O‘tgan hafta Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Toshkentga tashrifi vaqtida rasmiy Toshkent va Parij o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga kelishib oldi. Bu boradagi tegishli hujjat hali imzolanmadi.

Xo‘sh, O‘zbekiston yana qaysi davlatlar bilan hamkorlikni alohida siyosiy darajaga olib chiqqan?

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatda ancha faollashdi. Davlat rahbari, hukumat a’zolari va tashqi ishlar vaziri darajasida o‘nlab xorijiy tashriflar amalga oshirildi, tashqi siyosatda yangi ittifoqchi, sherik va hamkorlar ko‘paymoqda.

Xalqaro munosabatlarda ikki davlat o‘rtasida bir-birini mavjudligini/mustaqilligini e’tirof etish yoki diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi – de-fakto rasmiyatchilik. Munosabatlarning rivojlanish dinamikasi davlatlar hududida diplomatik vakolatxonalar (elchixona, konsullik) ochilishi, siyosiy va boshqa sohalarda hamkorlik, shuningdek o‘zaro savdoning o‘sishi bilan belgilanadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi 144 ta davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Ularning oxirgisi shu yil iyunda Trinidad va Tobago bo‘lgandi. Ma’lumot uchun, BMTga a’zo suveren davlatlar soni 193 tani tashkil etadi.

O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlarda 59 ta diplomatik va konsullik muassasasi bor. O‘zbekistonda esa 46 ta xorijiy davlatning elchixonasi (eng oxirgisi – shu yil ochilgan Qatar elchixonasi), 3 ta bosh konsullik muassasasi va o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari bor.

Davlatlar o‘rtasida savdo va boshqa aloqalarning o‘sishi hamda odatda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi natijasida diplomatik munosabatlar keyingi bosqich – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajalariga ko‘tarilishi mumkin.

Kun.uz so‘roviga muvofiq Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston hozirgi kunga qadar ikkita davlat bilan ittifoqchilik, shu ittifoqchilarni ham qo‘shib hisoblaganda 14 ta davlat bilan strategik sherikchilik to‘g‘risida shartnomalar imzolagan.