Jahon | 09:53 / 07.11.2023
3299
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Litvada ikkita tank batalyonini joylashtiradi

Germaniya Mudofaa vazirligi Litvada doimiy joylashtirish uchun tank batalyonlarini tanlab oldi. Taxminan 4000 kishidan iborat yangi brigada 2025 yil boshigacha xizmat olib boriladigan joyga yuborilishi kerak.

Foto: AFP 2023 / John MacDougall

Germaniya Litvada doimiy joylashtirish uchun Bundesverning 42-tank brigadasi tuziladigan bo‘linmalarni tanlab oldi. Germaniya Mudofaa vazirligi 6 noyabr, dushanba kuni e’lon qilganidek, yangi brigada tarkibiga Bavariyadan 122-tank batalyoni va Shimoliy Reyn-Vestfaliyadan 203-tank batalyoni kiradi. Germaniyadagi ushbu bo‘linmalar o‘rniga yangi qismlar qayta joylashtiriladi, dedi mudofaa vaziri Boris Pistorius. 

Iyun oyida Vilnyusga tashrifi chog‘ida u Germaniya Litvada taxminan 4000 kishidan iborat Bundesver brigadasini doimiy ravishda joylashtirishga tayyorligini e’lon qilgandi. Germaniya Mudofaa vazirligi jadvaliga ko‘ra, oldingi guruh Germaniyadan Litvaga 2024 yil ikkinchi choragida, tank brigadasi tarkibi shtabi esa 2024 yil to‘rtinchi choragida jo‘nab ketishi kerak. Oktyabr oyida Pistorius Litvadagi yangi brigada 2025 yil boshida «rasmiy ravishda xizmat boshlashi» kerakligini aytdi. 

Germaniya ayni paytda Litvada NATOning kengaytirilgan ishtirokidagi jangovar guruhga boshchilik qilmoqda. Mamlakatda Bundesverning 1500 ga yaqin askari joylashtirilgan. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarning aksariyati Germaniyada shay holatda bo‘lib turibdi. Germaniya mudofaa vazirligiga ko‘ra, nemis askarlarining NATO jangovar guruhida rotatsiya asosida ishtirok etishi Litvada yangi tank brigadasi joylashtirilganidan keyin ham davom etadi. 

2014 yilda Qrimning anneksiya qilinishi ortidan Latviya, Litva, Estoniya va Polshada NATOning to‘rtta ko‘p millatli jangovar guruhlari tuzilgan. Ular 2022 yil boshida Rossiyaning Ukrainada keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlashiga javoban kuchaytirildi, Bolgariya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiyada to‘rtta yangi guruh tashkil etildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid