Rossiyada bir oydan buyon yoqilg‘i taqchilligi kuzatilmoqda. Ukraina armiyasining neftni qayta ishlash zavodlari bo‘ylab to‘xtovsiz zarbalari neftni qayta ishlash hajmini keskin darajada qisqartirib yubordi. Ko‘plab yoqilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazilishi to‘xtab qoldi, hududlardagi rasmiylar esa uni sotishga cheklovlar o‘rnatdi, shu bilan bir vaqtda, iste’molchilarni talabni haddan tashqari oshirib yuborishda ayblamoqda. Inqirozning real ko‘lamini baholash qiyin, chunki Rossiya hukumati ko‘plab ma’lumotlarni ochiqlamayapti. «Meduza» nashri esa ochiq manbalar asosida yoqilg‘i taqchilligi qanday qilib deyarli butun mamlakatni qamrab olgani aks etgan xronikani tuzib chiqdi.

2026 yil 21 may

Kreml spikeri Dmitriy Peskov jurnalistlarga ukrain dronlarining neft-gaz sanoati obektlariga hujumlari tufayli yoqilg‘i taqchilligi kutilmayotganini aytdi. Bu vaqtda esa ulgurji bozorda benzin taqchilligi yuzaga kela boshlagandi: mustaqil yoqilg‘i quyish shoxobchalari menejerlari zaxiralarni to‘ldira olishmayotganidan shikoyat qilishayotgandi. Ukraina qurolli kuchlari mahalliy neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergan Ryazan oblastida chakana bozorda ham taqchillik kuzatilayotgandi.

2026 yil 31 may

Anneksiya qilingan Qrimda benzinni talon asosida sotish joriy etildi. Bir kun o‘tib hududdagi yirik zapravkalarda benzin tugab qoldi. Mahalliy aholi vakillari «Avito»da benzinning bir litrini 200-350 rubl narxda sotuvga qo‘ydi, bu rasmiy bahodan ikki baravar qimmat edi.

2026 yil 1 iyun

Rossiya ilk bor aviatsiya kerosini eksportini taqiqladi. Ko‘rinishidan, bu chora yordam bermagan: iyun oyi oxirlariga kelib «Azimut» aviakompaniyasi aviayoqilg‘i bilan bog‘liq og‘ir vaziyatdan shikoyat qildi, bunday sharoitda parvozlarni amalga oshirishda davom ettirishdan «ma’no yo‘qligi» ma’lum qilindi.

2026 yil 3 iyun

Moskva shahri va Moskva oblastida ham benzin sotuviga cheklovlar qo‘yilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu vaqtga kelib Sankt-Peterburgda, chegaradagi Belgorod va Kursk oblastlarida, shuningdek, Ukrainaning anneksiya qilingan barcha hududlarida ham yoqilg‘i taqchilligi turli darajada sezila boshlagandi.