Jahon | 22:12 / 17.04.2026
4681
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilganiga qaramay, Eron portlari blokadasi saqlanib qolishini aytdi

Amerika prezidenti, shuningdek, Eron AQSh ko‘magida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘zining dengiz minalaridan tozalashni boshlaganini ma’lum qildi.

Foto: REUTERS/Annabelle Gordon

AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tijorat kemalari uchun ochilganini e’lon qilganidan keyin ham Eronning harbiy-dengiz blokadasi o‘z kuchida qolishini aytdi.

«Ho‘rmuz bo‘g‘ozi biznes va kemalarning erkin o‘tishi uchun to‘liq ochiq va tayyor. Biroq, Eron bilan kelishuvimiz 100 foiz yakunlanmaguncha, unga nisbatan harbiy-dengiz qamali o‘z kuchida qoladi», deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu jarayon juda tez o‘tishi kerak», chunki «aksariyat bandlar allaqachon kelishilgan».

Amerika prezidenti, shuningdek, Eron AQSh ko‘magida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘zining dengiz minalaridan tozalashni boshlaganini ma’lum qildi. «Eron AQSh yordamida barcha dengiz minalarini olib tashlamoqda yoki allaqachon olib tashlagan!», dedi Tramp.

17 aprel kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Isroil va Livan «Hizbulloh» o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimining qolgan muddati uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozi barcha tijorat kemalari uchun ochilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Tasnim agentligining Eron Xavfsizlik kengashidagi manbasining ta’kidlashicha, bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalar ham, ularning yuklari ham AQSh va Isroil bilan bog‘liq bo‘lmasligi kerak.

Fevral oyi oxirida AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganini e’lon qildi.

Tramp bo‘g‘ozning zudlik bilan ochilishini talab qildi, rad javobidan so‘ng esa AQSh Eron portlari va qirg‘oq chizig‘iga nisbatan blokada joriy etdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid