Jahon | 08:43 / 06.11.2023
9747
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Rossiyaning havodagi ustunligini tugatishga chaqirdi

Rossiya bilan havoda raqobatlashish uchun Ukrainaga yanada samaraliroq havo mudofaasi kerak, dedi Volodimir Zelenskiy NBC telekanalida. U urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, degan fikrni ham rad etdi.

Foto: NBC News

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning havodagi harbiy ustunligini to‘xtatishga chaqirdi. «Rossiya osmonni boshqaryapti», dedi u 5 noyabr, yakshanba kuni Amerikaning NBC telekompaniyasi efirida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga yanada samaraliroq havo hujumidan mudofaa zarur. «Bizga Rossiya bilan osmonda raqobat qilish uchun imkoniyat bering», dedi u.

Zelenskiy bir qator davlatlar topshirishga va’da bergan g‘arbning F-16 qiruvchi samolyotlari vaziyatni o‘zgartira olishiga ishonchi komil. «Qanday qilib uni yengish mumkin? F-16, biz yigitlar o‘rganguncha kutishimiz kerak, ular qaytib keladi. Frontda havo hujumidan mudofaa mavjud bo‘lganda, harbiylar oldinga o‘tadi va jihozlardan foydalanadi», deb hisoblaydi u. G‘arbda ishlab chiqarilgan harbiy samolyotlardan tashqari, Ukraina Qurolli kuchlariga dushman dronlaridan himoyalanish uchun uchuvchisiz uchoqlar va qurollar kerak, deya qo‘shimcha qildi u.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, havodagi kuchlar muvozanatlashganidan keyin Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlari yanada samaraliroq hujum qilishi mumkin. «Biz shunchaki rus qo‘shinlari kabi hujum qila olmaymiz... Bizga o‘z askarlarimiz kerak», dedi u ko‘p yo‘qotishlarga qaramay, Rossiyaning askarlarni jangga tashlash taktikasini tilga olib.

Zelenskiy Zalujniyga e’tiroz bildirdi: urush boshi berk ko‘chaga kirib qolmadi

Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning Rossiya bilan harbiy qarama-qarshilik boshi berk ko‘chaga tushib qolgani va yaqinlashib kelayotgan uzoq urush haqidagi so‘zlarini yana bir bor rad etdi. «Ular bizni kaltaklaymiz, deb o‘ylagan edi, ammo buni uddalay olmadi. Menimcha, bu boshi berk ko‘cha emas», - deydi u. Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari hujumni tezlashtirish va dushmanga kutilmagan hujumlar uyushtirish bo‘yicha turli rejalarga ega va amaliyotlar o‘tkazmoqda.

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Rossiya bilan hozircha muzokaralar olib borishning iloji yo‘qligi haqidagi o‘z pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi. «Hech qanday muloqot bo‘lmaydi. Ularning so‘zlariga ishonch yo‘q», dedi u. Shuningdek, siyosatchi Rossiyaga qarshi kurashni davom ettirishga va’da berdi. 

Zalujniy uzoq muddatli pozitsion urushga o‘tish to‘g‘risida

Bir necha kun oldin Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Britaniyaning The Economist gazetasi uchun maqolasida Rossiya Qurolli kuchlari bilan qarama-qarshilik harakat va tezlikni o‘z ichiga olgan manyovrli urushdan farqli o‘laroq, statik va uzoq davom etgan janglar bilan pozitsion urushning yangi bosqichiga o‘tishi haqida yozgan edi. «Bu Rossiya uchun foydali bo‘ladi va unga o‘z harbiy qudratini tiklashga imkon beradi, natijada Ukraina qurolli kuchlari va davlatning o‘ziga tahdid soladi», - deya ta’kidlaydi u.

Generalning so‘zlariga ko‘ra, vaziyatdan chiqish uchun Ukraina beshta asosiy vazifani hal qilishi kerak: havo ustunligiga erishish, elektron urush imkoniyatlarini mustahkamlash, dushman artilleriyasiga zarbalar sonini oshirish, minalardan tozalashning yangi texnologiyalarini joriy etish va safarbar qilish uchun chaqirilishi mumkin bo‘lgan Ukraina fuqarolari toifalarini kengaytirish.

Mavzuga oid