«Firibgarlar» («Moshenniki») seriali Qozog‘istondagi eng ommabop ko‘ngilochar telekanal bo‘lgan NTK (Nezavisimyy televizionnyy kanal – Mustaqil televizion kanal) tomonidan suratga olingan.
Bu telekanal ancha yillardan buyon jiddiy mavzularda saviyali seriallar suratga olib kelmoqda. Jumladan, nafaqat Qozog‘istonda, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham qiziqish bilan tomosha qilingan «Patrul» serialini ham shu telekanal suratga olgandi.
Bundan tashqari, telekanal tomonidan 2020 yilda «Sake» seriali omma e’tiboriga havola qilindi. «Patrul»da Qozog‘iston politsiyachilarining, «Sake»da davlat boshqaruvining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan hokimlar hayoti va ish faoliyati tanqidiy ruhda oshkora ko‘rsatilgan.
Har ikki serial tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan. Qozog‘istondagi namoyishlardan so‘ng ular bir qator davlatlar tomonidan sotib olindi.

«Firibgarlar» seriali
«Firibgarlar» NTK telekanalida 2013 yil 2 oktyabrdan namoyish qilina boshlandi va dastlabki qismlaridanoq kinotanqidchilar tomonidan yaxshi baho oldi.
«Firibgarlar» serialida bosh rolni taniqli aktyor Rustem Omarov ijro etgan. Ma’lumot uchun, u «Patrul» serialidagi bosh rollardan biri leytenant Serik rolini ham qoyillatib ijro etgandi.

«Firibgarlar»ning birinchi qismidanoq uning bosh qahramoni Damir (Rustem Omarov) hozir juda keng tarqalgan firibgarliklar haqida ma’lumot berishdan boshlaydi.
Ya’ni fuqarolardan biriga o‘zini bank xodimi deb tanishtirgan shaxs qo‘ng‘iroq qiladi va hisob varag‘iga juda katta pul kelib tushganini aytadi. Shunda fuqaro bankda hisobraqami yo‘qligini aytadi.
«Bank» xodimi «Unda xatolik bo‘libdi va boshqaning hisob varag‘i sizning nomingizga yozilibdi. Hozir telefoningizga bir nechta raqamdan iborat kod boradi, shuni menga aytsangiz hammasini to‘g‘irlab yuboraman», deydi. Sodda fuqaro kodni aytgach bank kartasidagi barcha pulni yechib olishadi.
Damir buni sharhlar ekan, tomoshabinga qarata «Firibgarlar aqlli bo‘lib ketmadi, aksincha sizlar go‘l va sodda bo‘lib ketdinglar. Aldanib qolganingizda firibgardan emas, o‘zingizdan o‘pkalang», deydi.



















