Sport | 21:53 / 03.11.2023
21208
6 daqiqa o‘qiladi

Chempionlik masalasi Toshkentda hal bo‘ladi. «Paxtakor», «Nasaf» va «Navbahor»ni mavsum yakunigacha qanday o‘yinlar kutmoqda?

Superliga 24-turi doirasida mavsumning markaziy va hal qiluvchi ahamiyatga ega o‘yinida «Paxtakor» va «Nasaf» murosa ko‘chasini tanladi. Bu esa chempionlik masalasini keyingi turlarga qoldirdi. Oltin medallar uchun eng yaqin turgan «Paxtakor» bo‘lsa, «Nasaf» va «Navbahor» ham imkoniyatni saqlab qolgan. «Neftchi» esa kurashdan chiqdi. Qolgan ikki turda chempionlik taqdiri Toshkentda hal qilinadi. «Surxon» va «Bunyodkor» chempion bo‘la olmasa ham, chempionlik taqdiriga ta’sir qilishi mumkin.

1. «Paxtakor» – 50 ochko

«Paxtakor» «Nasaf» bilan «6 o‘yinlik bahs»da o‘ziga kerakli 1 ochkoni qo‘lga kiritish bilan birga raqibni 2 ochkodan mahrum etdi. Bu orqali Maksim Shatskix shogirdlari sovrinni bugun boshi uzra ko‘tarmay, keyingi turgacha kechiktirdi, deyish mumkin. Sababi «Paxtakor» navbatdagi ikki o‘yinni ham o‘z maydonida o‘tkazadi. Bilasiz, «Surxon» uy o‘yinlarini «Paxtakor»da qabul qilmoqda va 24 noyabr kuni amaldagi chempion o‘z maydonida rasmiy mehmonga aylanadi. Bu bahsda Termiz klubi sensatsiya ko‘rsata olsa, dekabr boshida chempionlik masalasi o‘tgan yilgidek «Bunyodkor»ga qarshi bahsda hal bo‘lishi mumkin. Eng tig‘iz pallada jamoa a’zolarini OChL bahslari va FIFA kunlari ham kutayotganini ham unutmaslik lozim.

So‘nggi o‘yinlar:

25-tur. «Surxon» – «Paxtakor» (24 noyabr)

26-tur. «Paxtakor» – «Bunyodkor» (2 dekabr)

OChLdagi o‘yinlari:

4-tur. «Axal» – «Paxtakor» (7 noyabr)

5-tur. «Al-Ayn» – «Paxtakor» (28 noyabr)

6-tur. «Paxtakor» – «Al-Fayha» (5 dekabr).

2. «Nasaf» – 46 ochko

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari so‘nggi oyda juda zich taqvimga qaramay, «Neftchi»ni Qarshida mag‘lub etdi, uch kun avval «Navbahor» Namanganda taslim etildi. «Paxtakor»ga qarshi o‘yinda birinchi bo‘limdagi ustunlik evaziga hisobni ochgan qarshiliklar, ikkinchi bo‘limda faqatgina jismoniy holat sababli maydonda ikkinchi raqam ostida to‘p surib, g‘alabani qo‘ldan chiqarishdi. Endi «Nasaf» kelasi ikki turda «So‘g‘diyona»ni qabul qilib, OKMK maydoniga safar qiladi. Endi «Nasaf» «So‘g‘diyona» va OKMKni mag‘lub etish bilan birga, eng avvalo «Paxtakor»ning so‘nggi ikki o‘yinida vohadoshi «Surxon»dan va o‘tgan yilgidek «Bunyodkor»dan umid qilishiga to‘g‘ri keladi. Aks holda so‘nggi tur rasmiyatchilik uchun o‘tishi mumkin.

So‘nggi o‘yinlar:

25-tur. «Nasaf» – «So‘g‘diyona» (24 noyabr)

26-tur. OKMK – «Nasaf» (2 dekabr)

O‘zbekiston kubogi. Final (12 noyabr).

«Nasaf» - OKMK

OChLdagi o‘yinlari:

4-tur. «Nasaf» – «Sharja» (6 noyabr)

5-tur. «Nasaf» – «Al-Faysali» (27 noyabr)

6-tur. «As-Sadd» – «Nasaf» (4 dekabr).

3. «Navbahor» – 43 ochko

Samvel Babayan shogirdlari so‘nggi turda «Nasaf»ga yutqazib, chempionlikdan umidni deyarli uzgandi. Ammo peshqadamlar bugun ochko yo‘qotgach, Namangan klubi matematik jihatdan yana 1-o‘rin uchun imkoniyatga ega bo‘lib turibdi. Namanganliklarning chempionatdagi taqvimi ham raqobatchilaridan ko‘ra og‘irroq – «Neftchi» Namanganda mehmon bo‘ladi, safardagi ikki o‘yin esa Toshkentda – «Bunyodkor» va «Olimpik»ga qarshi o‘tadi. Bu orada jamoa OChLda «Nassaji Mozandaron»ga qarshi Eronda to‘p suradi, noyabr oxirida esa «Neftchi» bilan muhim bahsdan avval «Al-Hilol»ni Namanganda qabul qiladi. Samvel Babayan jamoasi qiyin taqvimdan yo‘qotishlarsiz o‘ta olgan taqdirda ham «Paxtakor» va «Nasaf»ning so‘nggi ikki turdayam ochko yo‘qotishini kutishga majbur. Aks holda o‘tgan yilgidek faqat kumush medali uchun kurash kechadi.

So‘nggi o‘yinlar:

24-tur. «Navbahor» – «Bunyodkor» (11 noyabr)

25-tur. «Olimpik» – «Navbahor» (24 noyabr)

26-tur. «Navbahor» – «Neftchi» (2 dekabr)

OChLdagi o‘yinlari:

4-tur. «Nassaji Mozandaron» – «Navbahor» (6 noyabr)

5-tur. «Navbahor» – «Al-Hilol» (28 noyabr)

6-tur. «Mumbay Siti» – «Navbahor» (4 dekabr).

Usmon Ibodov

Mavzuga oid