Isroilning G‘azodagi quruqlik amaliyoti ortga surildi. Bu AQShning istagi bilan bo‘ldimi?
Isroil bosh vazirining G‘azodagi quruqlik amaliyoti bo‘yicha mujmal bayonoti Qo‘shma Shtatlarga to‘la ma’qul keladi. Shu bilan birga, bu deyarli ularning ta’sirisiz ro‘y berdi.
Binyamin Netanyahu o‘z bayonotida muddatni aniq aytmagan, ammo Amerikadagi CBS telekompaniyasi aniqlashicha, amaliyot boshlanishi keyinroqqa qoldirilgan. BBC’ning AQSh Davlat departamentidagi muxbiri Barbara Plett Asher bu masalani tahlil qildi.
Vashington o‘z roli haqida juda mavhum gapirmoqda, shu bilan birgalikda bu amaliyot kechiktirilishining afzalliklarini yashirmayapti.
Chorshanba kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Netanyahuga HAMAS garovdagilarni ozod etmagunicha kutib turishni taklif qilgani, ammo undan buni talab qilmaganini aytgandi.
Bu sharh AQShning Isroilning falastinliklarga qarshi urushi haqidagi qarashlarini aks ettiradi: Isroilning shu oy boshida tinch aholiga qilingan bemisl hujumga javoban HAMASni tugatish qat’iyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga, Isroilning javobi oqibatlari bo‘yicha xavotirlanish.
Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati, albatta, Isroil qo‘shini G‘azo sektoriga kirgan zahoti buning imkoni bo‘lmasligini bilgan holda, HAMAS asirlarini ozod etish uchun har qanday imkoniyatdan unumli foydalanmoqchi.
Garovdagilar soni 220 nafardan ortiq, ular orasida Amerika fuqarolari ham bor. Falastinliklar ulardan to‘rt nafarini qo‘yib yuborgani esa boshqalarni ham qo‘yib yuborishi mumkinligi haqida umid uyg‘otadi.
Bu — prezident administratsiyasining vazifasi bo‘lsa, Pentagonning asosiy vazifasi — mintaqaga ko‘proq mudofaa qurollari tizimlarini olib kelish hisoblanadi, ayniqsa Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlar Iroq va Suriyadagi amerikalik harbiylarga hujum qilishni boshlaganidan keyin.
Bu Isroil qo‘shinlari G‘azoga kirganidan so‘ng mintaqada keskinlik yanada kuchayishidan xavotirlarni kuchaytirdi. AQSh yuzaga kelgan muhlatdan o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun foydalanmoqda.
Masalan, Davlat departamenti allaqachon Iroq va Livandagi elchixonalarining ikkinchi darajali xodimlariga mamlakatni tark etishga ruxsat bergan. Livan ay ni vaqtda chegara orqali isroillik harbiylar bilan raketa zarbalari almashayotgan «Hizbulloh» guruhi bazasi hisoblanadi.
Bundan tashqari, Davlat departamenti agar zarurat yuzaga kelsa, Amerika fuqarolarini mintaqadan to‘liqroq hajmda evakuatsiya qilish uchun favqulodda vaziyatlar rejasini ishlab chiqmoqda.
Shu bilan birga, Amerika diplomatiyasi Bayden Oq uyga kelganidan buyon eng uzoq muddatli bo‘layotgan, davlat kotibi Entoni Blinkenning Yaqin Sharq bo‘ylab shiddatli safari bilan boshlangan muzokaralarga jalb etilgan. Bundan maqsad — mojaro butun mintaqa bo‘ylab yoyilishining oldini olishga harakat qilishdir.
Harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiriqlar
AQSh tomonidan tayyorlangan BMT rezolyutsiyasi uning mojaroga o‘zgaruvchan yondashuvini umumlashtiradi.
Isroil G‘azo sektorini blokada qilishi oqibatida yuzaga kelgan gumanitar falokat ma’muriyatning Isroil HAMASga jazo zarbasi berishi «shartligi» borasidagi ritorikasini yumshatdi.
«Biz ma’lumot so‘radik, — degan AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild. — Biz eshitdik. Biz [Xavfsizlik] kengashining barcha a’zolari bilan bog‘lanib, o‘zgartirishlar kiritdik, jumladan, gumanitar tanaffuslar va mojarodan qochgan tinch aholi vakillarini himoya qilish bo‘yicha formulirovkani».
Biroq, o‘zgartirishlar kiritilishi ham yordam bermadi: Rossiya va Xitoy rezolyutsiyaga veto qo‘yishdi, chunki, ularning fikricha, u o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmaydi.
Amerikaning arab ittifoqchilari — Misr, Saudiya Arabistoni, Livan, Iordaniya, BAA va Falastin muxtoriyati — Xavfsizlik kengashining bir kunlik yig‘ilishidan keyin birin-ketin harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqira boshladi.
Ularning aksar qismi HAMASni yoqtirmaydi, ayrimlari esa guruhning mag‘lubiyatini ko‘rishni istashi ham mumkin, ammo ularning reaksiyasiga Isroilning to‘liq blokadasi va G‘azo sektori bombardimon qilishi o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Oq uy vakili Jon Kirbi agar o‘t ochishni to‘xtatish hozirning o‘zida ro‘y bersa, bu «faqatgina HAMASning foydasiga ishlashi»ni bildirdi.
