Jahon | 13:41 / 24.10.2023
13174
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning Rossiyaga iqtisodiy ta’siri kuchaymoqda 

Xitoyda bo‘lib o‘tgan mintaqaviy konferensiyada Rossiya va Xitoy firmalari turli– elektron tijoratdan tortib, qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan sohalarda yangi shartnomalar tuzdi.

Foto: kremlin.ru

Xitoyning shimoli-sharqida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy konferensiyada Rossiya va Xitoy kompaniyalari iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qator shartnomalarni imzoladi. Bu haqda 23 oktyabr, dushanba kuni Xitoy davlat OAVga tayanib, Reuters xabar berdi. 

Anjuman Lyaonin provinsiyasi markazi Shenyan shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda 800 ga yaqin Xitoyning mahalliy kompaniyalari ishtirok etdi, ular uchun Rossiya bozori qiziqish uyg‘otadi. Imzolangan shartnomalar ishlab chiqarish va logistikadan tortib, elektron tijorat va qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan sohalarni qamrab oldi. 

Avvalroq, 2023 yilning yanvaridan sentabriga qadar 40 ta Rossiya kompaniyasi Lyaoninda o‘z biznesini ochgan, deya xabar beradi agentlik. Bu davrda shimoli-sharqiy provinsiyadan Rossiyaga yetkazib berish hajmi 82,3 foizga oshib, 42,64 milliard yuanga (5,5 milliard yevro) yetdi. Xitoy 2022 yil fevralida Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin ham Rossiya bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda. Xitoy shimoli-sharqidagi Lyaonin, Xeylunszyan va Tszilin provinsiyalari o‘shandan beri o‘zaro savdo hududi sifatida katta strategik ahamiyatga ega bo‘lib boryapti. 

Xitoyning iqtisodiy ta’siri kuchaymoqda 

O‘tgan hafta Xitoy rahbari Si Jinping «Yangi ipak yo‘li» tashabbusining o‘n yilligi munosabati bilan 130 dan ortiq davlat vakillarini qutladi. Unda iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlarning ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirok etdi. Tanqidchilarning aytishicha, savdo bitimi shartlari dunyodagi ikkinchi yirik davlatning ta’sirini yanada kuchaytiradi. 

Mavzuga oid