Jahon | 15:08 / 20.11.2023
4472
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bolalar deportatsiyasida ishtirok etganlarga nisbatan sanksiya kiritdi

Ukraina prezidenti 108 shaxs va 37 tashkilotga nisbatan sanksiya qo‘llash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Ro‘yxatda ukrainalik bolalar deportatsiyasiga aloqador ekani aytiluvchi rossiyalik Mariya Lvova-Belova va belarus Aleksey Talay ham bor.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining 140 dan ortiq shaxs va tashkilotlarga, asosan rossiyaliklarga nisbatan sanksiyalar va «boshqa cheklovchi choralar» qo‘llash to‘g‘risidagi qarori haqidagi ikkita farmonni imzoladi. Tegishli hujjat 18 noyabr kuni prezident saytida e’lon qilindi.

Ikkinchi hujjatga ko‘ra, 100 nafar jismoniy va 37 ta yuridik shaxsga nisbatan besh yil muddatga cheklovlar joriy etilgan. Xususan, ro‘yxatga Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belova va uning «Kvartal Lui» tashkiloti kiritildi. Belaruslik hukumatparast faol Aleksey Talay xayriya jamg‘armasiga ham sanksiyalar joriy qilingan. Lvova-Belova va Talay, Ukraina matbuotiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi paytida ukrainalik bolalarning deportatsiyasi bilan bevosita bog‘liq.

Ro‘yxatlarda - ko‘plab taniqli shaxslar va tuzilmalar

Prezidentning birinchi farmoni sakkiz kishiga, jumladan Ukrainaning bir qator sobiq yuqori martabali amaldorlariga: sobiq bosh vazir Nikolay Azarov, sobiq deputat Oleg Tsarev, sobiq ta’lim va fan vaziri Dmitriy Tabachnik, shuningdek, Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan «rahbari» Sergey Aksenov va «LXR» deb nomlangan hudud «rahbari» Leonid Pasechnikka qarshi 10 yilga sanksiya qo‘llashni nazarda tutadi. 

Sanksiya ostiga tushgan tashkilotlar ro‘yxatiga Rossiyaning «Rosmolodej»i, «Rospatriotsentr» federal davlat budjet muassasasi, Qurilish vazirligi, «Molodaya gvardiya Yedinoy Rossii», shuningdek, bir qancha xayriya va ko‘ngilli tashkilotlar ham kirdi. Boshqa narsalar qatorida, sanksiyalar aktivlarni to‘liq bloklash, savdo operatsiyalarini cheklash, litsenziyalarni bekor qilish yoki to‘xtatib turish va kapitalni Ukrainadan tashqariga olib chiqishning oldini olishni nazarda tutadi. 

Prezident farmonlariga ko‘ra, Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqa mamlakatlar vakolatli organlarini sanksiyalar qo‘llanilgani to‘g‘risida xabardor qilish va «ular oldida shu kabi cheklovchi choralarni joriy etish masalasini ko‘tarish» topshirilgan. Vazirlar mahkamasi, «SBU» hamda Ukraina Milliy bankiga qabul qilingan qarorning bajarilishi va monitoringini ta’minlash topshirildi. 

Belarus Rossiyaning deportatsiya bo‘yicha ishonchli «yordamchisi» ekani aytilgan

Oliy rada vakolatli vakili Dmitriy Lubinetsning so‘zlariga ko‘ra, urush paytida Ukrainadan Rossiyaga deportatsiya qilingan 20 mingga yaqin bolalar aniqlangan. Belarus ukrainalik bolalarni deportatsiya qilishda Rossiyaga «yordam bermoqda». Belarus prezidenti Lukashenkoning topshirig‘iga ko‘ra, bolalar Rossiya orqali Belarusga, go‘yoki «salomatligini yaxshilash» uchun olib ketilmoqda. Aleksey Talay fondi ularni Belarus lagerlariga joylashtirishni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, Belarus Qizil Xoch jamiyati ukrainalik bolalarni Belarusga noqonuniy olib chiqishda ishtirok etyapti. 

Paralimpiyachi sportchi Aleksey Talay xayriya jamg‘armasi saytida jamg‘arma nogironlar, og‘ir kasallar, yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga har tomonlama yordam ko‘rsatayotgani aytilgan. Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, fond o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»ga yuborish uchun insonparvarlik yordamini yig‘ish bilan band bo‘lgan. Bundan tashqari, Talayning o‘ziga ko‘ra, uning tashkiloti Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan ushbu hududlardan bolalarni Belarusga olib kelyapti. 

Avvalroq Haagadagi Xalqaro jinoiy sud Mariya Lvova-Belovani Ukrainaning egallab olingan hududlaridan bolalar Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilingani uchun hibsga olishga order bergan edi. 

Mavzuga oid