Jahon | 13:13 / 22.11.2023
4307
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Belarus Estoniyaning YeXHT raisi etib saylanishiga qarshi chiqdi

Estoniyaning 2024 yilda YeXHT raisligi lavozimiga nomzodi uchun ovoz berishda Rossiya va Belarus vakillari veto qo‘ydi.

Foto: DW/Rosie Birchard

Rossiya va Belarus Estoniyaning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) navbatdagi raisi etib saylanishiga to‘sqinlik qildi. 21 noyabr, seshanba kuni YeXHT doimiy kengashining Venadagi yig‘ilishida ovoz berish chog‘ida Rossiya va Belarus vakillari Estoniya nomzodiga veto qo‘ydi, deb xabar berdi ERR Estoniya milliy telekanali mamlakat TIV rasmiy vakili Bretti Sarapuuga tayanib.

Estoniya Yevropa Ittifoqidan 2024 yilda YeXHTga raislik qilish uchun yagona nomzod edi. «Biz buni boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan albatta muhokama qilamiz», dedi Sarapuu. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelasi hafta Skopeda YeXHT tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi va kun tartibiga tashkilotning navbatdagi raisi masalasi kiritiladi. 

Estoniya TIV rahbari YeXHTni o‘z qadriyatlarini himoya qilishga chaqirdi 

O‘z navbatida, Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna YeXHT tarixidagi eng jiddiy inqiroz to‘g‘risida e’lon qildi. «Rossiya o‘z harakatlari bilan butun tashkilotning ishiga to‘sqinlik qilmoqda, chunki bir necha yillardan buyon Moskva tashkilot budjetini tasdiqlashga, YeXHT rasmiy tadbirlarini o‘tkazishga, dala missiyalarini uzaytirishga, shuningdek, bir necha yillardan buyon tashkilotning budjetini tasdiqlashga ruxsat bermayapti. Rossiya Ukrainadagi YeXHTning barcha missiyalarini to‘xtatishga urinyapti», - deya yozma izoh berdi Tsaxkna. 

Margus Tsakxna YeXHTning barcha tamoyillarini buzgan holda Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiya talablariga bo‘ysunishni nomaqbul deb atadi. «Ayni damda biz Rossiyani xalqaro maydonda har tomonlama izolyatsiya qilishimiz va Moskvaga mos keladigan yechimlarni izlamasligimiz kerak», dedi Estoniya vaziri va tashkilotni o‘z asosiy qadriyatlarini qat’iy himoya qilishga chaqirdi. 

May oyida Rossiyaning YeXHTdagi doimiy vakili Aleksandr Lukashevich Moskva Estoniyani dushman davlat deb bilishini, shu bois YeXHTning barcha 57 a’zosi manfaatlarini hisobga ololmasligini aytgan edi.

Mavzuga oid