Ikkita hududda pul evaziga elektrdan qarzdorliklarni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan ETK xodimlari aniqlandi
Elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari Yangiyo‘lda 12 mln evaziga dalolatnomani, Samarqand tumanida 5 mln so‘m evaziga qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yangiyo‘l shahar bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbirda tuman ETK texnigi O.T. va elektr ta’minoti guruh elektromontyori A.B. “M.U.” fermer xo‘jaligi rahbariga fermer xo‘jaligi suv nasosini elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangani holati yuzasidan tuzilgan dalolatnomani 12 mln so‘m evaziga yo‘q qilib berishni va’da qilib, shundan 10 mln so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departament hamda DXXning Samarqand tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman ETK texnigi O.T. fuqaro T.V.ning xonadonida o‘rnatilgan elektr hisoblagich ro‘yxatdan o‘tmagani yuzasidan tuzilgan dalolatnomani hamda elektrdan 6,1 mln so‘mlik qarzdorlikni yo‘q qilib, yangi hisoblagich o‘rnatib berish evaziga 5 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 214-moddasi (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
ETK xodimlari tomonidan tadbirkorlarning elektr energiyasidan bo‘lgan yirik miqdordagi qarzdorliklarini o‘chirib berish uchun pul olish holatlari tez-tez uchrab turadi.
Jumladan, Urgut tuman ETK muhandisi A.N. va fuqaro Z.J. tadbirkor A.A.ning ishonchiga kirib, oshxonaning elektrdan 35,9 mln so‘m qarzdorligini kamaytirib berish evaziga 15 mln so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.
Jumladan, Sayxunobod tumani ETK boshlig‘i o‘rinbosari G‘.N. “S.X.” MChJga qarashli oshxonada o‘tkazilgan tekshirishda aniqlangan 21 mln so‘m zararni bazaga kiritmaslik evaziga MChJ rahbari Sh.dan 7 mln so‘m pora talab qilib, shundan 1 mln so‘mni olgan. Qolgan 6 mln so‘mni Sayxunobod tuman ETK ma’muriy binosida (!) olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.
Jizzax shahar ETK bo‘lim nazoratchisi S.E. “I.S.” MChJ rahbariga ishlab chiqarish sexini elektr energiyasiga ulab berish va kelgusida uning faoliyatiga rahnamolik qilib turish evaziga joriy yilning may-iyul oylarida 400 dollar va 2 mln so‘mini qo‘lga kiritib, yana 3 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.
Yangihayot tuman ETK yuriskonsulti F.I. fuqaro B.ning elektr energiya iste’molidan vujudga kelgan 9 mln so‘m qarzdorligini sudda ishlovchi tanishlari orqali kamaytirib berishni va’da qilgan.
Yuriskonsult buning evaziga fuqarodan 100 AQSh dollari va 500 ming so‘mni ETK ma’muriy binosi oldida (!) olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.
P.S. Katta ehtimol bilan balki qo‘lga tushmaganlari salmoqli pullar evaziga millionlab so‘mni tashkil etadigan qarzlarni o‘chirib ham berishyapti.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
23:12 / 12.12.2024
Samarqandda 5,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilindi
18:33 / 03.12.2024
Toshkentda 4 dekabr kuni elektr ta’minotidan uziladigan hududlar ma’lum qilindi
19:04 / 02.12.2024