Slovakiya endi Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamaydi
Mamlakatning yangi bosh vaziri Ukrainaga qurol bilan yordam berishdan bosh tortdi, ammo gumanitar yordam berishini tasdiqladi.
Slovakiya Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamaydi va bundan buyon «Bryusselda o‘z fikriga» ega bo‘ladi. Bu pozitsiyani Slovakiyaning yangi bosh vaziri Robert Fitso Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen bilan muloqot chog‘ida aytib o‘tdi. Fitso «bugundan boshlab Slovakiya Bryusselda o‘z fikriga ega bo‘ladi» dedi.
«Shuningdek, men Yevrokomissiya prezidentiga yangi Slovakiya hukumati Ukrainani harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamasligi va biz faqat gumanitar yordamga e’tibor qaratishimiz haqida ma’lum qildim», deb qo‘shimcha qildi Fitso.
Uning aniqlik kiritishicha, fon der Lyayyen bunga javoban Ukrainani qurol bilan qo‘llab-quvvatlash yoki qo‘llab-quvvatlamaslik Yevropa Ittifoqi har bir a’zosining suveren huquqi ekanligini aytgan.
25 oktyabr kuni Slovakiyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida sobiq bosh vazir Robert Fitso boshchiligidagi Smer-SD partiyasi g‘alaba qozongani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova yangi hukumatni tasdiqladi, unga yana Fitso rahbarlik qiladigan bo‘ldi.
Siyosatchining o‘zi avvaldan Ukrainaga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan. Saylovlardan oldin ham u hokimiyatga kelsa, Ukrainaga yordamni darhol to‘xtatishini bir necha bor ta’kidlagan edi.
Mavzuga oid
10:05
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
14:00 / 16.11.2024
Umerov: Ukraina Rossiya tomonidan egallab olingan barcha yerlarni qaytarib olmoqchi
13:46 / 16.11.2024
Jurnalistlar Ukrainada 78 ming rossiyalik askar halok bo‘lganini tasdiqladi
22:30 / 15.11.2024