Ekspert IHT haqida: “Bu tashkilotni siyosiylashtirmaslik kerak”
Toshkent ilk marta mezbonlik qilayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining jahondagi o‘rni, tarixi, maqsad va vazifalari qanday? Nega bu mintaqaviy tashkilotning potensiali to‘liq ro‘yobga chiqmay keldi? Progressiv islohotlar markazi eksperti Alouddin Kamilov shu va boshqa savollarga javob berdi.
— IHTning jahon hamjamiyatida o‘rni qanday?
— A’zo davlatlar – tili, madaniyati, tarixi jihatdan yaqin davlatlar hisoblanadi. Tashkilot tuzilishida bir necha bosqichlar bo‘lgan. 1964 yilda Turkiya, Eron va Pokiston o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida mazkur tashkilot faoliyat boshlagan. 70-yillardagi savdo-sotiq masalalaridagi qiyinchiliklar sabab vaqtincha to‘xtab qolgan va 1985 yilda hozirgi nom bilan qayta ishga tushgan.
Markaziy Osiyo davlatlari mustaqil bo‘lgach, bu tashkilotga a’zo bo‘lishgan, shundan so‘ng 10 taga yetgan tashkilot a’zolari. Hududiy jihatdan bu 10 ta davlat katta joyni egallaydi, aholi esa yarim milliardga yetadi.
Umuman olganda, jahon hamjamiyatida bu tashkilot o‘rni juda baland deyish biroz qiyin, chunki bu mintaqalar siyosiy, geosiyosiy jihatdan murakkab. Yaqin tarixdagi turli vaziyatlar bu tashkilotning to‘liq salohiyatini ko‘rsatishiga xalaqit bergan. Ya’ni o‘tgan asrdagi Eron inqilobi, Eron-Iroq urushi, Tojikistondagi fuqarolar urushi, Afg‘onistonga AQSh qo‘shinlari kirishi va shunga o‘xshash holatlar.
— IHT sammiti birinchi marotaba O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. Rasmiy Toshkent nega shu vaqtgacha tashkilotda faol bo‘lmadi yoki masofa saqladi?
— Tashkilot o‘z iqtisodiy potensialini ko‘rsatib berolmagan. Masalan, tashkilot 90-yillarda Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim bo‘lmagan. U paytda ko‘proq possovet davlatlari bilan aloqa kuchliroq bo‘lgan.
2017 yildan boshlab bizning tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiyamiz o‘zgardi. Shu barobarda tashkilotda ham faollik osha boshladi. 2017 yilgacha Markaziy Osiyo davlatlarida o‘zaro taranglik ham bor edi, tashkilotning yarmi esa ayni shu mintaqa davlatlari. O‘zaro muammolar hal bo‘lgach, tashkilot faolligi ham oshdi.
— Odatda MO davlatlari mavjud platformalarga Xitoy va Rossiya ham suqilib kirishga intiladi. Ikki kuch markazining bu tashkilotga a’zo yoki kuzatuvchi bo‘lib kirishga xohishlari bormi?
— Bu borada biror nima deyish qiyin. Xitoy va Rossiyada o‘zlarining iqtisodiy tashkilotlari yetarli va o‘sha tashkilotlarning salohiyati Iqtisodiy hamkorlik tashkilotidan yuqori, shuning uchun qiziqish uyg‘otmagan. Lekin bundan keyin qiziqish bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotidagi davlatlarning o‘zaro savdo aylanmasi 8 foizni tashkil qiladi, bu juda kam. Lekin o‘sish sur’ati yaxshi, ya’ni 2017 yilgacha bundan 2 barobar kam bo‘lgan. Shunday davom etsa, yaxshi ko‘rsatkichlarga erishsa bo‘ladi.
— Afg‘onistondagi vaziyat va Eronga nisbatan sanksiyalar fonida bu tashkilot istiqboliga qanday qaraysiz?
— Bu tashkilot istiqboliga ijobiy qarayman. Deylik, ShHTda Xitoy va Rossiya katta iqtisodiy kuchga ega, lekin Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida imkoniyatlar deyarli teng, yaqqol ustun davlatlar yo‘q. Masalan, O‘zbekiston sanksiyalarga amal qilgan holda Eron bilan aloqalarni uzmagan.
Tashkilot Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki mintaqamiz davlatlari dengizga chiqishi kerak. Agar bu tashkilot yaxshi ishlab ketsa, bu borada boshqa bir variantlar izlashga hojat qolmaydi. Bundan tashqari, Transafg‘on temiryo‘l koridori masalasi ham muhim. Bu loyihalar ishga tushsa, tashkilot istiqboliga xizmat qiladi.
— Afg‘oniston ham a’zo, bu amaldagi «Tolibon» hukumatining unda ovozga ega ekanini anglatadimi-yo‘qmi?
— Murakkab masala bu. Hozirgi hokimiyat bu tashkilotda ishtirok etmayapti. Chunki hali «Tolibon» to‘liq tan olingani yo‘q. Agar amaldagi hukumat tan olinib, Afg‘oniston tashkilotda faol qatnashsa, uning o‘zi uchun katta foyda bo‘lar edi.
Eron yoki Pokiston Afg‘oniston uchun vositachi davlat bo‘lgan edi. Lekin Eron va Pokistonning G‘arb bilan aloqalari yaxshi emas. Shuning uchun O‘zbekiston bu vazifani amalga oshirishi mumkin. Shu potensialdan to‘g‘ri foydalansak, bu ham foyda beradi. Deylik, Qo‘shtepa kanali masalasida ta’sir o‘tkaza olishimiz mumkin.
— Sammitda Yaqin Sharq masalasi ham ko‘rilishi mumkinmi? Har holda, Eron va Turkiya bor, ular Isroilning harakatlari bo‘yicha keskin bayonotlar berib keladi.
— Tashkilotni siyosiylashtirmagan bo‘lardim. Asosan savdo-iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga qaratilgan. To‘g‘ri, ba’zi davlatlar o‘z pozitsiyasini aytib o‘tishi mumkin, bir platforma sifatida. Lekin tashkilot maqsadi boshqa baribir.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:47 / 11.11.2024
Geosiyosiy hafta tahlili: Trampdan umid qilayotgan Rossiya va Hamas atrofidagi mish-mishlar
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024