AQSh mudofaa vaziri Xitoy va Rossiyaning Shimoliy Koreyaga ko‘rsatayotgan yordamidan xavotirda
Pentagon rahbari Ostinning aytishicha, Xitoy va Rossiya Shimoliy Koreyaga harbiy salohiyatini kengaytirish va BMT sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam bermoqda.
AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi sulh amal qilishini ta’minlayotgan BMTga a’zo davlatlar Xitoy va Rossiya KXDRga o‘z harbiy salohiyatini oshirish va jahon tashkiloti sanksiyalarini chetlab o‘tishda qanday yordam berayotganidan xavotirda. Bu haqda Ostin Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi, deb xabar berdi 14 noyabr, seshanba kuni Reuters.
«Biz Xitoy va Rossiya KXDRga BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarini chetlab o‘tishga imkon berib, uning imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berayotganidan chuqur xavotirdamiz. Shuningdek, biz Rossiya va KXDR o‘rtasidagi so‘nggi paytlarda harbiy hamkorlikning kuchayganidan tashvishdamiz», - dedi Ostin Janubiy Koreyada mudofaa vazirlari va BMT qo‘mondonligiga kiruvchi 17 davlat vakillari bilan uchrashuvda.
Vashington Shimoliy Koreyani Ukrainaga bostirib kirish paytida foydalanish uchun Rossiyaga qurol yetkazib berishda, Moskvani esa KXDRga texnik va harbiy yordam ko‘rsatishda bevosita aybladi, deb eslatadi Reuters. Shimoliy Koreya va Rossiya qurol-yarog‘ savdosi bo‘yicha kelishuvlarni rad etyapti. Xitoy xalqaro majburiyatlarga amal qilishini aytyapti.
Shimoliy Koreya BMTning Janubiy Koreyadagi qo‘mondonligini tarqatib yuborishga chaqirdi
Shimoliy Koreya KXDR va Janubiy Koreya o‘rtasidagi qurolsizlantirilgan hududni nazorat qiluvchi BMT qo‘mondonligini tarqatib yuborishga chaqirdi. Bu haqda 13 noyabr kuni Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib, Reuters xabar berdi. Pxenyan AQSh shafeligida faoliyat yuritayotgan Janubiy Koreyadagi BMT qo‘mondonligini «noqonuniy harbiy tashkilot» deb atadi. 1950 yilda yaratilgan ushbu tuzilma Koreya urushini tugatgan sulh shartlari bajarilishini nazorat qiladi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 9 noyabr kuni Janubiy Koreya poytaxti Seulga tashrifi chog‘ida Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlik kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi. Blinken koreyalik hamkasbi Pak Chinning «jiddiy xavotirlari»ni tushunishini aytdi. Ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari, shuningdek, Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarga qarshi kurashish uchun kengaytirilgan tiyib turish strategiyasini amalga oshirish va Yaponiya bilan strategik hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilgan.
Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar Xitoyni KXDR va Rossiya tomonidan olib borilayotgan «qurol savdosi»ni to‘xtatishga ko‘ndirish uchun harakat qiladi, dedi Pak Chin. KXDR TIV Blinkenning «mas’uliyatsiz va provokatsion bayonotlari» Koreya yarimoroli va butun mintaqada siyosiy va harbiy keskinlikni oshirayotganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
23:09 / 05.10.2024
Gvatemalada o‘zbek migrantlari kontrabandasi bilan shug‘ullangan politsiyachilar hibsga olindi
15:16 / 05.10.2024
Putin administratsiyasidan AQShga qochgan mulozim
11:10 / 05.10.2024
AQSh Yamandagi husiychilar nishonlariga raketa zarbalari berdi
09:50 / 05.10.2024