Iqtisodiyot | 21:05 / 28.10.2025
5376
4 daqiqa o‘qiladi

“Iqtisodiy jihatdan juda muhim kelishuv” - tahlilchilar YeI bilan yangi bitim haqida

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimini imzolab, o‘zaro munosabatlarni yangi serqirra bosqichga ko‘tardi. Kun.uz studiyasida siyosiy tahlilchilar bu kelishuv o‘zbekistonliklar uchun nima berishi haqida so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shuhrat Rasul: Bu kelishuv – olamshumul voqelik. Mustaqil O‘zbekiston tarixida Yevropa bilan bunday keng ko‘lamli va ko‘p tarmoqli kelishuv bo‘lmagan edi. O‘zbekiston bu kelishuvga erishish uchun 7-8 yil harakat qildi. Bitimning asosiy qismi 2019-2022 yillarda kelishib bo‘lingan edi, mana endi imzolanganiga sabab shuki, Yevroittifoq o‘z bozorlarini ochish uchun har bir hamkoriga o‘z shartlarini qo‘yadi. O‘zbekistonga ham qator shartlar qo‘yilgan: bu – qonunchilikdagi o‘zgarishlar, jamiyatdagi inklyuzivlik muammolari, inson huquqlari va boshqalar bilan bog‘liq.

Bu shartlar – Yevropaning bayrog‘i. Kim Yevroittifoq bozoriga kirmoqchi bo‘lsa, shu shartlarni bajarishi kerak. O‘zbekiston 5-6 yil ichida qo‘yilgan hamma talablarni bajardi.

KShHB – O‘zbekiston uchun iqtisodiy juda muhim kelishuv. Kelgusi yillarda O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi savdo aylanmasi karrasiga oshishi kerak. Endi gap faqat foydali qazilmalar emas, ulardan bizga texnologiyalar kirishi kerak. Bizdan esa xilma-xil tovarlar, ayniqsa elektrotexnika va IT-mahsulotlar Yevropa bozorlariga jadal kirib borishi maqsad qilingan.

Kamoliddin Rabbimov: 2016 yilga qadar Yevropa Ittifoqi uchun O‘zbekiston eng muammoli davlatlar qatorida edi. 2005 yildagi Andijon voqealari sabab YeI O‘zbekistonga nisbatan bir qancha sanksiyalar qo‘llagan, O‘zbekistonga qurol-aslaha sotish taqiqlangan, bir qator mutasaddilar Yevropa Ittifoqiga qo‘yilmas edi. Inson huquqlari va demokratiya haqida gap ketganda, YeI O‘zbekistonni doim qora ro‘yxatga kiritar edi. Lekin keyingi yillarda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilgani e’tirof etildi.

O‘zbekistonliklar uchun bu kelishuv ko‘p narsa beradi. Mamlakatga yuqori sifatli tovarlar va texnologiyalar kirib kelishi ortadi. O‘zbekistonliklar Yevropaga borishda viza olishini soddalashtirish ham ko‘rib chiqiladi. YeIning O‘zbekistonga bahosi o‘zgaryapti, ishonsa bo‘ladigan, prestiji oshayotgan davlatlar qatorida ko‘ra boshlayapti.

Bugun Kollektiv G‘arb ikkiga bo‘lingan. Donald Tramp hokimiyatga kelganidan keyin Amerika inson huquqlari va demokratiya borasida gapiradigan davlat emas. Mana shu fonda, global maydonda inson huquqlari, demokratiya, huquqiy davlatchilik, ayollar haq-huquqlari borasida eng mas’uliyatli hamjamiyat – Yevropa Ittifoqi.

Bektosh Berdiyev: Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi xavfsizlik va barqarorlik masalalarini ham qamrab oladi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy gegemonligining oldini olishga harakat qilmoqda. Kamoliddin aytganidek, bir paytlar O‘zbekistonga qurol sotish taqiqlangan edi, bu taqiqlarning olib tashlanishi bilan O‘zbekiston endi YeI bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik qilishi mumkin. Mana, bu bitim bizga nima beradi.

Qolaversa, inson kapitalini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochiladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ishchi kuchi migratsiyasi bilan bog‘liq loyihalar kengayadi. O‘zbekiston – 38 millionga yetgan va juda tez o‘sayotgan aholiga ega, ana shu aholimizning malakasini oshirish va Yevropaga ishga jalb qilish masalalari ham bor.

Mavzuga oid