul o‘tkazmalari, tibbiy xizmat, o‘ralgan tamaki, ruh rudasi, nikel eksportiga bog‘liq.
Kubadagi “Toshkentga o‘xshash” arxitektura Gavananing sharqiy qismidagi Alamar kabi hududlarida uchraydi. Poytaxtdagi ba’zi dahalar Toshkent, Kiyev yoki Minsk chetlaridagi sovet mikrorayonlarini eslatadi. Gavanada bir vaqtning o‘zida ispan mustamlakasi merosi, art-deko, inqilobdan keyingi sotsialistik qurilish va sovetcha panel massivlar aralash yashaydi.
Kastro davrida Gavana ko‘chalarida sovet ittifoqi ishlab chiqargan avtomobillar va yuk mashinalari keng tarqalgan. Ammo bugun Kubaning eng taniqli avtotimsoli — sovetcha avtoulovlar emas, 50-yillardagi amerika retro mashinalari. U yerda Amerika boyligi, sovet tizimi va bugungi inqiroz bir vaqtning o‘zida yashayapti.
Mavzuning qolgan tafsilotlarini yuqoridagi video havolasi orqali o‘tib, ko‘rishingiz mumkin...