Bundan bir necha kun oldin 2019 yilda yirik firibgarlik tufayli ayblangan va «Avto 60 oy» ishi doirasida sudning 2021 yil 29 mart kungi hukmi bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Jamshid Bahodirov ochiqlikka chiqqani haqidagi xabar ko‘pchilikni hayron qoldirdi.

Aslida bu hayron qoladigan ish emas va boshqa uzoq muddatlarga qamalganlar ham jinoyat kodeksidagi bo‘shliqlar tufayli katta ehtimol bilan ozodlikka chiqayotgan bo‘lishi mumkin.

Ya’ni Jamshid Bahodirovning muddatidan ancha avval ozod qilinishi birinchi va oxirgi holat emas. Agar qonunlardagi bo‘shliqlar to‘g‘rilanmasa bu ish davom etaveradi, oqibatda firibgarlik battar urchiyveradi. Zero, jazo muqarrar bo‘lmagan tizimda boshqacha holatni kutib ham bo‘lmaydi.

Biroq dunyoning boshqa davlatlarida bunday emas va ularda firibgarlik bilan ayovsiz kurashiladi. Firibgarlik sodir etib, odamlarning pullarini o‘zlashtiradigan shaxslar uzoq muddatga qamaladi. Hatto keksayib qolganlarga ham rahm qilinmaydi.

Ana shunday ishlardan biri amerikalik mashhur firibgar Bernad Meydoff bilan sodir bo‘lgan. U uzoq yillar davomida moliyaviy piramida tashkil etib, odamlarning yirik miqdordagi pullarini o‘zlashtirgani uchun 150 yilga (!) qamalgan.

Bernard Meydoffga hukm o‘qigan sudya o‘sha paytda firibgarning keksayib qolganini va yoshi 71 da ekanini ham inobatga olmagan. Bizda esa ...

Bernard Meydoff
www.alamy.com

Bernard Meydoff haqida

1938 yilda tug‘ilgan Bernard Nyu-Yorkdagi obro‘li maktablardan birida tahsil oladi. 1956-1960 yillarda kollejlardan birida o‘qiydi va siyosiy fanlar bo‘yicha bakalavr diplomini oladi.

1960 yilda u Madoff Investment Securities kompaniyasini tashkil etadi. Keyinroq u kompaniyasiga akasi va jiyanlarini ham jalb qiladi.

1970-yillar boshida Nyu-Yorkda NASDAQ (National Association of Securities Dealers Automated Quotation) fond birjasi tashkil etiladi va Bernard uning asoschilaridan biri bo‘ladi.

NASDAQ ish boshlaganidan so‘ng Bernard bir muddat o‘z kompaniyasi bilan birja savdolarida ham qatnashadi va qimmatli qog‘ozlar savdosi bilan shug‘ullanadi.

1980-yillar boshlarida tadbirkor o‘z kompaniyasini kengaytiradi va unda direktorlar kengashi raisi bo‘ladi. Shuningdek, u NASDAQ fond birjasi direktorlar kengashi a’zosi, 1990-yillar boshlarida fondning raisi bo‘ladi.