Jahon | 22:43 / 26.10.2023
10274
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada chet elliklarni migratsiya ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalari o‘zgartirildi 

Endi chet elliklar Rossiyaga kelgani haqida ichki ishlar organlarini o‘zi xabardor qilishi mumkin. 

Foto: Izvestiya

Rossiya hukumati chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni migratsiya ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda tegishli farmonga tayanib, TASS xabar berdi. 

Yangilikka ko‘ra, xorijliklar Rossiyaga kelgani to‘g‘risida mustaqil ravishda ichki ishlar organlarini xabardor qilishi mumkin bo‘ladi. Ilgari buni faqat ularni qabul qiluvchi tomon amalga oshirishi mumkin edi. 

Chet el fuqarosi Rossiyaga kelganida hujjatlarni bevosita Ichki ishlar vazirligining hududiy organiga topshirishi yoki davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda onlayn yuborishi mumkin. 

Shu bilan birga, «elektron» variantda chet el fuqarosining o‘zi va u yashaydigan kvartira egasi Davlat xizmatlari portalida shaxsiy kabinetga ega bo‘lishi shart. Bunday holda, chet el fuqarosi yashash uchun kvartira egasidan rozilik olishi va bu haqdagi faylni xabarnomaga ilova qilishi kerak. 

Shuningdek, uyni ijaraga olish haqida shartnomaga ega bo‘lgan chet ellik ham Ichki ishlar vazirligiga mustaqil ravishda xabarnoma berishi mumkin. Bunda ijara shartnomasini ilova qilish kerak bo‘ladi. 

Agar chet el fuqarosi viza olishi kerak bo‘lsa, Rossiyaga kelgani to‘g‘risida faqat bir shart bilan xabarnoma berishi mumkin: u taklifnomada ko‘rsatilgan manzilda yashashi shart. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid