O‘zbekiston | 22:27 / 08.11.2023
6404
3 daqiqa o‘qiladi

“Yil oxirigacha yana 24 ta TTJ foydalanishga topshiriladi” – vazir o‘rinbosari

Davlat dasturining 9 oylik ijrosi yakunlari muhokamasida sentabrgacha 11 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan deb hisobot berildi. Lekin vazirlik sentabr oyida Kun.uz’ga bergan ma’lumotida 18 ta TTJ foydalanishga topshirilganini ma’lum qilgandi. 

Oliy Majlisda Davlat dasturining 2023 yil to‘qqiz oylik ijrosi yakunlari muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputat Mavjuda Hasanova talabalar turar joylarini qurish rejasi yil oxirigacha bajariladimi, degan savol bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillariga yuzlandi.

U Davlat dasturining 169-bandida respublikada 40 ming o‘rinli 83 ta TTJ qurilishi belgilangani, taqdim etilgan hisobotga ko‘ra esa 9 oy davomida 51 ta obektda qurilish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 32 ta obektda qurilish ishlari boshlanmagan. 18 ming o‘rinli TTJlar esa hanuzgacha bitmagan. Fraksiya tomonidan ham ushbu masala joylarga chiqib o‘rganilganda vazirlikka o‘zimizning tavsiyalarimizni ham bergan edik. Qurilishi bitmagan obektlar yilning oxirigacha foydalanishga topshiriladimi va bugungi kungacha 32 ta obektda boshlanmagan qurilish taqdiri nima bo‘ladi?” deb savol berdi deputat.

Bunga oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov javob berdi. U Yangi O‘zbekiston rivojlanish strategiyasida 100 ming o‘ringa ega TTJ 2026 yilgacha barpo etilishi belgilanganini aytib, dastur qabul qilingandan buyon respublikada 25 ming 731 o‘rinli 54 ta yotoqxona foydalanishga topshirilganini ma’lum qildi.

Karimov yil oxirigacha 18 ming o‘rinli TTJ qurib foydalanishga topshirilishi va buning moliyaviy manbalari belgilangani, bu yerda hech qanaqa muammo bo‘lmasligini ham qo‘shimcha qildi.

Sentyabr oyigacha 6400 o‘rinli 11 ta TTJ foydalanishga topshirildi. Bundan 5 tasi davlat-xususiy sherikchilik, 3 tasi OTM mablag‘lari hisobidan va qolgan 3 tasi investitsiya dasturi asosida qurilgan. Joriy yilning oxirigacha 24 ta TTJ foydalanishga topshiriladi va bular 11 ming talabaga rejalashtirilgan”, – dedi vazir o‘rinbosari.

Biroq Komiljon Karimov bergan ma’lumot vazirlik matbuot xizmati Kun.uz’ga sentabr oyida taqdim qilgan ma’lumotdan farq qilyapti. O‘shanda OTFIV bergan ma’lumotda 2023 yil 1 sentabr holatiga ko‘ra, 8 416 o‘rinli 18 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirilgani va yil yakunigacha yana 9700 o‘rinli 21 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgani aytilgandi.

Mavzuga oid