Rezolyutsiyada xalqaro huquqni hurmat qilish zarurligi haqidagi keskin formulirovka mavjud bo‘lsa-da, Davlat departamenti HAMAS infratuzilmasini yo‘q qilish da’vosi bilan G‘azo sektorini intensiv o‘qqa tutish orqali Isroil ham xalqaro huquqqa rioya etayotgani yoki yo‘qligi borasida rasmiy qarorga kelmagan.
Aviazarbalar oqibatida G‘azo shahrida butun kvartallar vayronaga aylanib, tinch aholi vakillaridan 7000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, ularning uchdan bir qismi bolalar ekani aytilgan. Lekin bu raqamlar faqat HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan keltirilgan.
Prezident Bayden bu raqamlarga «ishonmasligi»ni ma’lum qilgan.
Davlat departamenti vakili Metyu Miller Isroil «fuqarolik infratuzilmalarida joylashtirilgan qonuniy harbiy nishonlar»ga zarba yo‘llayotganini aytib, AQSh G‘azo sektori ichkarisidagi tinch aholi uchun xavfsiz hudud tashkil etishga harakat qilishini qo‘shimcha qilgan.
Hozircha xavfsiz hududlar yaratish masalasida hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmadi, ammo amerikaliklar Misr chegarasi orqali G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yo‘lini ochishga muvaffaq bo‘ldi va uning oqimini oshirish ustida ish olib borishda davom etmoqda.
«Bu boshqotirma kabi»
Jo Bayden bu masala bilan shug‘ullanishni tajribali diplomat Devid Satterfildga topshirgan. U chet el davlati pasportiga, jumladan AQSh fuqaroligiga ega bo‘lgan falastinliklarni ham G‘azodan olib chiqishni tashkillash etishga harakat qilmoqda.
«Bu qanchalik qiyinligini tasavvur qilish mumkin, — deydi Davlat departamenti vakili. — Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri HAMAS bilan emas, Isroil, Misr va HAMAS bilan birgalikda ishlashimiz kerak bo‘ladi».
«Bu boshqotirmaga o‘xshaydi: siz bir kichik bo‘lakni birlashtirasiz, ammo keyin navbatdagi muammo yuzaga keladi va bu qismni birlashtirish uchun yana o‘sha masalani barcha tomonlar bilan muhokama qilish kerak bo‘ladi», — degan u.
Asosiy muammo shundaki, quruqlik orqali bosqin boshlangach, yangi yuzaga kelgan gumanitar yo‘lak bilan nima bo‘lishi mutlaqo noma’lum. Shu bilan birga, Vashington Isroilga strategiyasi va taktikasi borasida bosim o‘tkazishda davom etmoqda.
AQSh TsAHAL [Isroil mudofaa kuchlari] turli ssenariylarni rejalashtirishda inobatga olishi kerak bo‘lgan ba’zi murakkab masalalarda, jumladan tinch aholi orasida qurbonlarni minimallashtirish bo‘yicha maslahatlar berishi uchun Iroqdagi ko‘cha janglarida ishtirok etgan amerikalik zobitlarni yuborgan, degan Pentagon rasmiy vakili, brigada generali Patrik Rayder.
Harvard universitetining xalqaro munosabatlar bo‘yicha professori Stiven Uoltga ko‘ra, AQSh o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga urinayotganiga mojaroning kuchayib borayotgani bilan bir qatorda dastlab Isroilni qo‘llab-quvvatlashda «bir tomonlama» reaksiya ko‘rsatgani ko‘plab tanqidlarga uchragani ham sabab bo‘lishi mumki.
«Katta ehtimol bilan, ular bu mojaro Qo‘shma Shtatlarga ham, Isroilga ham hech qanday yaxshilik olib kelmasligini tushunayotgan bo‘lsa kerak, — degan u. — Global Janubning katta qismida bizni barcha asosli sabablar bilan Rossiyaning Ukrainani bosib olishiga faol qarshi turgan holda 50-60 yil mobaynida Isroilning [Falastinni] okkupatsiya qilishiga qarshi turishda juda kam ish qilayotgan ikkiyuzlamachi odamlar deb hisoblashadi».
Amerika ma’muriyati HAMASning 1400 dan ortiq odam o‘limiga sabab bo‘lgan hujumi ko‘lami va shafqatsizligi uni Isroil-Falastin mojarosidagi boshqa hujumlardan ajratib turishiga urg‘u qaratgan.
Ammo Vashingtonning jadal aralashuvi, katta ehtimol bilan, AQSh Isroil HAMASga qarshi urushda g‘alaba qozongan taqdirda ham jamoatchilik fikri va mintaqadagi mavqeyi nuqtayi nazardan yutqazishi mumkinligidan jiddiy tashvishda ekanini anglatadi.
Mavzuga oid
08:19 / 11.11.2024
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ko‘ndirmoqchi
17:46 / 10.11.2024
Qatar Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachilikni to‘xtatdi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
17:32 / 08.11.2024