13:19 / 26.10.2023
3510

Germaniya hukumati noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish qoidalarini kuchaytirmoqda

Yangi qoidalar politsiyaning deportatsiyadan qochgan odamlarni qidirish vakolatlarini kengaytiradi va muhojirlar ketishni kutayotgan paytda hibsda saqlanish muddatini uzaytiradi.

Foto: picture-alliance/dpa/H. Schmidt

Qochqinlik maqomi berilmagan shaxslarni deportatsiya qilish bo‘yicha qattiqroq choralar «yashillar» partiyasi va ayrim inson huquqlari tashkilotlari tanqidiga qaramay, 25 oktyabr, chorshanba kuni Germaniya hukumati tomonidan ma’qullandi.

Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer ta’kidlaganidek, Germaniyaga noqonuniy migratsiya ko‘lamini «sezilarli darajada kamaytirish» uchun «cheklovchi choralar to‘plami»ni qabul qilish zarur edi. Shu bilan birga, boshpana berish rad etilganlarni mamlakatdan olib chiqishni tezlashtirish va faollashtirish bunga chindan ham muhtoj bo‘lganlarni himoya qilish uchun «yetarli imkoniyatlar» yaratadi, deya qo‘shimcha qildi u.

Qonunga rejalashtirilgan o‘zgartirishlar politsiyaning qochqinlik maqomini olishdan bosh tortgan xorijliklarni deportatsiya qilish choralarini qo‘llash bo‘yicha vakolatlarini kengaytirishi kerak. Masalan, migrantlar yotoqxonalarida tintuv o‘tkazayotgan politsiya xodimlari nafaqat o‘zlari qidirayotganlarning xonalarini, balki boshqa binolarni ham tekshirishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, deportatsiyaga qadar ushlab turishning maksimal muddati amaldagi 10 kundan 28 sutkaga oshiriladi. 

Kontrabandachilarni tezkorlik bilan deportatsiya qilish 

Yangiliklardan ko‘zlangan maqsadlardan biri, shuningdek, Germaniyaga noqonuniy ravishda odamlarni olib o‘tish bilan shug‘ullangan shaxslarni deportatsiya qilishdan iborat. Bundan tashqari, qonun jinoiy tashkilotlar a’zolarini alohida jazolardan qat’i nazar, mamlakatdan chiqarib yuborish imkonini beradi. 

Qonun qabul qilingandan so‘ng, rad javobi berilgan boshpana izlovchilarni Germaniyadan deportatsiya qilishlar soni yiliga 600 taga yoki 5 foizga oshishi kutilmoqda.

Huquq himoyachilarining tanqidi 

Ayni paytda, Germaniyadan boshpana so‘ragan muhojirlarga yordam ko‘rsatuvchi Pro Asyl inson huquqlari tashkiloti qonun loyihasini keskin tanqid qildi. Uning vakillariga ko‘ra, qattiqroq choralar migrantlarning «asosiy huquqlariga jiddiy hujum» deganidir. Shu bilan birga, ular nemis kommunalarida muhojirlar sonini umuman kamaytirmaydi, deya ma’lum qildi Pro Asyl.

Rejalashtirilgan chora-tadbirlarning qonuniyligiga shubhalarni hukmron «yashillar» partiyasi ham bildirmoqda. Shu tariqa, Bundestag deputati Yulian Palke RND nashrlari guruhiga bergan intervyusida «qonun hozirgi shaklda konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkin», dedi. Xuddi shunday fikrni «yashillar»ning migratsiya bo‘yicha eksperti Filits Polat ham bildirgan. Uning fikriga ko‘ra, tashabbus «odamlarning uy-joy erkinligi va xavfsizligiga, shuningdek, shaxsiy sohaga bo‘lgan asosiy huquqlariga nomutanosib ravishda aralashishdir». 

Bu tanqidni izohlar ekan, Germaniya ichki ishlar vaziri Fezer qonun loyihasi butun hukumat tomonidan qabul qilinganini eslatdi. «Yashillar» ham bu jarayonda ishtirok etdi», dedi u. 

Ayni paytda, XDS/XSS muxolifat bloki tayyorlanayotgan choralarni yetarli emas deb hisoblaydi. «Bu migratsiya siyosatida tub burilish sari tosh yo‘lda bir qadamdan boshqa narsa emas», - dedi Bundestagdagi konservatorlar fraksiyasi raisi o‘rinbosari Andreya Lindxols. 

Top