Jahon | 15:45 / 23.03.2026
4472
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina haqidagi so‘zlaridan keyin Diter Bolen Litvada konsersiz qoldi

Modern Talking guruhining sobiq a’zosi Diter Bolenning Litvadagi konsertlari o‘tkazilmaydi. Bunga Bolenning intervyulari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ularda u Germaniya va Rossiyani “orzudagi jamoa” deb atagan, sanksiyalarni tanqid qilgan va Ukrainada “imkon yo‘q”ligini aytgan.

Foto: picture alliance

Litvada nemis guruhi Modern Talking'ning sobiq ishtirokchisi Diter Bolenning 20 va 21 noyabr kunlari Klaypeda va Kaunas shaharlarida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan konsertlari bekor qilindi. Konsertlar hafta boshida e’lon qilingan edi, ammo 20 mart, juma kuni ular haqidagi ma’lumotlar maydonchalar va chipta sotuvi servislari saytlaridan yo‘qolib qoldi. Bu holatga Litva milliy teleradiokompaniyasi LRT e’tibor qaratdi.

“Biz tashkilotchilar bilan maslahatlashdik va shunday tadbir bizning arenada o‘tkazilmasligi kerak, degan kelishuvga keldik”, — deb LRT Kaunasdagi “Jalgiris-Arena” tadbirlarni tashkil etish bo‘limi rahbari Mantas Vedrikkas so‘zlarini keltiradi.

Rasman tashkilotchilar konsertlarni bekor qilish sababini aytmagan. Ammo LRT yozishicha, bu qaror Bolenning Germaniya va Rossiya munosabatlarining sovishini tanqid qilgani va Rossiyadan energetika resurslarini sotib olishga chaqirgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

“Rossiya va Germaniya, aslida, orzudagi jamoa edi, chunki bizda arzon energiya bor edi, ishlar juda yaxshi ketayotgandi. Sof iqtisodiy nuqtai nazardan shunday edi: birida bitta narsa bor, boshqasida boshqa narsa. Bu biroz Modern Talking'ga o‘xshaydi. Bundan axloqiy sabablarga ko‘ra voz kechildi”, — degan u, xususan, noyabr oyida nemis inflyuyenseri Dominik Kettnerning YouTube kanaliga bergan intervyusida.

Uch yil avval ham musiqachi G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli harbiy bosqini sabab joriy qilgan sanksiyalarini tanqid qilgan va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilishga chaqirgan.

Yaqinda esa musiqachi “Ukrainaning Rossiyaga qarshi imkoni yo‘q” deb aytgan, deya qayd etadi LRT.

Bolen Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga qarshi ekanini bir necha bor ta’kidlagan bo‘lsa-da, u Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishga qarshi chiqmoqda. Uning fikricha, “tanklar bilan dunyoni urushdan xalos qilib bo‘lmaydi”.

Bu bayonotlar ko‘plab nemis siyosatchilari va jamoat arboblari tomonidan keskin tanqid qilingan. Shu bilan birga, musiqachini o‘ng populistik “Germaniya uchun muqobil” partiyasi qo‘llab-quvvatlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid