Jahon | 15:11 / 10.11.2023
4866
3 daqiqa o‘qiladi

Latviya Seymi sobiq deputati Rossiya foydasiga josuslik qilgani uchun qamaldi

Sud Adamsons va uning rossiyalik sherigini Latviya haqidagi ma’lumotlarni Rossiya razvedka xizmatlariga uzatgani uchun 8,5 va 7,5 yilga hukm qildi.

Foto: AP

Riga shahar sudi Latviya Seymining sobiq deputati Yanis Adamsons va Latviya SSR KGBda ishlagan Rossiya fuqarosi Gennadiy Silonovni Rossiya foydasiga josuslik qilishda aybdor deb topdi, deb xabar berdi 9 noyabr, payshanba kuni LSM.lv telekanali.

Sud Adamsonsni ikki yil sinov muddati bilan 8 yil-u 6 oyga, Silonovni esa 7 yil-u 6 oyga, shuningdek, ikki yil muddatga sinov nazorati ostidagi qamoq jazosiga hukm qildi.

Adamsons 2021 yil iyun oyida Rossiya foydasiga josuslikda gumonlanib hibsga olingan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Seym sobiq deputati «tizimli va maqsadli» tarzda Silonov orqali Rossiya maxsus xizmatlariga NATO bo‘linmalari, Latviya harbiy xaridlari, mamlakat budjeti, qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishlar va chegaradagi vaziyat haqida ma’lumot to‘plagan va uzatgan.

Adamsons Silonov bilan kamida 2015 yildan beri uchrashib kelgan, Latviya huquq-tartibot idoralari jami 100 dan ortiq bunday uchrashuvlarni qayd etgan. Prokuror so‘zlariga ko‘ra, Adamsons josuslik uchun to‘lovlar olgan va pul Adamsonsning Rossiyadagi qiziga o‘tkazilgan.

Adamsons va Silonov ayblovlarni rad etyapti

Har ikki mahkum o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi va sud qarorini «butunlay uydirma» deb atadi. Erkak bir-birini bilishini va do‘st ekanini inkor etmadi, lekin josuslikda ishtirok etmaganini va Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqasi yo‘qligini da’vo qildi.

Prokurorning Silonov Adamsonsning qiziga «to‘lovlar»ni o‘tkazgani haqidagi da’vosini sudlanuvchilar «bema’nilik» deb atagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Adamsonsning o‘zi Silonovga pul bergan - odatda har bir necha oyda 100-200 yevro, u Adamsonsning Rossiyadagi qizi hisob raqamiga o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Mahkumlarning himoyasi hukm ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini aytdi.

Adamsons 1992 yilgacha Uzoq Sharqda chegara qo‘shinlarida xizmat qilgan. SSSR parchalanganidan keyin u Latviyaga qaytib keldi va u yerda 1994 yilda mamlakat ichki ishlar vaziri bo‘ldi. 1995 yilda u bu lavozimni tark etdi va Latviya Seymiga deputat bo‘ldi. Parlamentda u mudofaa, ichki ishlar va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha Seym komissiyasi a’zosi hisoblangan, ammo davlat sirlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlarga kirish imkoniga ega bo‘lmagan, deb ta’kidlaydi LETA axborot agentligi. Hibsga olinganidan so‘ng Adamsons parlamentda vakili bo‘lgan «Rozilik» sotsial-demokratik partiyasini tark etdi.

Mavzuga oid