Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Talabalar uchun yotoqxonalar: topshiriq ijrosi qoniqarlimi?
4 yil oldingi hukumat qaroriga asosan, 2025 yil yakunigacha davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar uchun 241 ta yotoqxona qurilishi kerak edi. Oliy ta’lim vazirligi bo‘limi boshlig‘i Doniyor Yusupovning Kun.uz'ga aytishicha, oxirgi 3 yilda 73 ta yotoqxona qurilgan. U kechikishlarni qurilishga ruxsat olish, DXSh tartib-qoidalari va boshqa omillar bilan izohladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil sentabrida qabul qilingan 563-sonli qaroriga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari belgilangan edi.
Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oldiga 2025 yil yakuniga qadar DXSh asosida 241 ta talabalar turar joyini barpo etish vazifasi qo‘yilgandi.
Kun.uz yangi o‘quv yilining ilk haftasida bu topshiriqning ijrosi bilan qiziqib, vazirlikning Davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Doniyor Yusupov bilan suhbatlashdi.
Rejadagi 241 tadan amalda 73 tasi qurilgan
Vazirlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 1,5 mln nafar talaba bo‘lsa, shuning kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydiganlari 540 mingdan ziyodni tashkil etadi. Shundan 270 mingga yaqinining turar joyga ehtiyoji bor.
2025 yil 1 sentabr holati bilan davlat oliy ta’lim muassasalarida 155,8 ming nafardan ortiq talabaga mo‘ljallangan 385 ta talabalar turar joyi bor. Bu – yotoqxonaga ehtiyoji bor 270 ming nafar talabaning 114,2 ming nafari uchun joylar yetishmovchiligini ko‘rsatadi.
Yusupovning aytishicha, 2022-2025 yil dasturiga asosan, bugungi kungacha 74 100 o‘rinli 170 ta yotoqxona barpo etilib, foydalanishga topshirilgan. Yana 34 500 o‘rinli 58 ta yotoqxonalar loyihalari amalga oshirilyapti. Shundan 21 500 o‘rinlisida qurilish ishlari ketmoqda.
Ammo 170 ta yotoqxonaning hammasi ham yangidan barpo etilmagan, ular orasida ta’mirlangan, qayta rekonstruksiya qilinganlari ham bor.
“Oxirgi 3 yil ichida to‘liq davlat-xususiy sheriklik asosida 38 600 o‘rinli 73 ta yangi yotoqxona qurilgan. Undan tashqari, oliy ta’lim muassasalarining o‘z budjetidan tashqari mablag‘lari, davlat shu maqsadda ajratilgan investitsiya dasturlari doirasida ham yana yangidan qurilgan yotoqxonalar mavjud. Ular ham ko‘p”, – dedi rasmiy.
Hukumatning yuqorida eslatilgan qaroriga ko‘ra, 2022 yilda 37 ta, 2023 yilda 59 ta, 2024 yilda 72 ta va 2025 yil oxirigacha 73 ta DXSh asosidagi yotoqxonalar qurilishi kerak edi. Ammo mas’ulning bergan ma’lumotidan kelib chiqilsa, topshiriq atigi 30 foizga bajarilgan.
Kechikish nima bilan bog‘liq?
Doniyor Yusupov kechikishni qurilishni boshlashga ruxsat olish jarayoni uzoqligi bilan izohladi.
“Qurish jarayonini ko‘rsangiz, juda ko‘p muddat talab qiladi. Sababi har bitta loyiha yangi qonunchilik bo‘yicha ekologik xulosa olish kerak. U hududda bitta kichkina daraxt bo‘lishi mumkin, uni ko‘chirish choralarini ko‘rish kerak. Buning hammasi nimaga boradi? Vaqt talab qiladi. Uning tagidan kommunikatsiya [tarmoqlari] o‘tgan bo‘lishi mumkin.
Misol, qaysidir tumanning elektr toki o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin, qaysidirida kanalizatsiya o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin. Biz qurayotganda uni bilmaymiz. U qurilish jarayonida yuzaga keladi. Uni hammasini o‘tkazish vaqt oladi. Hamma idoraning vaqti bor-da”, – deydi u.
Mas’ulning qo‘shimcha qilishicha, davlat-xususiy sheriklikda tadbirkor loyihasini tenderga joylashtirganda, qonunchilik bo‘yicha e’lon 45 kun turishi talab etiladi. Ya’ni bu ham vaqt oladigan jarayon.
Yusupov bitta yotoqxona qurilishiga qancha vaqt ketishini tushuntirishga urindi. Uning ta’kidlashicha, 400 o‘rinli TTJ uchun o‘rtacha 7-8 oy kerak, ming yoki undan ko‘prog‘i esa 1,5-2 yil talab etadi.
“Bundoq qarasangiz, bu butun dunyoda bor narsa o‘zi. Hamma 100 foiz yotoqxona bilan qamrab olinmagan. Hatto zamonaviy, o‘sha bizdan iqtisodi yuqori bo‘lgan davlatlarda ham 100 foiz ta’minlanmagan.
Muhtaram prezidentimiz tomonidan bu yotoqxona bilan ta’minlanmagan bola uchun ham ijara to‘lovi haqqi belgilab qo‘yilgan. Shuning uchun u ta’minlanmadi deya olmaymiz, u bola ko‘chada qolmagan. Bugungi kunda [qonuniy ijarada turgan] har bir talaba Toshkent shahrida 412 ming so‘m – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida davlatdan kompensatsiya oladi”, – dedi vazirlik vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Farg‘ona viloyatidagi tadbirkor yotoqxonasi talabalar bilan yetarlicha to‘lmagani uchun vazirlikka murojaat qilgan.
“Farg‘ona viloyatidan bugun xat keldi: qurgan yotoqxonamizga yetadigan talaba yo‘q, yotoqxonamni to‘ldirib bering, degan ma’noda tadbirkordan xat kelyapti. Ko‘nglingizni to‘q qilib bilsangiz bo‘ladi, shu darajadaki, yotoqxonalar juda ko‘p, oldingiga nisbatan juda ko‘p qurildi. Haqiqatda tan olish kerak buni”, – deydi Oliy ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i.
Yusupovning aniqlik kiritishicha, talabalar yetishmayotgan yotoqxona hozircha bitta, u ham bo‘lsa yuqorida keltirilgan Farg‘ona viloyatida. Qolgan hududlarda bunday holat kuzatilmagan.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
19:38 / 04.12.2025
Andijon tibbiyot instituti talabalariga ijara kompensatsiyasi nega bekor qilindi?
09:36 / 01.12.2025
Qishki o‘qishni ko‘chirish: talabalardan ariza qabul qilish 20 dekabrdan boshlanadi
16:33 / 29.11.2025
O‘zbekiston OTMda biznes-ta’limga AMBA akkreditatsiyasi joriy etiladi
09:44 / 26.11.2025