Jahon | 19:57 / 24.10.2023
46946
6 daqiqa o‘qiladi

«Ular bilan bir xil ovqatlandik» - G‘azodan qaytarilgan isroillik ayol boshidan kechirganlarni so‘zlab berdi

23 oktyabr kuni HAMAS qo‘yib yuborgan Yoxeved Lifshits Tel-Avivdagi shifoxonalardan birida o‘tkazilgan matbuot anjumanida asirlikda boshdan kechirganlari haqida aytib berdi.

Lifshits ivrit tilida gapirgan, qizi Sheron uning gaplarini ingliz tilidagi nashrlar uchun tarjima qilib turgan.

Keksa yoshli ayol «jahannamdan o‘tgani», uni mototsikllardagi hamaschilar garovga olgani va qaysidir pallada uni tayoq bilan urishgani va piyoda yurishga majburlashgani haqida aytib bergan.

Ammo o‘zi tushib qolgan tunnellardagi sharoitlarni u butunlay boshqacha tasvirlagan.

«Ular bizga mehribon munosabatda bo‘lishdi, bizni barcha zarur narsalar bilan ta’minlashdi», — deya javob bergan u ozod etilganida nima uchun jangarilardan birining qo‘lini siqib qo‘ygani haqidagi savolga.

«Biz ular bilan bir xil taom yedik — pishloq va non, eritilgan pishloq, bodring. Bu butun bir kun uchun yegulik edi», — deydi Lifshits.

«Ular bizga yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Har ikki-uch kunda meni hamda garovdagi boshqalarni shifokor kelib ko‘rdi va dori berib ketdi», — degan ayol.

Lifshits o‘zini asirga olganlarni «juda do‘stona va xushmuomala» odamlar deb atagan.

«Aftidan, ular bunga tayyor bo‘lishgan, uzoq tayyorlanishgan, ularda erkaklar va ayollar uchun barcha zarur narsalar, jumladan shampunlar tayyor edi», — degan u jurnalistlarga. Barcha matraslarda yotgan.

U HAMAS tomonidan boshqariladigan yerosti tunnellarining «ulkan tarmog‘i»ni «o‘rgimchak to‘ri»ga o‘xshatgan.

Lifshits isroillik harbiylarni HAMASning hujum tahdidini yetarlicha jiddiy qabul qilmagani uchun tanqid qilgan.

Lifshits — bir kun oldin HAMAS qo‘yib yuborgan ikki ayoldan biridir.

Hozircha G‘azodan faqat to‘rt kishi - 79 yoshli Nurit Kuper, 85 yoshli Yoxeved Lifshits va yana ikki asir, AQSh fuqarosi bo‘lgan Yyexudit (ayrim manbalarda Judit) Raanan va uning qizi Natali qaytib kelgan.

Isroil hukumatining 24 oktyabr kungi ma’lumotiga ko‘ra, HAMAS G‘azoda yana 222 kishini ushlab turibdi.

Yoxeved Lifshitsning qizi o‘z onasini yo‘qlab Isroildagi shifoxonaga kelgan va BBC bilan suhbatda onasi «aftidan, yaxshi holatda» ekanini aytgan.

«Onamni yana ko‘rish — aql bovar qilmas ish, uning qo‘lidan tutish, shunchaki yuzini, yanoqlarini o‘pish... va men u bilan faxrlanaman, u ajoyib», — deydi Sheron Lifshits intervyuda.

Sheron o‘z onasi ozod etilishi aks etgan, HAMAS tomonidan tarqatilgan videoyozuvni eslaydi, videoda keksa yoshli ayol oxirida falastinliklardan birining qo‘lini siqib qo‘yadi.

«U avvaliga ketib, keyin esa qaytishi va rahmat aytishi men uchun mutlaqo aql bovar qilmaydigan hodisadir. U shunaqa», — deydi garovdan ozod etilgan ayolning qizi.

«U yerda [HAMAS asirligida] yana 200 dan ortiq kishi qolmoqda va biz faqat o‘z baxtimiz bilan andarmon bo‘lmasdan, har bir kishining ozod etilishi ustida ish olib borishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan ayol.

Uning oilasi garovdagi ota haqida hamon ma’lumotga ega emas.

«Uni onam bilan birga ushlashmagan, shuning uchun u otam qayerdaligini bilmaydi», — deydi u.

Sheron Lifshitsning aytishicha, uning otasi falastinliklarning huquqlari himoyasi bilan faol shug‘ullangan va «qo‘shnilar bilan tinchlikka erishish ustida ishlagan».

«Biz birgalikda yashash yo‘lini topishimizga uning ishonchi komil edi [...] va bosqinchilik g‘oyasiga, abadiy urush olib borish g‘oyasiga qarshi keskin kurashardi.

U arab tilini yaxshi biladi, shuning uchun u yerdagi odamlar bilan ham yaxshi muloqot qila olishi mumkin. U G‘azodagi ko‘pchilikni taniydi. U bilan barchasi joyida ekaniga ishonishni istayman», — deydi ayol.

Yoxeved Lifshits o‘zlari ushlab turilgan joyda shifokor bo‘lganini ta’kidlaydi. «Bu, qandaydir da’volanish iloji borligi bizga katta tasalli berdi», — deya qo‘shimcha qiladi uning qizi.

Qatarning garovdagilarni ozod etishdagi roli haqida

BBC’ning Quddusdagi xalqaro muharriri Jyeremi Bouenning izohi

HAMAS bilan isroillik asirlarni ozod etish bo‘yicha muzokaralarda ma’lum vaqtdan buyon Qatar vositachilik qilayotgani sir emas.

Juma kuni, garovdagilarning dastlabki ikki nafari ozod etilganida Qatarga Vashingtonda buning uchun rasman minnatdorchilik bildirildi.

Aftidan, bu shunday davom etadi. HAMASning siyosiy qanotining ko‘plab rahbarlari vaqtining katta qismini aynan Qatarda o‘tkazishadi — yashaydi va ishlaydi. Shu tariqa, Qatar hukmati ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borish imkoniga ega bo‘ladi — qatarliklar ular orqali guruhning harbiy qanoti yetakchilari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ham ega bo‘lishi mumkin.

Bu yerda shuni aniqlashtirish kerakki, HAMAS — qandaydir aniq tuzilma va iyerarxiyaga ega bo‘lgan odatiy tashkilot emas: uning harbiy va siyosiy «bo‘linmalari» har doim ham o‘zaro aloqada bo‘lmagan butunlay boshqa guruhlar rahbarlari tomonidan ifoda etilishi mumkin.

Versiyalardan biriga ko‘ra, HAMASning siyosiy qanoti isroilliklarga qarshi 7 oktyabr kuni tayyorlanayotgan keng ko‘lamli hujum haqida bilmagan bo‘lishi ham mumkin.

Mavzuga oid