Jahon | 21:06 / 11.11.2023
12551
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga yordamni kamaytiradi, Yevropa esa ta’minotni davom ettirishi kerak - Borrel

Yevropa Ittifoqi Rossiya ustidan g‘alaba tez bo‘lmasligidan ogohlantirmoqda.

Foto: Reuters

Amerikaning Ukrainaga yordami hajmi kamayishi mumkin, shu sababli Yevropa Ittifoqi davlatlari kelajakda Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak. Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Ispaniyaning Malaga shahrida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, birlashgan Yevropa ko‘plab muammo va qiyinchiliklarga duch kelmoqda, ular orasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash birinchi o‘rinda turadi. Borrel so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning Rossiya ustidan g‘alaba qozonish istiqboli «tezkor emas».

«Buni amalga oshirish uchun zarur vositalarga ega bo‘lgan biz, yevropaliklar, AQSh tomonidan yordamning kamayishi ehtimoli borligini hisobga olib, Ukrainaga yordam berishda davom etishga tayyor bo‘lishimiz kerak», dedi diplomat.

Hozirgi vaqtda AQSh Kongressida Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlashning yangi dasturi yetarli ovoz to‘play olmayapti. «Trampchilar» deb atalmish respublikachi deputatlar bunga mutlaqo qarshi va ularning ovozisiz dasturni qabul qilib bo‘lmaydi. Yaqinda Kongressning yuqori palatasi quyi palataning Isroilga yordam ajratish to‘g‘risidagi qarorini bloklab qo‘ydi, chunki bu paket Ukrainaga yordamni o‘z ichiga olmas edi.

Oq uy ogohlantirganidek, yaqin kelajakda AQSh tomonidan Ukrainaga ajratiladigan yangi harbiy yordam paketlari tobora kamayib boradi, chunki bu maqsad uchun ilgari ajratilgan mablag‘lar allaqachon tugamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid